Qonuniylashtirilayotgan nasha, tahqirlangan migrantlar va muhokamadagi haj – Markaziy Osiyo hafta ichida
Moskvadagi asosan qirg‘iz migrantlari bo‘lgan hammomda reyd o‘tkazilib, organ xodimlari muhojirlarni tahqirladi. Qirg‘iziston va Rossiya tashqi ishlar vazirliklari o‘zaro bayonot almashmoqda. Qozog‘istonda kannabis qonuniylashtirilishi kutilmoqda. Belarusda yashovchi turkman migrantlarning hujjatlari tekshiriladi. Hajga borish qoidalari o‘zgardi, tojikistonliklardan xorijiy kompaniyalar xizmatidan foydalanmaslik so‘ralmoqda. «Tolibon» Rossiyadan yo‘l ta’mirlashni so‘radi.

Qirg‘iziston sobiq prezidentiga hukm o‘qildi
Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev 11 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin edi, biroq u jazodan ozod etilgan. Gap shundaki, o‘tgan hafta sudda Atamboyev kriminal avtoritet Batukayev ishi bo‘yicha aybdor deb topildi, ammo da’vo muddati o‘tgani tufayli jazodan ozod etildi.
17 aprel kuni Qirg‘izistonning Bishkek shahrida sobiq prezident Almazbek Atamboyevga nisbatan «qonunga bepisand o‘g‘ri» deb atalmish Aziz Batukayevning noqonuniy ozodlikka chiqarilishi bilan bog‘liq ish bo‘yicha sud hukmi o‘qildi, deya xabar berdi mahalliy matbuot.
Atamboyev Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 319-moddasi (korrupsiya) bo‘yicha aybdor deb topilgan.
Aziz Batukayev 2006 yilda koloniyalardan birida ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlikda ayblanib, salkam 17 yilga qamalgan edi. To‘polon chog‘ida deputat Tinichbek Akmatboyev, Jazolarni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Iqmatulla Po‘latov va parlamentning ikki xodimi halok bo‘lgan. 2013 yilda Batukayevga qon saratoni kechki bosqich tashxisi qo‘yilgan tibbiy komissiya xulosasidan so‘ng ozodlikka chiqarilgan. U zudlik bilan mamlakatni tark etib, Chechenistonga, tarixiy vataniga jo‘nab ketgan. Tez orada tibbiy hujjatlar qalbaki ekani ma’lum bo‘ldi, ammo Qirg‘iziston rasmiylari Batukayevning ekstraditsiya qilinishiga erisholmadi.
Almazbek Atamboyev 2011-2017-yillarda Qirg‘iziston prezidenti lavozimida ishlagan, hokimiyat Sooronbay Jyeenbekovga o‘tganidan keyin ularning munosabatlari yomonlashgan va Atamboyev muxolifatga o‘tgan. 2019 yilda uning daxlsizligi olib tashlangan va u bir qancha jinoyatlarda ayblandi.
Atamboyev 2020 yil iyun oyida Batukayevni noqonuniy ravishda ozod qilishda aybdor deb topilib, mulkini musodara qilish va davlat mukofotlaridan mahrum qilish bilan 11 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum etilgan edi. 2023 yil 13 fevralda Qirg‘iziston Oliy sudi yangi ochilgan holatlar tufayli hukmni bekor qildi va ertasi kuni Atamboyevga xorijga chiqishga ruxsat berildi.
Qozog‘istonda kannabis qonuniylashtirilishi mumkin
Qozog‘istonda sanoatda foydalanish uchun texnik kannabis yetishtirishni qonuniylashtirish rejalashtirilmoqda. Bu haqida mahalliy matbuot davlat ichki ishlar vazirligiga tayanib xabar bermoqda. Yangilik faqat tarkibida yuqori miqdorda giyohvand moddalar bo‘lmagan texnik kannabisga taalluqli. U qonunchilik darajasida qat’iy tartibga solinadi.
Taklif etilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, sanoat miqyosida yetishtirish uchun kannabis tarkibidagi asosiy psixofaol komponent — tetragidrokannabinol miqdori uchun chegara belgilanadi.
Qozog‘iston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Sanjar Adilovning ta’kidlashicha, bunday miqdor giyohvandlik ta’sirini keltirib chiqarmaydi, shu sababli noqonuniy muomala uchun qiziqish ham uyg‘otmaydi.
Gap faqat sanoatda qayta ishlashga mo‘ljallangan texnik kannabis haqida bormoqda. Narkobiznesga qarshi kurashish qo‘mitasi to‘rtta litsenziya bergan, ulardan biri Qo‘stanay viloyatida amalga oshirilmoqda. U yerda tarkibida psixofaol modda bo‘lmagan sanoat kannabisini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, deya qo‘shimcha qilgan vazir o‘rinbosari.
Shuningdek, u ekish va kultivatsiyadan tortib qayta ishlash va tayyor mahsulotga kelgunga bo‘lgan butun jarayon Narkotik jinoyatchilikka qarshi kurashish qo‘mitasining qattiq nazorat ostida bo‘ladi.
Moskvada qirg‘iz kishining hammomida migrantlar tahqirlandi
O‘tgan hafta Moskvadagi hammomda yarim yalang‘och emaklab yurdirilib, tahqirlangan qirg‘iz migrantlari videosi Qirg‘iziston va Rossiya o‘rtasida siyosiy zo‘riqishni keltirib chiqardi. Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisini chaqirtirib, vaziyatga izoh so‘rab, elchiga rasmiy nota topshirdi. Unda fuqarolarga nisbatan kuch ishlatish choralari qo‘llangani to‘g‘risida ma’lumot taqdim etish va kuch ishlatish assosiz bo‘lgan taqdirda, buni qilganlarga chora ko‘rish talabi yozilgan.
Qirg‘iziston TIV o‘rinbosari Almaz Imangaziyev “Qirg‘iziston—Rossiya ittifoqchilik va strategik sheriklik munosabatlariga putur yetkazishi” mumkin bo‘lgan bunday vaziyatning oldini olishga ko‘maklashishni so‘ragan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa bunday shafqatsiz munosabatni “muhojirlarning huquq-tartibot idoralari xodimlariga qarshilik ko‘rsatgani” bilan izohladi.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, operatsiya davomida chet el fuqarolari huquq-tartibot idoralari xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan. Shu sababli ushbu xorijliklarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi. Bizning xavfsizlik idoralarimiz xodimlari Rossiya qonunchiligiga muvofiq vakolatlar doirasida harakat qilishgan, deya ma’lum qildi Rossiya TIV.
Ta’kidlanishicha, reyd rejali bo‘lib, muayyan mamlakat fuqarolariga qarshi qaratilmagan ekan.
Qirg‘izistonning inson huquqlari bo‘yicha vakili – ombudsman Jamila Jamanbayeva rossiyalik hamkasbi Tatyana Moskalkova bilan uchrashuv chog‘ida «Bodrost» hammom majmuasida kuch qo‘llash darajasi muvofiqligi borasida o‘z xavotirini bildirgan.
Kadrlarda huquq-tartibot idoralari xodimlari Qirg‘iziston fuqarolarini ommaviy ravishda hibsga olayotgani, kuch ishlatayotgani aks etgan. Bu qanchalik asosli degan savollar paydo bo‘lmoqda, dedi Qirg‘iziston ombudsmani Jamila Jamanbayeva.
Rossiya ombudsmani esa bunga allaqachon munosabat bildirganini va uning murojaatidan so‘ng Rossiya prokuraturasi va migratsiya idoralari «Bodrost»da sodir bo‘lgan voqeani tekshirishni boshlaganini ta’kidlagan.
Voqea Rossiya fuqaroligini olgan qirg‘iz hammomida sodir bo‘lgan. Tarqalgan foto va videolarda kuch tuzilmalari xodimlari niqob kiygan va qo‘llarida qizil tasma taqqan holda hammomdagi mijozlarni kaltaklayotgani, ularni yerga yuztuban yotqizib, sudralishga yoki tizzalab harakatlanishga majburlayotgani, hatto yotgan odamlar ustidan yurayotgani aks etgan.
Qirg‘iz tomoni Rossiyadan o‘z fuqarolarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rishni va kelajakda bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyada ayniqsa Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlarga qarshi shovinistik, zo‘ravonlik kayfiyati kuchayib bormoqda. Vaqti-vaqti bilan Davlat dumasi deputatlari bunday muhojirlarni haydab yuborishni taklif qiladi, vazirlik esa buni deputatlarning shaxsiy fikriga yo‘yadi. Prezidentlar ko‘rishganida migrantlarning qonuniy himoyasi haqida bekorga gaplashmayapti, albatta.
Belarus turkman migrantlarning hujjatlarini tekshiradi
Belarus ham migrantlarni tekshirmoqchi. Ma’lum bo‘lishicha, turkman fuqarolarining mamlakatda bo‘lish qonuniyligini tekshiradi. Bunga turkmanlarning yashash hujjatlarini soxtalashtirgani sabab bo‘lgan. Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yildan buyon to‘rtta taksi kompaniyasi turkmanlar va boshqa xorijliklarga soxta taklifnomalar va mehnat shartnomalarini sotish bilan shug‘ullanib, ular orqali viza, yashash uchun ruxsatnoma va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirgan. Belarusning BELTA axborot agentligi bu mavzu haqida xabar berdi. Tergov organlari yuzlab Turkmaniston fuqarolarining mamlakatda bo‘lishi qonuniyligini tekshiradi, deb yozadi agentlik. Soxta ish va soxta yashash ruxsatnomalari biznesiga muhojirlarning o‘zi ham aralashgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zlarining taksi kompaniyalariga xorijliklarni yollagan uch Minskli tadbirkorlar qo‘shimcha daromad manbasini o‘ylab topishgan. Ba’zi muhojirlar uchun ular mamlakatga taklifnomalar va mehnat shartnomalarini faqat qog‘ozda berishgan. «Mijozlar» mamlakatga viza olish uchun taklifnomalardan, vaqtinchalik yashash yoki yashash uchun ruxsatnoma olish uchun shartnomalardan foydalangan, biroq aslida ular bu kompaniyalarda ishlamagan.
Hujjatlar uchun dastlabki to‘lov 150 dollar, taxminan 3000 manat edi.
Chatlarda Belarusga muammosiz kirish va u yerda "byurokratik qog‘ozlar"siz yashash imkoniyati haqida reklamalar tarqatilgan. Shubhali shaxslar qo‘lga olinib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Qo‘lga olinganlar 7 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchilar tergovning aytganini qilmoqda, ularning ko‘rsatmasi asosida huquq-tartibot idoralari bu xizmatlardan foydalangan xorijliklarning hujjatlarini tekshiradi. Bir necha yuz kishi bor, aksariyati Turkmaniston fuqarolari. Belarus migratsiya qonunlarini buzish jarima va deportatsiya bilan jazolanadi va agar Turkmaniston fuqarolari ham bila turib soxta rasmiy hujjatlardan foydalanganlikda aybdor deb topilsa, ular ham jinoiy jazoga tortilib, hattoki, bir necha yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Belarusda yashab ishlovchi chet el fuqarolari ichida turkmanlar anchagina. Masalan, 2024 yilda turli mamlakatlardan Belarusga qariyb 17 ming kishi ishlagani kelgan. Shulardan 2 mingdan ortig‘i turkmanlar.
«Tolibon» Rossiyadan sovetlar qurgan yo‘lni ta’mirlashni so‘radi
«Tolibon» Rossiyadan sovetlar qurgan yo‘lni qayta ta’mirlashni so‘radi. Muvaqqat hukumat jamoat ishlari vaziri Muhammad Iso Soniy Afg‘onistondagi Rossiya elchisi Dmitriy Jirnov bilan uchrashuv o‘tkazgan. Muloqotda sovet muhandislari qurgan, strategik ahamiyatga ega Salang shossesini qayta qurish va u yerda yangi avtomobil yo‘li uchun tunnel barpo etish masalasi ham ko‘tarilgan.
Rossiyadan infratuzilma loyihalari uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, qurilish texnikasi, materiallar, jumladan bitum va temiryo‘l tarkibiy qismlari yetkazib berish borasida fikr almashilgan, deb yozadi OAV. Afg‘oniston jamoat ishlari vazirligi xabarida kelishicha, Rossiya elchisi o‘z mamlakatining ushbu sohalarda hamkorlikka tayyor ekanini bildirgan. «Tolibon» delegatsiyasi tashabbuslarni yanada batafsil muhokama qilish uchun Rossiyaga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Salang tunneli — Salang dovoni orqali mamlakatning janubiy va shimoliy hududlarini bog‘laydigan Afg‘onistonning eng muhim transport arteriyasidir. U 1958—1964 yillarda sovet muhandislari tomonidan qurilgan va hozirga qadar Afg‘oniston yo‘l tizimining asosiy bo‘g‘ini bo‘lib qolmoqda.
Tavsiya etamiz
No Partey, no party. «Arsenal» nega yutqazdi?
Sport | 13:50 / 30.04.2025
Fuqarolarga yoshga doir pensiyani tayinlash tartibi yengillashtirilyapti
O‘zbekiston | 11:37 / 30.04.2025
Toshkentda avtobuslar konditsioneri qachon yoqiladi?
O‘zbekiston | 20:40 / 29.04.2025
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘l tunneli qurilishi boshlandi
Jahon | 17:12 / 29.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Hindiston Pokiston samolyotlari uchun havo makonini yopdi
Jahon | 01:55
-
YeChL. "Barselona" ikki marta kambek qilib, "Inter"ga qarshi o‘yinda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi
Sport | 01:53
-
NATO razvedkasi: Rossiya armiyasiga har oy 30-40 ming kishi yollanmoqda
Jahon | 01:15
-
Urumchida O‘zbekiston-Xitoy iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi
Jahon | 01:01
Mavzuga oid

13:30 / 27.04.2025
Urush shov-shuvi, «Chashma» kelishuvi, chegaradan qaytgan turkman pomidori va safari qoldirilgan Meloni

10:20 / 13.04.2025
Oldi olingan to‘ntarish, qayta tekshiriladigan GES va qimmatlagan go‘sht - Markaziy Osiyo hafta ichida

16:01 / 30.03.2025
Qoidabuzarlarga tezkor imtihon, 100 foiz ovoz olgan Imomali va daladagi turkmanlar – Markaziy Osiyo hafta ichida

11:05 / 23.03.2025