Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BAAga aloqador kompaniya Trampning kripto biznesida katta ulushdor ekani ma’lum bo‘ldi
BAAning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Shayx Tahnun AQShdan qattiq qo‘riqlanadigan eng zamonaviy sun’iy intellekt chiplarini so‘rab kelgan, lekin Bayden ma’muriyati bu chiplar Xitoyning qo‘liga tushishidan xavfsirab, uni rad etgan. Tahnun Tramplar oilasining kripto kompaniyasiga 500 mln dollar kiritganidan 10 oy o‘tib, BAA o‘sha chiplarni qo‘lga kiritdi. AQSh prezidenti ma’muriyati manfaatlar to‘qnashuvini rad etmoqda.
Shayx Tahnun va Donald Tramp / Rasmiy tarqatma foto
Donald Trampning AQSh prezidenti sifatidagi ikkinchi muddati boshlanishiga 4 kun qolganda, Birlashgan Arab Amirliklari bilan aloqador investitsiya firmasi Tramplar oilasiga tegishli kriptovaluta kompaniyasining 49 foiz ulushini 500 mln dollarga sotib olgan. Bu haqda The Wall Street Journal surishtiruvida so‘z boradi.
Gap kriptoaktivlar bilan shug‘ullanuvchi World Liberty Financial nomli venchur kompaniya haqida ketmoqda – bu kompaniyaga prezident Tramp va uning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoffning oila a’zolari asos solgan. Uning salkam yarmini arablarga aloqador firmaga sotish haqidagi bitimni prezidentning o‘g‘li Erik Tramp imzolagan.
Tramplar oilasi va BAAga aloqador investorlar o‘rtasidagi biznes hamkorlik – prezident atrofidagi ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuviga oid yangi savollarni o‘rtaga chiqaryapti.
WSJ manbalarining so‘zlari va nashr o‘rgangan hujjatlarga ko‘ra, BAAning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi, mamlakatning suveren boylik jamg‘armasi raisi, qirollik oilasidan bo‘lmish Shayx Tahnun bin Zoid Ol Nahayonning vakillari kompaniyadagi ulush uchun oldindan to‘lov qilgan. Bunda, 187 mln dollar Tramplar oilasiga qarashli korxonalarga, kamida 31 mln dollar esa Uitkofflar oilasi korxonalari hisobiga tushgan.
“Bu kelishuvning Amerika siyosati uchun misli ko‘rilmagan jihati shundaki, xorijiy davlat rasmiysi hokimiyatga kelayotgan AQSh prezidentining kompaniyasida katta ulushdorga aylangan”, deb yozadi nashr.
Qayd etilishicha, Shayx Tahnun muqaddam AQShdan eng kuchli sun’iy intellekt chiplarini so‘rab kelgan, lekin aynan Tramplar kompaniyasiga qilingan investitsiyadan bir necha oy o‘tib, BAA Amerikaning qattiq qo‘riqlanadigan sun’iy intellekt chiplariga kirish huquqini olgan.
“Bayden ma’muriyati davrida Tahnunning SI chiplarini qo‘lga kiritishga urinishlari – bu nozik jihozlar Xitoyga uzatilishi mumkinligi haqidagi xavotirlar sabab rad etib kelingan. Xususan, bunday xavfsirashga asoslardan biri shunda ediki, Tahnunning SI bilan shug‘ullanuvchi G42 kompaniyasi Xitoyning sanksiya ostidagi Huawei va boshqa kompaniyalari bilan aloqa qilgan, shu sabab razvedka mulozimlari va qonunchilarda xavotir uyg‘otgan. Kompaniya 2023 yil oxirida Xitoy bilan aloqalarini uzganini aytgan bo‘lsa-da, xavotirlar saqlanib qolayotgan edi”, – deb yozadi Wall Street Journal.
2025 yil noyabr oyiga kelib, AQSh Savdo vazirligi Nvidia'ning eng zamonaviy SI chiplarini BAA kompaniyalariga eksport qilishga ruxsat bergan. Bu esa G42 kabi davlat bilan afillangan BAA kompaniyalariga Blackwell avlodidagi o‘n minglab chiplarni xavfsizlik va hisobdorlik shartlari asosida xarid qilishga yo‘l ochgan.
World Liberty aksiyalar xaridi bilan bog‘liq kelishuvni inkor qilmagan holda, bitimning SI chiplariga bog‘liqligini rad etdi.
“Bu kelishuv Administratsiyaning chiplarga oid harakatlariga bog‘liqligi haqidagi har qanday iddao – 100 foiz uydirma”, – deyiladi kompaniya izohida.
Jurnalistik surishtiruvga Oq uy ham munosabat bildirib, manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi xavotirlarni aritishga urindi.
“Prezident Tramp faqatgina Amerika xalqi manfaatlari yo‘lida harakat qiladi, shu sababli ham feyk tarqatuvchi nashrlarning unga va uning bizneslariga doir bir necha yillik yolg‘onlari va soxta ayblovlariga qaramay, xalq uni lavozimiga qayta sayladi. Prezident Trampning aktivlari ishonchli boshqaruvga berilgan va farzandlari tomonidan idora qilinadi. Manfaatlar to‘qnashuvi yo‘q”, – dedi Oq uy matbuot kotibi Anna Kelli dushanba kungi bayonotida.
Oq uy maslahatchisi Devid Uorrington esa CNN'ga bergan izohida Stiv Uitkoffga nisbatan gumonlarni rad etdi.
Mavzuga oid
15:29
Tramp Makron va uning rafiqasini masxara qildi. Fransiya yetakchisi javob qaytardi
13:13
Yaqin Sharqdagi urush: Erondagi eng baland ko‘prik vayron qilindi
23:32 / 02.04.2026
AQSh bosh prokurori Pem Bondi iste’foga chiqadi
21:32 / 02.04.2026