Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Nomzod saylovgacha saylanishi kerak» - Sotsiolog Husniddin Mamadiyev bilan saylovlar va unda saylovchi ishtiroki haqida suhbat
O‘zbekistonda prezidentlik saylovi yaqinlashmoqda. Ayni kunlarda prezidentlikka nomzodlar saylovoldi uchrashuvlarida ishtirok etmoqda.
Albatta, nomzodlarning targ‘iboti yaxshi, bu juda muhim jarayon, lekin ayni shu jarayonda e'tibor qaratish kerak bo‘lgan yana bir muhim omil borki, bu saylovda saylovchilarning (yavka) ishtiroki, ularni bunga jalb etish masalasi.
Xo‘sh, saylovchilarni saylovga keng jalb qilish shartlari qanday? Bu borada rivojlangan demokratik davlatlar qanday siyosiy texnologiya usullarini qo‘llaydi?
Ayrim jamiyatlarda aholi nega saylovlarga qiziqish bildirmaydi? Saylovoldi jarayonlarida nomzodlar va partiyalar yo‘l qo‘yadigan xatolar nimalar? G‘arb va sharq jamiyatlarining saylov bo‘yicha qarashlaridagi farq nimalarda aks etadi?
Kun.uz o‘zbekistonlik sotsiolog Husniddin Mamadiyev bilan ayni shu mavzular atrofida suhbat tashkil qildi.
— Husniddin aka, sharq va g‘arbda saylovlarga munosabat borasida farq katta deyishadi. Munosabatlar o‘rtasidagi farq nimalarda ko‘rinadi, sizningcha?
— Biz bugun demokratiya, demokratik jamiyat, undagi islohotlar haqida gapiryapmiz va ayni paytda yashayapmiz.
Bugungi kunga qadar insoniyat avtokratik, totalitar, sotsialistik, monarxik jamiyatlarda yashab ko‘rdi. Lekin u demokratik jamiyatdan ko‘ra afzalroq, ustunroq va samaraliroq jamiyatni hali kashf qilgani yo‘q. Shuning uchun ham bugun aksariyat jamiyatlar demokratik jamiyatlarda yashamoqda.
Demokratik jamiyatning asosiy belgisi – bu saylovlardir. Shuningdek, OAV erkinligi, fikr, so‘z erkinligi ham demokratiyaning belgilari hisoblanadi.

G‘arbda va sharqda saylovga munosabatdagi asosiy farq uni anglashda ko‘zga tashlanadi. Masalan, sharqda aholi saylovda ishtirok etishni o‘ziga burch deb biladi (ya'ni ijtimoiy munosabat shaklida qaraydi), g‘arbda esa odamlar uni siyosiy ishtirok deb qaraydi.
Sotsiolog olim Gerbert Spenserning shunday nazariyasi borki, unga ko‘ra, ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi tizim bu ijtimoiy institutlardir. Ijtimoiy institutlarni tartibga soluvchi jarayon esa saylovlardir. Ya'ni saylovlar orqali ularga baho beramiz.
G‘arbning sharqdan ustun jihati unda ijtimoiy institutlar rivojlangan.
Ya'ni odamlarning saylovlarda ishtirok etishi odamlarning ijtimoiy munosabatlardagi hayot mazmunidir.
— Butun dunyodagi saylovlarda saylovchilarning (yavka) ishtiroki eng muhim jihat hisoblanadi. Suhbatimizni shu mavzuga ko‘chirsak.
— Albatta, saylovdagi eng muhim jihat bu unda saylovchilar ishtiroki. Undanam muhim jihati esa saylovchining avvalo saylovda ishtirok etishi. Masalan, AQShdagi oxirgi prezidentlik saylovlaridan oldin 18-25 yoshlilar o‘rtasida bir ijtimoiy so‘rov o‘tkazilgan. So‘rovnoma shunday tuzilgan edi: Kimni tanlaysiz, Baydenmi yoki Trampmi? Qarangki, so‘rovnomada qatnashganlarning 78,2 foizi menga farqi yo‘q degan javobni berishadi.
Bu bir qarashda yoshlarning siyosatga befarqligi deb qarash ham mumkin, lekin achinarli jihati shundaki, jamiyatda loqayd insonlarning mana shuncha toifasi mavjudligidir. Shu ma'noda saylovlarda aholining kam ishtirok etishi jamiyatda loqaydlarning ko‘payib ketgani yoki davlat va jamiyat o‘rtasidagi bog‘liqlik yo‘qolib borayotganini bildiradi.
— Keyingi savolim ayni shu mavzuda edi. Xo‘sh, sotsiologiyada odamlarning saylovlarda qatnashmasligi sabablari nimalarda aks etadi?

— Bu juda ko‘p jihatlarni anglatadi. Ammo barcha demokratik jamiyatlarda e'tirof etiladigan bir jihat borki, bu partiyalarning dasturlaridagi umumiylik, targ‘ibotlarning kamligi.
Agar dunyoda insonlarning tafakkur tarzi kengayib ketishi yoki siyosiy texnologiyalarning takomillashishi nuqtayi nazaridan fikrlasak, boshqa sabablar ham bor. Masalan, avvalgi saylovda saylovchiga berilgan va'dalarning amalga oshmagani. Shuningdek, avvalgi saylovda saylovchi bergan ishonchning nomzod tomonidan oqlanmagani. Bunda yana bir muhim jihat borki, bu saylovga qiziqtiruvchi institutlarning yaxshi ishlamasligi.
Bizda saylovga qiziqtirish desa ko‘pchilik ko‘chadagi banner, televideniyeda chiqish deb tushunadi. Yo‘q, bunday emas.
Ko‘pchilik dunyo davlatlarida aholining ijtimoiy hayotiga kirib borishda ijtimoiy institutlar bilan ishlaydi va shu orqali natijaga erishiladi. Ya'ni oxir-oqibatda ijtimoiy institut saylovda qatnashsa, uning a'zolari ham albatta ishtirok etadi.
Xulosa sifatida odamlarning saylovda qatnashmasligiga unda ishtirok etishga bo‘lgan sabablarning kamayib ketgani sabab bo‘ladi.
— Saylovlarda saylovchilarning ishtiroki haqida gapirar ekanmiz, bu jarayonda siyosiy partiyalarning ham o‘rni katta. Afsuski, bizda partiyalarning mana shu boradagi xizmatlarini yetarli deb bo‘lmaydi.
— Fikringizga qo‘shilaman. Haqiqatan ham, O‘zbekistondagi siyosiy partiyalarning aksariyat qismi umumiy dasturlar bilan chegaralanib qoladi. Bundan tashqari, partiyalarning targ‘ibot tadbirlarda ham bir xillikni kuzatamiz.
Bu borada rivojlangan demokratik davlatlarning siyosiy partiyalari qanday ishlaydi? Ularning dasturida aholini saylovlarga qiziqtiruvchi alohida yo‘nalish, texnologiyalar bor.
Bu jarayonda debatlarning ham o‘rni katta. Aynan debatlarda partiyalar taqdim etayotgan dasturlarning yutuq va kamchiliklari ko‘rinadi. Chunki raqib partiyalar bir-birining dasturiga tanqidiy qarash bilan yondashadi.

— Haqsiz, odamlar nomzodlarning dasturlari. Pozitsiyalari o‘rtasida to‘qnashuvlarni ko‘rsagina saylovga qiziqadi.
— Ha, debat paytida partiyalar o‘z raqibining kuchsiz jihatlari, amalga oshirolmaydigan lekin berayotgan va'dalarini ko‘rsatib beradi. Bu esa saylovlarda saylovchining ishtirokiga o‘zining katta ta'sirini o‘tkazadi.
Bu jarayonga xorijda katta siyosiy texnologiya sifatida qaraladi.
Fikrimcha, bizdagi siyosiy partiyalar faoliyatidagi sustkashlik va faqat saylovlar paytida paydo bo‘lib qolishi katta muammo. Partiya faqat saylov paytida paydo bo‘lar ekan, uning tarafdori ham faqat saylovlar paytida paydo bo‘ladi. Bu esa siyosiy partiyaga berilgan juda katta salbiy bahodir.
Partiyalarning saylovda saylovchi ishtirokining kam bo‘lishiga sabab bo‘ladigan eng katta xatosi shundaki, ular saylov kuni yoki saylovga yaqin qolganda tug‘ilgan dasturlar bilan saylovda qatnashadi.
Men nomzod saylovgacha saylanishi kerak degan fikrdaman. Ha, siyosiy partiya nomzodi aynan saylovgacha saylanishi kerak. Bu – partiya 5 yil davomida tinimsiz ishlashi kerak degani. Saylov kuni esa natijalarni demokratik tamoyillar uchungina rasmiylashtirib qo‘yish kerak. Ammo bunday holat juda kam jamiyatlarda mavjud.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Muhiddin Qurbonov.
Mavzuga oid
18:38 / 17.02.2026
Qirg‘izistonda Konstitutsiyaviy sud navbatdagi prezidentlik saylovi sanasiga aniqlik kiritdi
11:58 / 12.02.2026
Zelenskiy saylovlar haqidagi xabarlarni inkor qildi
19:02 / 11.02.2026
AQSh Kiyevdan bahorda prezidentlik saylovlari va referendum o‘tkazishni talab qilmoqda
16:06 / 09.02.2026