Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Kiyevdan bahorda prezidentlik saylovlari va referendum o‘tkazishni talab qilmoqda
Zelenskiy urushning to‘rt yilligida bu haqda e’lon qilishi mumkin.
Foto: Reuters
Ukraina AQSh prezidenti ma’muriyati bosimi ostida joriy yilning 15 mayiga qadar prezidentlik saylovlari va Rossiya bilan tinchlik kelishuvi bo‘yicha referendum o‘tkazishni rejalashtirishni boshlagan. Bu haqda Britaniyaning Financial Times gazetasi xabar berdi.
FT jurnalistlari bilan anonim tarzda suhbatlashgan rasmiylarga ko‘ra, Zelenskiy 24 fevral kuni, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganiga to‘rt yil to‘lgan kunda prezidentlik saylovlari va referendum o‘tkazish rejasini e’lon qilmoqchi.
Gazeta suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Donald Tramp ma’muriyati tinchlik muzokaralarini bahorda yakunlash maqsadida Kiyevga jiddiy bosim uyushtirmoqda va aks holda Ukraina AQSh taqdim etadigan «xavfsizlik kafolatlaridan mahrum bo‘lishi» bilan qo‘rqitmoqda. Tramp Kiyevga xavfsizlik kafolatlari – «Donbass bo‘yicha yon berishni talab qilishi mumkin bo‘lgan» va Vashington 15 maygacha yakunlamoqchi bo‘lgan kengroq tinchlik kelishuviga erishishga bog‘liqligini bildirgan, deya yozadi nashr.
AQShning xavfsizlik kafolatlari Donbassni Rossiyaga topshirishni nazarda tutuvchi kelishuv bilan bog‘liqligi haqida FT yanvar oyi oxirida ham yozgan edi. Reuters esa o‘z manbasiga tayanib, Rossiya bilan tinchlik kelishuvlariga erishishni Kiyev AQShdan xavfsizlik kafolatlarini olishi uchun zarur shart deb atagandi.
FT Zelenskiyning yaqinda bergan bayonotlari ham bunga mos kelishini qayd etgan. 4–5 fevral kunlari Abu-Dabida Ukraina, Rossiya va AQSh vakillarining uchtomonlama uchrashuvidan keyin Zelenskiy Amerika tomoni urushni iyunga qadar yakunlamoqchi ekani va shundan keyin bor e’tiborini noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlarga qaratishi, shu tufayli «ushbu grafik muvofiq tarzda» bosim o‘tkazishi mumkinligi haqida gapirgandi. O‘shanda Zelenskiy Rossiya Ukraina qurolli kuchlarini Donbassdan olib chiqishni talab qilishda davom etayotgani, ammo Kiyev «qayerda turgan bo‘lsak, o‘sha yerda qolamiz» prinsipiga amal qilishni taklif etayotganini qayd etgandi.
Zelenskiyga yaqin manbalarning so‘zlariga ko‘ra, u va uning jamoasi urush davrida saylovlarni eng qisqa vaqt ichida o‘tkazishning murakkabliklariga qaramay, Oq uyga bunday grafikka tayyorligini bildirgan.
Ukraina va Yevropa rasmiylariga ko‘ra, Zelenskiy 24 fevral – urushning to‘rt yilligi kunida saylovlar va referendum o‘tkazilishi haqida e’lon qilmoqchi. Biroq FT manbalari fikricha, AQSh bu grafikka rioya qilishi va o‘z ultimatumida qat’iy turishi dargumon, chunki urushning tugashi bir qancha omillarga, jumladan, Vladimir Putin bilan tinchlik kelishuviga erishish imkoniyatlariga bog‘liq.
Ukrainada saylov o‘tkazish – Moskvaning AQShning yangi ma’muriyati bilan muzokaralardagi dastlabki talablaridan biri edi. Ukraina va Yevropadagi ko‘plab siyosatchilar hamda sharhlovchilar fikriga ko‘ra, Moskva urush davridagi saylovlar Ukrainani ichkaridan yanada beqarorlashtiradi, deb hisoblamoqda.
FT jurnalistlari agar Ukraina haqiqatan ham saylovlar o‘tkazishga rozi bo‘lsa, bu Zelenskiy tomonidan jiddiy yon berish bo‘lishini ta’kidlaydi – chunki u bir necha bor mamlakatda harbiy holat davom etayotgan, millionlab ukrainlar urushdan mamlakat g‘arbi va xorijga qochib ketgan, mamlakat hududining taxminan 20 foizi Rossiya tomonidan bosib olingan sharoitda saylovlar o‘tkazish mumkin emasligini aytgandi.
Zelenskiyning ofisi FT nashrining bu masaladagi so‘rovini izohsiz qoldirgan. «RBK-Ukraina»ning Zelenskiy jamoasidagi manbasi esa material e’lon qilinganidan keyingi munosabatida shunday degan: «Xavfsizlik ta’minlanmas ekan, saylovlar haqidagi e’lon ham bo‘lmaydi».
«Ukrinform» davlat agentligi ham prezident ofisidagi manbasining so‘zlarini keltiradi: «Agar rossiyaliklar har kuni o‘ldirayotgan bo‘lsa, qanday qilib yaqin haftalarda saylovlarni e’lon qilish yoki jiddiy ko‘rib chiqish mumkin. Saylovga hech kim qarshi emas, lekin xavfsizlik bo‘lishi kerak».
Zelenskiy ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak ham Breakfast Show kanaliga bergan intervyusida saylovlar kuni e’lon qilinishiga shubha bildirdi hamda saylovlar o‘tkazish – urushning faol bosqichi va raketa-dron zarbalarini to‘xtatishni talab qilishini aytdi. «Agar urushning faol bosqichi yakunlanmasa, odamlar nomzod bo‘lish huquqidan ham foydalana olmaydi», dedi Podolyak. Bundan tashqari, Ukrainadagi hozirgi vaziyatni hisobga olgan holda ovoz berish tizimini to‘liq qayta qurish kerak va buning uchun mablag‘ talab etiladi.