Jahon | 07:23 / 27.10.2018
10667
2 daqiqa o‘qiladi

To‘rt davlat rahbarlari Istanbulda Suriya bo‘yicha muzokara o‘tkazadi

Foto: RIA Novosti / Mixail Voskresenskiy

Istanbulda Turkiya, Rossiya, Fransiya prezidentlari va Germaniya kansleri o‘rtasida Suriya masalasi bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tadi.  

Turkiya prezidenti matbuot kotibi Ibrohim Qalinning bildirishicha, Anqara ushbu uchrashuvdan Suriya bo‘yicha yo‘l xaritasi va konstitutsiya loyihasi borasida kelishuvni kutmoqda. 

"Mazkur sammitda Suriyadagi vaziyatni qanday siyosiy shaklda hal qilish mumkinligini ishlab chiqishni muhokama qilishga e'tibor qaratamiz. Sammit doirasida Suriya bo‘yicha yo‘l xaritasi va konstitutsiyasining asosiy moddalari borasida kelishuvga erishilishini kutmoqdamiz", — dedi Qalin.

Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar sammit doirasida rossiyalik hamkasbi Sergey Shoygu bilan uchrashishini va u bilan Suriyadagi vaziyatni barqarorlashtirishni muhokama qilishini bildirdi. 

"Biz Idlibda aholi tinch va xotirjam yashashini ta'minlashni istaymiz. Shanba kuni Sergey Shoygu bilan bu va boshqa masalalarni muhokama qilamiz va o‘ylaymanki, mazkur uchrashuvdan so‘ng Suriyadagi vaziyat barqarorlashishi tezlashadi", — dedi Akar.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid