O‘zbekiston | 21:58 / 18.11.2020
24460
3 daqiqa o‘qiladi

 «Poytaxtbank» Jahongir Ortiqxo‘jayev egalik qiladigan kompaniyaga 20 milliard so‘m kredit berganini inkor etdi

«Poytaxtbank» aksiyadorlik jamiyati tomonidan «J-United Group» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga bank krediti ajratilgani inkor etildi. Avvalroq, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev egalik qiladigan mazkur kompaniya bankdan 20 milliard so‘m kredit olgani haqida ma'lumot paydo bo‘lgandi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev / Foto: KUN.UZ

«Poytaxtbank» AJ boshqaruv raisi Majid Tohirov imzosi bilan tasdiqlangan bank bayonotida «J-United Group»ga kredit berilgani haqidagi xabar inkor etildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Korporativ yagona axborot portalida «Poytaxtbank»ning «J-United Group» MChJ aylanma mablag‘ resurslarini to‘ldirish maqsadida kompaniyaga 20 milliard so‘m kredit ajratgani haqida xabar joylashtirilgandi. Ushbu xabar ijtimoiy tarmoq va OAVda e'lon qilingandan so‘ng, bank vakillari rasmiy bayonot bilan chiqdi.

«MChJ bugungi kunga qadar «Poytaxtbank»da hisobraqam ochmagan va ushbu tashkilot bank mijozi hisoblanmaydi. Rasman ma'lum qilamizki, «Poytaxtbank» AJ tomonidan «J-United Group» MChJga kredit ajratilganligi haqidagi ma'lumot haqiqatga muvofiq emas. Ushbu ma'lumot texnik xatolik sabab openinfo.uz tizimiga noto‘g‘ri kiritilgan», — deyiladi bayonot matnida.

Ma'lumot uchun, «J-United Group» MChJning yagona ta'sischisi va ustav fondidagi 100 foiz ulush Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli. «Poytaxtbank» AJ esa Toshkent shahar hokimining 2018 yildagi buyrug‘i bilan o‘z ish faoliyatini boshlagan. Bank ustav kapitali Toshkent shahar hokimligi tomonidan shakllantirilgan.

18 noyabr soat 18:00 holatiga ko‘ra, Korporativ yagona axborot portalida e'lon qilingan ushbu ma'lumotga olib kiruvchi sayt havolasi ishlamayapti.

Adliya vazirligida 2012 yil 31 iyulda 2383-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan Qimmatli qog‘ozlar bozorida axborot taqdim etish va e'lon qilish qoidalariga muvofiq, qimmatli qog‘ozlar emitentlari ma'lumotni Korporativ axborot yagona portalida (www.openinfo.uz) joylashtirish orqali oshkor qilishadi. Portalga joylashtirilgan muhim faktlar, choraklik va yillik hisobotlar portalda saqlanib qolinadi, o‘chirilmaydi va tahrirlanmasligi belgilangan.

Mavzuga oid