Jahon | 22:10 / 27.11.2023
12862
7 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada bo‘ron, Rossiyaga dronlar hujumi, G‘azoda otashkesim - Kun dayjesti

Kun davomida jahonning eng qaynoq nuqtalarida ro‘y bergan ahamiyatli voqea va hodisalar, jahon yetakchilarining voqealarga munosabati haqidagi qisqacha sharh bilan tanishtirishda davom etamiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

G‘azoda otashkesim rejimiga amal qilinmoqda. Garovdagilar evaziga mahbuslar almashinuvi davom ettirilmoqda

24 noyabrdan buyon davom etayotgan to‘rt kunlik muvaqqat otashkesim rejimi davrida HAMAS harakati 7 oktyabr kuni garovga olinganlar orasidan 50 nafar ayol va bolani Isroilga topshirishi kerak. Isroil 150 nafar falastinlik mahbuslarni — asosan ayollar va o‘smirlarni qamoqxonalardan ozod qilishga rozi bo‘lgan.

Otashkesimning dastlabki ikki kunida, 24 va 25 noyabr kunlari HAMAS jami 26 nafar isroillik, shuningdek, 14 nafar tailandlik va bir filippinlikni ozod qildi. O‘z navbatida, Isroil 78 nafar falastinlik mahbusni qo‘yib yubordi.

Isroil kecha garovda ushlab turilganlarning yangi guruhi ozod qilinganini tasdiqladi. 26 noyabr kuni TsAHAL Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi G‘azoda garovda ushlab turilgan 17 kishidan iborat guruhni qabul qilganini ta’kidlagan. Ularning 14 nafari Isroil fuqarosi va yana uch nafari xorijlik.

Isroil esa Falastinga 39 nafar mahbusni qaytargan. Ularning katta qismi voyaga yetmagan bolalar.

HAMAS Isroil bilan muvaqqat sulhni «ikki kundan to‘rt kungacha» cho‘zishga tayyorligini ham ma’lum qilgan. Bu holatda HAMAS yana 40 kishi, jumladan ayollar va bolalarni ozod qilishga tayyor.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham G‘azoda kuniga 10 nafar garovdagilar ozod qilinishi uchun otashkesimni uzaytirish imkoniyatini ijobiy baholashini ta’kidlagan.

Aftidan, bundan ko‘zlangan maqsad — HAMAS qo‘lida garovda ushlab turilganlarning barchasini ozod qilish, hozircha o‘t ochishni butunlay to‘xtatish haqida gap bormayapti.

Turkiya va Eron prezidentlari telefon orqali gaplashdi

Islom olami Isroilga qarshi umumiy pozitsiyani egallashi kerak, — degan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an suhbat chog‘ida.

«G‘azo xalqi anklavning kelajagi borasida shu yerlik xalq tomonidan saylangan HAMAS hukumati vositasida qaror qabul qilishi lozim. AQSh bunga aralashishga yoki G‘azo xalqi nomidan qandaydir qaror chiqarishga haqqi yo‘q, ularning bu boradagi har qanday harakati barbod bo‘lishi tayin», — degan Eron prezidenti Ibrohim Raisiy.

AQSh G‘azo sektoridagi gumanitar pauzani saqlab qolishni yoqlamoqda. AQSh prezidenti Jo Bayden administratsiyasi HAMAS va Isroil o‘rtasida asirlar almashinuvi jarayonida G‘azo sektoridagi o‘t ochishdan to‘xtash rejimi yanada davom ettirilishini yoqlab chiqish qilgan.

«Bizning maqsadimiz indinga tugaydigan otashkesimdan keyin ham bu pauzani cho‘zish. Yanada ko‘proq garovdagilar ozod qilinayotgani, ehtiyojmandlar va G‘azo sektoridagilarga yanada ko‘proq insonparvarlik yordami yetkazilayotganini ko‘rishda davom etishimiz kerak», — degan Bayden.

Ukraina fronti

Ayni paytda jang bo‘layotgan va unga yaqin hududlarda ob-havo keskin yomonlashishi kuzatilmoqda.

Volodimir Zelenskiy Ukrainaning o‘nta oblasti kuchli qor bo‘roni tufayli 400 ga yaqin aholi punktlari elektr ta’minotisiz qolganini ma’lum qilgan.

Ukrainaning g‘arbiy qismidan kirib kelgan qor bo‘roni sharq tomon harakatlanmoqda. Yo‘llarda harakat qiyinlashgan. Muhim avtotrassalar yopilib qolgan. Moldova bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktlari ham yopilgan. Odessa, Mikolayiv va bir qator oblastlarda, jumladan poytaxt Kiyevda maktablarda darslarni masofaviy o‘qitishga o‘tkazishga qaror qilingan.

Kuchli qor bo‘roni Ruminiya, Bolgariya va Moldovada ham yuzlab aholi punktlari elektr ta’minotidan uzilib qolishiga, ayrim milliy avtomagistrallarda transport harakati to‘sib qo‘yilishiga sabab bo‘lgan. Moldovada kamida bir kishi halok bo‘lgani ma’lum qilingan. Bolgariyada ikki kishi vafot etgan. Mamlakatning katta qismida favqulodda holat e’lon qilingan.

Qrimda ham ob-havo yomon

Qora dengizda so‘nggi 100 yil ichidagi eng kuchli dengiz dovuli kuzatildi. Uning episentri aynan Qrim yarimoroli yaqinida hosil bo‘lgan. Tezligi soatiga 115 kilometrdan 130 kilometrgacha yetgan kuchli shamol va to‘fon tufayli Qora dengizda balandligi 9 metrga yetadigan to‘lqinlar yuzaga kelgan.

Qrimda qirg‘oqqa yopirilgan ulkan to‘lqinlar infratuzilmalarga, xususan temiryo‘l liniyalariga zarar yetkazgan.

Xususan, Yevpatoriya shahrida Rossiya armiyasi tomonidan himoyalanish uchun sohilda barpo etilgan okoplar va fortifikatsion qurilmalarni dengiz yuvib ketgan.

Sevastopoldagi akvarium muzeyni suv bosgan. 500 dan ziyod dengiz jonivorlari nobud bo‘lgan.

Qrimda kuchli shamol tufayli trolleybus liniyalari, shuningdek, elektr uzatish liniyalar ishdan chiqqan. Qrimda 400 mingdan ziyod inson chiroqsiz qolgan. Bir kishi halok bo‘lgani aytilmoqda.

27 noyabr kuni Qrimda dam olish kuni deb e’lon qilindi. Sevastopolda maktablar, bog‘chalar, ijtimoiy soha obektlari ishlamadi.

Qora dengiz sohilida joylashgan shaharlarning qirg‘oqqa yaqin qismlarini suv bosgan. Zaporijjya oblastining Rossiya nazorati ostidagi qismida 37 ming, DXRda 525 ming abonent elektr energiyasidan uzilgan.

Kuchli shamol tufayli Sochi aeroporti faoliyatida ham uzilish kuzatilgan. O‘ndan ziyod aviareyslar Mineralniye Vodi zaxira aeroportiga yo‘naltirilgan. Ayni paytda aeroport ishi tiklangan.

Rossiyaga dronlar hujumi

Rossiya Mudofaa vazirligi mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimi yakshanba kuni Moskva shahri ostonasida, shuningdek, Tula, Kaluga Smolensk va Bryansk oblastlarida Ukrainaga tegishli 24 ta dronni urib tushirganini ma’lum qildi.

Ukraina 641 kundan buyon davom etayotgan urush davomida ilk marta Rossiyada tinch aholi vakilini yarador qilgani ma’lum bo‘ldi.

Ukrainadan Rossiya bo‘ylab uchirilgan dronlardan biri Tula shahrida turarjoy binosiga borib urilgan va u yerda istiqomat qilayotgan tinch aholi vakillaridan biri yarador bo‘lgan.

Avvalroq BMT Ukrainada urush boshlanganidan buyon 10 mingdan ortiq tinch aholi vakillari halok bo‘lganini tasdiqlagani e’lon qilingandi. Ularning 560 nafari bolalar. BMT monitoring missiyasi Ukrainada 18,5 ming tinch aholi vakili yaralanganini ham qayd etgan.

Mavzuga oid