Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampning pulli «kengashi», Xitoyda kamayayotgan aholi, qamoqdan qochgan IShIDchilar va Kamchatkada 2 metr qor – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Trampning Tinchlik kengashi
AQSh prezidenti Donald Tramp o‘nlab davlatlar rahbarlariga G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasining keyingi bosqichini nazorat qiladigan yangi «Tinchlik kengashi»ga qo‘shilish taklifini yubordi.
Fransiya, Isroil, Vetnam, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Rossiya, Belarus, Sloveniya, Tailand va Yevropa Ittifoqining ijro etuvchi organi ham taklifnoma olganlar qatorida. A’zo bo‘lish uchun Tramp 1 milliard dollar so‘rayotgan kengashga nechta yetakchi taklif etilgani aniq emas.
O‘zaro kelishmovchiliklarga ega davlatlarga ham takliflar yuborilayotgani kengashning vakolatlari va qaror qabul qilish mexanizmlariga oid savollarni keltirib chiqarmoqda.
Taklif xatlarida Tramp tomonidan kiritilgan kengash «global mojarolarni hal etishda jasur va mutlaqo yangi yondashuvni boshlaydi», deyilgan. Ko‘plab davlatlar Trampning taklifi tafsilotlarini o‘rganmoqda, ba’zilari esa qabul qilgan. Lekin 1 milliard dollarlik badal masalasi ham ochiq qolgan.
Ismi oshkor etilmagan AQSh rasmiysining AP’ga aytishicha, 1 milliard dollar miqdoridagi hissa kengashda doimiy a’zolikni ta’minlaydi va bu mablag‘ G‘azoni tiklashga yo‘naltiriladi. Uch yillik a’zolik esa moliyaviy badal talab qilmaydi.
AQSh rasmiy a’zolar ro‘yxatini yaqin kunlarda, ehtimol, Shveytsariyaning Davos shahrida o‘tkaziladigan forumda e’lon qilishi kutilmoqda. Isroilning o‘ta o‘ng qarashlari bilan tanilgan moliya vaziri Bezalel Smotrich Tinchlik kengashini Isroil uchun noqulay kelishuv deb atab, uni tugatishga chaqirdi.
Jahon banki hisobotiga ko‘ra, G‘azo sektorini qayta tiklash uchun 53 milliard dollar kerak bo‘ladi. Ayrim nodavlat tashkilotlar G‘azoda faoliyatini «sezilarli darajada kengaytirgan», biroq vaziyat o‘ta nozikligicha qolmoqda. Aholining 77 foizi kuchli darajada oziq-ovqat yetishmovchiligi bilan yuzlashmoqda.
Xitoy aholisi kamaymoqda
2025 yil Xitoyda tug‘ilish darajasi rekord darajada past ko‘rsatkichga tushdi. Dushanba kuni e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, tug‘ilish darajasi har 1 000 kishiga 5,63 taga tushdi. Bu — 1949 yildan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich. O‘lim darajasi esa har 1 000 kishiga 8,04 taga yetib, 1968 yildan beri eng yuqori darajani ko‘rsatdi.
2025 yil oxiriga kelib mamlakat aholisi 3,39 million kishiga qisqarib, 1,4 milliardni tashkil etdi.
Aholining qarib borishi va iqtisodiyotning sustlashuvi sharoitida Pekin yoshlarni ko‘proq turmush qurish va farzand ko‘rishga faol undamoqda. 2016 yilda Xitoy uzoq yillar amal qilgan bir farzand siyosatini bekor qilib, ikki farzand cheklovini joriy etdi. 2021 yilda har bir juftlikka uch farzand ko‘rishga ruxsat berilgan.
So‘nggi paytlarda Xitoy uch yoshgacha bo‘lgan har bir farzand uchun ota-onalarga 500 dollar to‘lashni taklif qildi. Ayrim viloyatlar ham qo‘shimcha to‘lovlar va uzaytirilgan ta’tilni joriy qilmoqda.
Tadqiqotlarga ko‘ra, 2024 yilda Xitoy farzand tarbiyalash eng qimmatga tushadigan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Biroq ayrim xitoyliklar farzand ko‘rishga — yoshlarning “erkin hayot istagi” ham to‘sqinlik qilayotganini aytgan.
BMT ekspertlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2100 yilga borib Xitoy hozirgi aholisining yarmidan ko‘pini yo‘qotadi.
Aholining qisqarishi dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyot uchun salbiy oqibatlarga ega: u allaqachon kamayib borayotgan ishchi kuchi va zaif iste’mol kayfiyatini kuchaytiradi.
Ispaniyadagi halokat tafsilotlari
Yakshanba kuni Ispaniyada sodir bo‘lgan yuqori tezlikdagi poyezdlar to‘qnashuvida oqibatida halok bo‘lganlar soni 39 nafarga yetdi.
O‘sha kuni relsdan chiqqan vagonlar qarama-qarshi yo‘nalishda 200 km/soat tezlikda kelayotgan boshqa poyezd bilan to‘qnashgandi. Hodisa Yevropada so‘nggi davrlardagi eng og‘ir temiryo‘l fojialaridan biri sifatida baholanmoqda.
Reuters manbalariga ko‘ra, hodisa joyida relslarni tahlil qilgan texniklar rels bo‘laklarini tutashtirib turuvchi bo‘g‘inda yeyilish alomatlarini aniqlagan. Ularning aytishicha, bu nuqson ancha vaqtdan beri mavjud bo‘lgan.
Nosoz bo‘g‘in rels bo‘laklari orasida bo‘shliq hosil qilgan va poyezdlar qatnovi davom etgani sayin bu bo‘shliq kengayib borgan. Manbaning aytishicha, poyezdning dastlabki vagonlari relsdagi bo‘shliqdan o‘tib ketgan, biroq sakkizinchi va to‘qqizinchi vagon relsdan chiqib, yettinchi va oltinchi vagonlarni ham o‘zi bilan sudrab ketgan.
Poyezdning o‘zi 15 yanvar kuni rejalashtirilgan texnik xizmat doirasida tekshirilgan va hech qanday nosozlik aniqlanmagan. Temiryo‘l yo‘lagi esa o‘tgan yilning may oyida to‘liq ta’mirdan chiqarilgan bo‘lgan.
Rasmiylar hozircha bu da’volar yuzasidan izoh bermagan. Ikkinchi poyezdni boshqaruvchi Renfe prezidenti hodisa sabablarini muhokama qilishga hali erta ekanini aytib, «inson omili deyarli istisno qilinadi», dedi.
Tramp: «Tinchlik haqida o‘ylashga majburmasman»
19 yanvar kuni AQSh prezidenti Donald Tramp NBS News’ga bergan intervyusida Grenlandiyani egallash uchun kuch ishlatadimi-yo‘qmi, buni aytishdan bosh tortdi. Biroq u kelishuvga erishilmasa, Yevropa davlatlariga bojlar joriy etish tahdidini yana takrorladi.
Yakshanba kuni Tramp Norvegiya bosh vaziri Jonas Garga yo‘llagan SMS xabarida shunday yozgan:
«Davlatingiz 8 ta urushni to‘xtatganim uchun menga Nobel tinchlik mukofotini bermaslikka qaror qilganini inobatga olib, men endi faqat Tinchlik haqida o‘ylash majburiyatini his qilmayman. Endi AQSh uchun yaxshi va to‘g‘ri bo‘lgan narsalar haqida ham o‘ylashim mumkin».
Tramp xabarida Daniya Rossiya yoki Xitoydan Grenlandiyani himoya qila olmaydi, degan ayblovini ham yana takrorlagan.
Norvegiya hukumati ushbu xabarlarni dushanba kuni e’lon qildi. Norvegiya Nobel qo‘mitasi 2025 yil Nobel tinchlik mukofotini Trampga emas, balki Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Machadoga berib, Trampni «ranjitgandi».
«Biz 2026 yilda yashayapmiz: siz odamlar bilan savdo qilishingiz mumkin, lekin odamlarning o‘zini savdo qilmaysiz», - deya javob qaytardi Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Rasmussen.
Yevropa yetakchilari payshanba kuni Bryusselda favqulodda sammitda variantlarni muhokama qiladi. Shuningdek, Arktika chidamliligi nomli harbiy mashg‘ulotlar doirasida Daniya askarlari Grenlandiyaga joylashtirilishi kutilmoqda.
Suriya qamoqxonasidan IShID a’zolari qochdi
20 yanvar kuni Suriya ichki ishlar vazirligi Shaddadi qamoqxonasidan IShID a’zolari bo‘lgan taxminan 120 nafar mahbus qochib ketganini ma’lum qildi. Reutersʼning yozishicha, avvalroq kurdlar yetakchiligidagi SDF vakili Farhod Shami IShIDning qariyb 1 500 nafar a’zosi qochib ketganini xabar qilgandi.
Suriya rasmiylariga ko‘ra, qochish sodir bo‘lgach, Suriya armiyasi bo‘linmalari shahar va uning atrofida o‘tkazilgan qidiruv-reyd amaliyotlarida qochganlarning 81 nafarini qayta qo‘lga olgan, qolganlarni hibsga olish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Bundan avval Suriya armiyasi SDF nazorati ostida bo‘lgan qamoqxonadan IShID jangarilari qochib ketganini aytib, kurdlarni mahbuslarni qo‘yib yuborishda ayblagandi.
Bir necha kun avval hukumat kuchlari bilan to‘qnashuvlardan so‘ng, SDF yillar davomida nazorat qilib kelgan Raqqa va Deir al-Zor viloyatlaridan chiqib ketishga rozi bo‘lgandi. Suriyaning asosiy neft konlari joylashgan mazkur hududlar Ahmad ash-Shar’a kuchlari nazoratiga o‘tdi.
Kamchatkadagi ekstremal ob-havo
Rossiyaning uzoq sharqi — Petropavlovsk-Kamchatskiy shahrida 2025 yil dekabr oyida 370 millimetr, shu yil yanvarning birinchi yarmida esa yana 163,6 millimetr yog‘ingarchilik qayd etildi.
Natijada shaharda qor qoplami balandligi 170 santimetrga yetgan, ayrim hududlarda esa 2,5 metrdan oshdi. Mahalliy aholi ijtimoiy tarmoqlarda balandligi besh metrgacha yetgan qor uyumlari haqida yozdi.
Tinch okeani bo‘yidagi ushbu shaharda munitsipal darajadagi favqulodda vaziyat rejimi amalda qolmoqda. Dushanbaga o‘tar kechasi shaharning ko‘chalaridan 2,5 ming kub metr qor olib chiqildi.
So‘nggi bir yarim oyda Kamchatkada kuzatilgan ob-havo sharoitlari ekstremal toifaga kiradi va juda kam uchraydi.
Aholi uylarini qor bosib qoldi, ularni tozalashda qutqaruvchilar va harbiylar yordam bermoqda. Qor yog‘ishi sabab mintaqa poytaxtida chiqindi olib chiqish deyarli to‘xtab qoldi — kommunal xizmatlar texnikasi qor bilan to‘silib qolgan hovlilarga kira olmayapti.
Kamchatkadagi davlat muassasalari va maktablari masofaviy ish va o‘qish rejimiga o‘tkazildi. 15 yanvar kuni mahalliy hokimiyat qulagan qor ostida ikki kishi halok bo‘lganini bildirdi. Hokimiyat aholiga zarurat bo‘lmasa, uyidan chiqmaslikni tavsiya qilmoqda va xavf haqida karnaylar orqali ogohlantirmoqda.
Mavzuga oid
15:30
Trampga qarshi respublikachilar va Yevropaga kelgan «Tolibon» rasmiylari – kun dayjesti
14:12 / 23.06.2026
Neft savdosiga «ruxsat olgan» Eron va Voronejdagi zavodga hujum – kun dayjesti
15:50 / 22.06.2026
Shveytsariyada uchrashgan AQSh–Eron rasmiylari va Yevropada ekstremal issiq – kun dayjesti
15:45 / 19.06.2026