Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp va Makron o‘rtasidagi mojaro, Abening qotiliga o‘qilgan hukm va NATO inqirozi haqida gapirgan Lavrov – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Tramp va Makron bahsi
20 yanvar kuni Jahon iqtisodiy forumida chiqish qilgan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropa bezorilarga bo‘yin egmasligi va qo‘rqitishga berilmasligini aytdi. Bu AQSh prezidenti Donald Trampning keskin bojlar haqidagi tahdidi ortidan yangradi.
Transatlantik mojaro keskinlashib ketmasligi uchun Yevropaning boshqa yetakchilari ehtiyotkor ohangni saqlashga urinayotgan bir paytda Makron ancha keskin chiqish qildi.
«Fransiya va Yevropa kuchlilar qonunini passiv tarzda qabul qilmaydi», dedi Makron Davosdagi forumida. Uning aytishicha, bunday yo‘l tutish «vassallashuv»ga olib keladi.
Makronning ta’kidlashicha, zarurat tug‘ilganda Yevropa Ittifoqi ham o‘zining keskin savdo sanksiyalarini joriy etishi mumkin. «Biz bezorilardan ko‘ra hurmatni afzal bilamiz. Shafqatsizlikdan ko‘ra qonun ustuvorligini afzal bilamiz», - dedi Makron.
Avvalroq Tramp Grenlandiyani olishga «ruxsat berilmaguncha» Fransiya doxil bir nechta ittifoqchilariga nisbatan bojlar to‘lqinini joriy etishini aytgan edi. Yevropa Ittifoqi davlatlari bu qadamni shantaj sifatida qoraladi va AQSh bilan munosabatlar keskinlasha boshladi.
Makron bundan tashqari, Trampning G‘azodagi «Tinchlik kengashi»ga qo‘shilishga qiziqish bildirmadi. Parij bu tuzilmaning BMT roliga ta’siridan xavotir bildirgan. Tramp bundan ranjidi va «Men uning vinolari va shampanlariga 200 foizlik boj qo‘yaman, shunda u qo‘shiladi. Ammo qo‘shilmasa ham bo‘ladi», dedi. Keyinroq AQSh yetakchisi Makron bilan bo‘lgan shaxsiy yozishmalarni e’lon qilib yubordi.
Makronga yaqin shaxslar Tramp uni aynan demokratik tamoyillarni himoya qilayotgani uchun nishonga olayotganini aytmoqda.
Shu bilan birga Tramp Grenlandiya AQSh nazorati ostiga o‘tishi kerakligini aytishda davom etmoqda. Seshanba kuni u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga Grenlandiyada Amerika bayrog‘i o‘rnatilayotgani ko‘rsatilgan, SIda ishlangan suratni joyladi.
Suriya kurdlarga muhlat berdi
20 yanvar kuni Suriya shimoli-sharqdagi kurd kuchlari bilan sulh e’lon qildi va ularga markaziy davlat tuzilmasiga integratsiya qilish uchun to‘rt kun muhlat berdi.
SDF esa Damashq hukumati bilan sulh bitimini qabul qilganini va hujumga uchramaguncha harbiy harakatlarga qo‘l urmasligini bildirdi.
So‘nggi kunlardagi hukumatning yashin tezligidagi yurishlari hamda AQShning SDFʼga ko‘magi susaygani Suriyadagi eng katta o‘zgarishlardan bo‘ldi.
AQSh maxsus vakili Tom Barrak ham Suriya davlatiga integratsiya kurdlar uchun «eng katta imkoniyat» ekanini aytdi. U shuningdek, Vashington «IShIDga qarshi kurashda qo‘llagan» SDFʼning dastlabki vazifasi o‘z nihoyasiga yetganini, AQSh Suriyada uzoq muddat qolishdan manfaatdor emasligini bildirdi.
Vashingtondagi matbuot anjumanida prezident Donald Tramp ham Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’ani qo‘llab-quvvatlagandek ko‘rindi. U Shar’a «juda jiddiy ishlayotgani»ni aytdi va «kurdlarni himoyalashga ham harakat qilayotganini» qo‘shimcha qildi.
«Men kurdlarni yoqtiraman. Ammo shuni tushuningki, kurdlar juda katta miqdorda pul oldi, ularga neft va boshqa narsalar berildi. Ya’ni ular buni ko‘proq o‘zlari uchun qildi, biz uchun emas. Shunga qaramay, biz kurdlar bilan til topishganmiz va ularni himoyalashga harakat qilyapmiz», dedi Tramp.
Tramp o‘tgan yili lavozimga kirishib, Shar’aga to‘liq qo‘llab-quvvatlov bildirganidan buyon AQShning SDF bilan munosabatlari o‘zgargan.
Lavrov NATO chuqur inqirozda ekanini aytdi
AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiyani egallashga qaratilgan urinishlari NATO uchun «chuqur inqiroz» boshlanganidan darak beradi, dedi Rossiyaning tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.
«Bunday holat yuz berishi mumkinligini avval tasavvur qilish qiyin edi. Bu NATOning bir a’zosi blokning boshqa bir a’zosiga hujum qiladigan ssenariyni yuzaga keltirishi mumkin», dedi Lavrov matbuot anjumanida.
U Trampning harakatlari Rossiya uzoq vaqtdan beri tanqid qilib kelayotgan «global tartib» haqidagi G‘arb konsepsiyasini ostin-ustun qilganini aytdi.
«Endi qoidalarni 'Kollektiv G‘arbʼ emas, balki uning faqat bitta vakili yozmoqda», dedi Lavrov kinoya bilan. «Bu Yevropa uchun katta larza bo‘ldi va biz buni kuzatyapmiz. Xavfsizlik va hamkorlikni ta’minlashga qaratilgan Yevro–Atlantika konsepsiyasi o‘zini oqlamadi».
Shu bilan birga, Lavrov Rossiya va Xitoy orolga tahdid solishi mumkinligi haqidagi ishoralarini qat’iyan rad etdi.
Lavrov Trampning G‘azoda «Tinchlik kengashi»ni tuzish tashabbusini ehtiyotkorona ma’qulladi. Kreml Trampning kengashga qo‘shilish haqidagi taklifini o‘rganayotganini va Vashingtondan qo‘shimcha tafsilotlarni kutayotganini bildirdi.
U Trampning Ukrainadagi janglarni tugatish bo‘yicha muzokaralar tashabbuslarini ham maqtadi va AQShni G‘arbda «Rossiya manfaatlarini inobatga olish zarurligini tushungan yagona mamlakat» deb ta’rifladi.
Shu bilan birga, Lavrov AQShning Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroni qo‘lga olib, giyohvand moddalar savdosi ayblovlari bilan olib ketganini keskin tanqid qildi. U buni «qo‘pol harbiy aralashuv» deb atadi.
Isroil BMT agentligi inshootlarini buzib tashladi
Isroilning o‘ta o‘ng qanot Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir seshanba kuni Sharqiy Quddusda falastinlik qochqinlar bilan ishlovchi BMT agentligi — UNRWA shtab-kvartirasi inshootlarini buzish ishlariga boshchilik qildi.
Guvohlarning aytishicha, kamida bitta buldozer hamrohligidagi Isroil kuchlari Shayx Jarroh mahallasidagi majmuaga kirib, hududdagi vaqtinchalik va doimiy inshootlarni buzib tashlagan. Shuningdek, ular majmua ustiga Isroil bayrog‘ini ko‘targan va BMT bayrog‘ini olib tashlagan.
«Bu – Quddus boshqaruvi uchun nihoyatda muhim kun» deb yozdi Ben-Gvirning o‘zi. Quddus shahar hokimi o‘rinbosari Areh King esa BMTning qochqinlar bo‘yicha agentligini «natsist» deb atadi.
O‘tgan oy Isroil parlamenti Sharqiy Quddusdagi agentlik binolariga elektr va suv ta’minotini uzish haqida qonun qabul qilgan edi. Knesset 2024 yilda agentlik faoliyatini Isroil hududida taqiqlovchi qonun qabul qilgan.
Agentlik bosh komissari Filip Lazzarini Isroilning bu harakatlarini BMT agentligi va uning mulkiga qarshi «misli ko‘rilmagan hujum» sifatida qoraladi. «Bu Isroil davlati tomonidan xalqaro huquqning, jumladan, BMTning imtiyozlari va daxlsizligiga oid normalarni ochiq va ataylab mensimasligining yangi darajasidir», - dedi u.
Qochqinlar bilan ishlovchi BMT agentligi — Bosh Assambleya tomonidan o‘z yerlaridan majburan ko‘chirilgan falastinliklarga yordam ko‘rsatish uchun tashkil etilgan.
Abening qotili umrbod qamaldi
2022 yilda Yaponiya sobiq bosh vaziri Sindzo Abeni o‘ldirgan shaxs umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.
Tetsuya Yamagami o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan birinchi sud majlisidayoq aybiga iqror bo‘lgan edi.
«Hammasi rost. Buni aynan men qilganimga shubha yo‘q», degan edi Yamagami 2025 yil oktyabridagi sud majlisida. U 2022 yil 8 iyul kuni Naraning g‘arbiy qismida saylovoldi tadbirida Abega qo‘lbola qurol bilan ikki marta o‘q uzgan.
Prokurorlar Yamagami «o‘ta og‘ir jinoyat» sodir etganini ta’kidlab, umrbod qamoq jazosini talab qildi. Abe suiqasdi – qurol bilan jinoyat deyarli uchramaydigan Yaponiyani larzaga solgan. Yengillik so‘ragan Yamagamining himoyachilari esa u «diniy zo‘ravonlik qurboni» ekanini bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, qotilning onasi Yaponiyadagi «Birlashuv cherkovi»ga sadoqati tufayli oila butkul bankrot bo‘lgan. Sudda aytilishicha, u onasining cherkovga – marhum otasining hayot sug‘urtasi va boshqa mulklari, jami 828 ming dollar hadya qilganidan norozi bo‘lgan. Shundan keyin Yamagami sobiq bosh vazirning ushbu bahsli diniy tashkilot bilan aloqalarini anglagan va Abega suiqasd qilgan.
Abening ochiq maydonda nutq so‘zlayotgan paytda o‘ldirilishi Birlashuv cherkovi faoliyati, jumladan, tarafdorlaridan moliyaviy jihatdan vayron qiluvchi xayriyalar undirilishi yuzasidan tergovlarga turtki bo‘ldi. Bu ish shuningdek, Yaponiyada bir nechta siyosatchi va vazirlarning iste’foga chiqishiga sabab bo‘ldi.
Mavzuga oid
14:45 / 20.01.2026
Trampning pulli «kengashi», Xitoyda kamayayotgan aholi, qamoqdan qochgan IShIDchilar va Kamchatkada 2 metr qor – kun dayjesti
16:00 / 19.01.2026
Keskinlashgan AQSh–Yevropa munosabatlari, Ispaniyada to‘qnashgan tezyurar poyezdlar va Gvatemalada 30 kunlik qamal – kun dayjesti
14:30 / 17.01.2026
5 yilga qamalgan Koreya prezidenti, G‘azodagi “Tinchlik kengashi” tarkibi va Trampning navbatdagi tahdidi - kun dayjesti
14:00 / 16.01.2026