Jamiyat | 17:39 / 07.10.2025
6719
2 daqiqa o‘qiladi

Metro bekatida tug‘ilgan chaqaloq va uning onasiga metro umrbod bepul bo‘ladi

Toshkent metrosining G‘afur G‘ulom bekatida tug‘ilgan qizaloq va uning onasi umrbod metrodan bepul foydalanadigan bo‘ldi. Chaqaloq tug‘ilishida birinchi yordam ko‘rsatgan navbatchi xodima Naima Mahamadjonova ham rag‘batlantiriladi.

Foto: Toshkent metropoliteni

Metroda tug‘ilgan chaqaloq va onasiga umrbod metrodan bepul foydalanish kartasi beriladi. Bu haqda Metropoliten axborot xizmati xabar berdi.

“G‘afur G‘ulom bekatida chaqaloqning dunyoga kelishi ko‘pchilikni hayratda qoldirdi. Toshkent metropoliteni rahbariyati ushbu unutilmas holat munosabati bilan onaga va tug‘ilgan farzandiga butun umr bepul metrodan foydalanish huquqini beruvchi maxsus kartani topshirishi rejalashtirilgan. Bu sovg‘a metro xodimlari fidoyiligi va insonparvarligi timsoli bo‘lib, poytaxt Metropoliteni tarixida alohida o‘rin tutadi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, chaqaloq tug‘ilishida birinchi yordam ko‘rsatgan navbatchi xodima Naima Maxamadjonova hamda jarayonda ishtirok etgan bir qator metro xodimlari ham rag‘batlantirilishi nazarda tutilgan.

Meni ko‘proq javobgarlik qo‘rqitdi. Ona va bolaga hech narsa bo‘lmasin, degan hayajon bo‘ldi. Bizga bekorga birinchi yordam ko‘ratishni o‘rgatishmagan ekan. Dunyoga kelgan chaqaloq qizaloq. Tug‘ilganida ko‘karib qoldi. Boshida nafas olayotganini sezmadim. Ozgina yelkalarini ishqalab ko‘rdik, onasining bag‘riga qo‘ydik, sal ko‘zlarini ochganday bo‘ldi. Orqasiga sekin urib qo‘ygandik, keyin yig‘lashni boshladi. Ovozini eshitgandan keyin xursand bo‘lib ketdim. Kindigini kesolmadim, infeksiya tushadi deb qo‘rqdim. Lekin bog‘lab qo‘ydim. Chunki bolaning sog‘ligiga kerak edi u narsa”, degan Naima Maxamadjonova.

Hozirda ona va bolaning sog‘ligi yaxshi. Ular o‘sha vaqtda shifoxonaga yetkazilgan.

Kecha metroning G‘afur G‘ulom bekatida ayol farzandini dunyoga keltirgandi.

Mavzuga oid