07:58 / 05.07.2019
48105

Vazirlar Mahkamasining vakolatlari kengayadi

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida ““O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi e'lon qilindi. Hujjat bilan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonun loyihasi tasdiqlanishi mumkin.

3-moddaga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi – O‘zbekiston Respublikasi Hukumati ijro etuvchi hokimiyatning oliy organi hisoblanib, iqtisodiyot, ijtimoiy va ma'naviy sohalarning samarali faoliyat ko‘rsatishiga rahbarlik qilishni, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta'minlaydi. Vazirlar Mahkamasi kollegial organ bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasida ijro etuvchi hokimiyatning yagona tizimiga rahbarlik qiladi.

4-modda. Vazirlar Mahkamasi faoliyatining asosiy prinsiplari - O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi, inson va fuqaroning huquq va erkinliklarini ta'minlash, kollegiallik, hokimiyat tarmoqlarining bo‘linishi va hamkorligi, shuningdek, ochiqlik va shaffoflik Vazirlar Mahkamasi faoliyatining asosiy prinsiplaridir.

5-modda. Vazirlar Mahkamasining tarkibi - Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari, vazirlar, davlat qo‘mitalari raislaridan iboratdir. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi.

6-modda. Vazirlar Mahkamasini shakllantirish tartibi - Bosh vazir nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdim etilgan Bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqqanidan keyin o‘n kun muddat ichida uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun taklif etadi.

Bosh vazir lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda va tasdiqlanayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etadi.

Bosh vazir nomzodi uning uchun tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari umumiy sonining yarmidan ko‘pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi.

Agar ovoz berish vaqtida Bosh vazir nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi yoki Senatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari yoki Senati a'zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozini ololmasa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan qo‘shimcha maslahatlashuvlar o‘tkazganidan so‘ng Bosh vazir lavozimiga nomzodni yana bir marta taqdim etish huquqiga ega.

Vazirlar Mahkamasining a'zolari Bosh vazirning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi ma'qullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Vazirlar Mahkamasi a'zoligiga nomzod u O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining mas'ul qo‘mitasi, siyosiy partiyalar fraksiyalari va deputatlar guruhlari tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqilganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqiladi va ma'qullanadi.

Vazirlar Mahkamasi a'zosining lavozimiga nomzod uning nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilayotganda va ma'qullanayotganda Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, istiqbolga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar va vazifalarga erishish borasidagi huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi harakatlar rejasini taqdim etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Vazirlar Mahkamasi a'zoligiga nomzodni rad etgan taqdirda, Bosh vazir ko‘rib chiqish va ma'qullash uchun yangi nomzodni kiritadi.

Vazirlar Mahkamasining a'zosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanganidan keyin o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi.

Bosh vazir va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi o‘rtasida ziddiyatlar doimiy tus olgan holda Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga rasman kiritilgan taklif bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisi muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala kiritiladi.

Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi. Bunday holatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bunda Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birga iste'foga chiqadi.

Yangi Bosh vazir nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan tegishli maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga ko‘rib chiqish va tasdiqlashga taqdim qilish uchun taklif etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan Bosh vazir lavozimiga nomzod ikki marta rad etilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazir vazifasini bajaruvchini tayinlaydi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisini tarqatib yuboradi.

Amaldagi Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi, biroq Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi shakllantirilguniga qadar mamlakat Prezidentining qaroriga muvofiq o‘z faoliyatini davom ettirib turadi.

Vazirlar Mahkamasining vakolatlarini zimmasidan soqit qilish yangi shakllantirilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi o‘tkazilgan kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga Bosh vazir tomonidan yozma murojaat berish orqali amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari o‘zlarining majlislarida Vazirlar Mahkamasining o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishi to‘g‘risidagi tegishli qarorlarni qabul qiladi.

7-modda. Bosh vazirni lavozimidan ozod etish - Bosh vazir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan quyidagi hollarda lavozimidan ozod etiladi:

Bosh vazirning iste'foga chiqish to‘g‘risidagi arizasiga binoan;

Bosh vazir o‘z vakolatlarini bajarishi mumkin bo‘lmay qolgan taqdirda;

Vazirlar Mahkamasi tarkibida uning normal faoliyatiga tahdid soluvchi hal qilib bo‘lmaydigan ixtiloflar yuz berganda, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi bir necha marta O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga zid qarorlar qabul qilgan taqdirda;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ko‘rib chiqishi uchun taqdim etgan tashabbusiga binoan. Agar zarur asoslarga ega bo‘lgan bunday tashabbusni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar yetakchi fraksiyalari qo‘llab-quvvatlasa hamda mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senatida ovozga qo‘yilganda tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari umumiy soni uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ining ovozini olsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan qabul qilingan Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirilgan taqdirda.

Bosh vazirning lavozimidan ozod etilishi bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining iste'foga chiqishiga sabab bo‘ladi.

8-modda. Vazirlar Mahkamasining umumiy vakolatlari - Vazirlar Mahkamasi:

samarali iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, pul-kredit siyosati yuritilishi, fan, madaniyat, ta'lim, sog‘liqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi uchun javobgar bo‘ladi;

fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtiradi va yo‘naltiradi, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni ta'minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta'minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga har yili mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan ma'ruzalar taqdim etadi;

davlat boshqaruvi tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risida, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va boshqa davlat boshqaruvi organlarini tuzish, qayta tashkil etish hamda tugatish haqida takliflar ishlab chiqadi;

davlat boshqaruvi tizimiga strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllarini joriy etishni ta'minlaydi;

mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning eng muhim va ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan strategiyalar, konsepsiyalar, dasturlar va “yo‘l xaritalari”ni amalga oshirish choralarini ko‘radi.

Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida, ushbu Qonunda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

9-modda. Vazirlar Mahkamasining iqtisodiyot sohasidagi vakolatlari - Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyot sohasida:

iqtisodiyot sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini va industrial siyosat olib borilishini ta'minlaydi;

barqaror iqtisodiy o‘sish, makroiqtisodiy mutanosiblik, iqtisodiyotni isloh etish va tarkibiy o‘zgartirishlar, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish va diversifikatsiya qilishni ta'minlash choralarini ko‘radi;

iqtisodiyotni boshqarishning bozor mexanizmlarini joriy etishni va iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini rivojlantirish strategiyalarini shakllantirishni ta'minlaydi;

sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini jadal rivojlantirish, innovatsion ishlanmalarni va energiya tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, shuningdek, atom energetikasini rivojlantirishni ta'minlaydi;

iqtisodiyot tarmoqlarini strategik rivojlantirish davlat dasturlarini, davlat rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshirishni ta'minlaydi;

turizm industriyasini rivojlantirish va turizm infratuzilmasini kengaytirish uchun sharoitlar yaratadi;

erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar, kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtiradi va monitoring qiladi, ularning faoliyati samaradorligini oshirish choralarini ko‘radi;

davlat boshqaruvi usullarini, shu jumladan elektron hukumat prinsiplari asosida takomillashtiradi, bozor prinsiplariga asoslangan xo‘jalik boshqaruvi va korporativ boshqaruvning zamonaviy prinsiplari va usullari joriy etilishini rag‘batlantiradi;

qishloq xo‘jaligini boshqarish tizimini takomillashtirish, agrar sektorini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, zamonaviy resurs tejovchi va intensiv agrotexnologiyalarni joriy etish, yer resurslari sifatini saqlash va yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha choralar ko‘radi;

urbanizatsiya jarayonlarini davlat tomonidan tartibga solishni va uy-joy sohasida davlat siyosatini amalga oshirishni, yer uchastkalariga nisbatan zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etishni ta'minlaydi;

erkin tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, “xufiyona” iqtisodiyot ulushini qisqartirish, iqtisodiy jarayonlarda davlat ishtirokini qisqartirish, shu jumladan litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi;

tadbirkorlarning, shu jumladan, chet ellik investorlarning murojaatlari bilan ishlash, ular bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni ta'minlashning samarali tizimini joriy etish choralarini ko‘radi.

10-modda. Vazirlar Mahkamasining budjet, moliya, kredit va pul siyosatini amalga oshirish sohasidagi vakolatlari - Vazirlar Mahkamasi budjet, moliya, kredit va pul siyosatini amalga oshirish sohasida:

budjet, moliya, kredit va pul siyosati sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni ta'minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish prognozlarini hamda eng muhim dasturlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilishini va ijro etilishini tashkil etadi;

xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganini saqlab qolgan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining barcha darajalarida mutanosiblikni ta'minlash, mahalliy budjetlarning daromad qismini mustahkamlash choralarini ko‘radi;

samarali fiskal siyosatni yuritadi, soliqqa tortish tizimini soddalashtirish hamda soliq ma'muriyatchiligi tizimining sifati va samara-dorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

pul-kredit siyosatini takomillashtirish, valuta siyosatini liberallashtirish, valuta sohasini tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy qilish, shuningdek, milliy valuta barqarorligini ta'minlash choralarini ko‘radi;

bank tizimi barqarorligini ta'minlaydi, ularning moliyaviy barqarorligi va ishonchliligini mustahkamlash va sug‘urta, lizing va boshqa moliyaviy institutlarini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

11-modda. Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy sohadagi vakolatlari - Vazirlar Mahkamasi ijtimoiy sohada:

ijtimoiy sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishni ta'minlaydi;

ta'lim tizimini rivojlantirishni, uning sifati va samaradorligini oshirishni ta'minlaydi, uzluksiz ta'limdan keng ko‘lamda foydalanish uchun sharoitlar yaratadi;

ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

maktabgacha ta'lim tizimini takomillashtirish, maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy yordam samaradorligi, sifati va hammabopligini oshirish, aholi salomatligini saqlash va mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini joriy qilish, shuningdek aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sport muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va sport infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi, mehnat bozori infratuzilmasini rivojlantirishni, ijtimoiy himoya, fuqarolarning ijtimoiy va pensiya ta'minoti tizimlari faoliyat yuritishini ta'minlaydi;

oila, onalik va bolalikni himoyalashga ko‘maklashadi, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha choralar ko‘radi;

ijtimoiy yordam davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni ta'minlaydi, fuqarolarning real daromadlarini oshirish, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash hamda aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini va nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘radi.

12-modda. Vazirlar Mahkamasining madaniy-gumanitar sohadagi vakolatlari - Vazirlar Mahkamasi madaniy-gumanitar sohada:

madaniy-gumanitar sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishni ta'minlaydi;

ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik sohasida rahbarlikni amalga oshiradi;

madaniyatni, san'atni rivojlantirishga, madaniy qadriyatlardan keng ko‘lamda foydalanishni ta'minlashga, fuqarolarning ijtimoiy va madaniy hayotda to‘la huquqli tarzda ishtirok etishiga ko‘maklashadi;

teatr-tomosha, madaniy-ma'rifiy tashkilotlar va muzeylarning faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha choralar ko‘radi;

tarixiy va madaniy merosni muhofaza qilish, davlat tilini rivojlantirish va ijtimoiy hayotning barcha sohalarida mamlakatning butun hududida amal qilishini ta'minlaydi;

xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish va rivojlanish choralarini ko‘radi.

13-modda. Vazirlar Mahkamasining hududlarni rivojlantirish sohasidagi vakolatlari - Vazirlar Mahkamasi hududlarni rivojlantirish sohasida:

hududlarning iqtisodiyotini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, ularning sanoat va eksport potensialini oshirish orqali hududlar, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ta'minlaydi;

iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani strategik rivojlantirish davlat dasturlarini, hududiy rivojlantirish dasturlarini, shuningdek, hududlarda iqtisodiy, ijtimoiy va ma'muriy islohotlarni amalga oshirish choralarini ko‘radi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining maqsadli ijrosini ta'minlaydi;

hududlarni, eng avvalo, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda orqada qolayotgan qishloq tumanlari va shaharlarni rivojlantirishning istiqbolli vazifalarini samarali hal etish bo‘yicha davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining muvofiqlashtirilgan ishini ta'minlash choralarini ko‘radi;

hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tendensiyalarining kompleks tahlilini, shu jumladan hududlarni kompleks rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarida bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish, aholi bandligi va turmush darajasini izchil oshirish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish jarayonining monitoringini o‘tkazadi;

xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va hududlarning eksport salohiyatini oshirish holatini o‘rganish, mamlakatni rivojlantirishning strategik maqsadlaridan va uning iqtisodiy xavfsizligidan kelib chiqib hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini yanada yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari, farmonlari, farmoyishlari va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari, bayonnoma qarorlari va topshiriqlarining ijro etilishi holatini maqsadli o‘rganishini amalga oshiradi;

hududlarning iqtisodiy barqarorligini ta'minlovchi eng muhim vazifalar, iqtisodiyotning aniq tarmoqlari va sohalaridagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, hududlarning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

14-modda. Vazirlar Mahkamasining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari - Vazirlar Mahkamasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida:

atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni ta'minlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni ta'minlaydi;

fuqarolarning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish, ekologik osoyishtalikni ta'minlash choralarini ko‘radi;

tabiiy resurslarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish va tabiatdan foydalanishni tartibga solish faoliyatini tashkillashtiradi;

tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini o‘tkazish hamda respublika va xalqaro ahamiyatga ega yirik ekologik dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

yirik avariyalar va halokatlarning, shuningdek, tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish choralarini ko‘radi.

15-modda. Vazirlar Mahkamasining tashqi siyosatni amalga oshirish va xalqaro aloqalarni rivojlantirish sohasidagi vakolatlari - Vazirlar Mahkamasi tashqi siyosatni amalga oshirish va xalqaro aloqalarni rivojlantirish sohasida:

O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosatini amalga oshirishni ta'minlash, hukumatlararo aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardagi vakilligini ta'minlaydi;

o‘z vakolati doirasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzadi, O‘zbekistonRespublikasining xalqaro shartnomalar bo‘yicha majburiyatlari bajarilishini ta'minlaydi, shuningdek, ushbu shartnomalarning boshqa ishtirokchilari tomonidan o‘z majburiyatlari bajarilishini kuzatib boradi;

O‘zbekistonning xorijdagi jismoniy va yuridik shaxslarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘radi;

O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyalar faoliyatini tashkil etishni ta'minlaydi.

16-modda. Vazirlar Mahkamasining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi vakolatlari - Vazirlar Mahkamasi investitsiyalar va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida:

yagona davlat investitsion siyosatini amalga oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni muvofiqlashtirishni ta'minlaydi;

qulay investitsiya iqlimini yaratish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

samarali bojxona-tarif siyosatini olib boradi, eksportyorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi, mahalliy tovarlar va xizmatlarning tashqi bozorlarga chiqishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratadi, zamonaviy logistika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida rahbarlikni amalga oshiradi, uni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini belgilaydi;

O‘zbekistonning savdo, iqtisodiy, texnologik, transport va boshqa aloqalarini kengaytirish, milliy iqtisodiyotning barqarorligini mustahkamlash va iqtisodiy xavfsizlikni ta'minlash choralarini ko‘radi;

o‘z vakolatlari doirasida xalqaro iqtisodiy tashkilotlar, moliya institutlari va boshqa ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy tizimlar doirasida hamkorlikni rivojlantiradi hamda ularda O‘zbekistonning milliy manfaatlarini ilgari suradi;

tashqi savdo va xalqaro iqtisodiy hamkorlik sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni ta'minlaydi;

oliy va yuqori darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha investitsion loyihalar va amaliy tadbirlar rejalari (“yo‘l xaritalari”)ni sifatli amalga oshirishni ta'minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasining to‘lov balansini ishlab chiqadi;

chet eldan olinadigan kreditlar uchun O‘zbekistonRespublikasi Hukumatining kafolatlarini beradi;

O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi mulkiga egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.

17-modda. Vazirlar Mahkamasining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasidagi vakolatlari - Vazirlar Mahkamasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasida:

axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni ta'minlaydi;

axborot jamiyatini shakllantirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, “Elektron hukumat” tizimini joriy qilishni ta'minlash, aholi, biznes va davlat o‘rtasida samarali o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun zarur sharoitlarni yaratadi;

elektron davlat xizmatlari va telekommunikatsiya xizmatlari spektrini kengaytirish, telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish choralarini ko‘radi;

axborot xavfsizligi va axborot muhofazasini ta'minlash, tarmoqlar, dasturiy mahsulotlar, axborot tizimlari va manbalari muhofazasining zamonaviy texnologiyalarini joriy qilish choralarini ko‘radi.

18-modda. Vazirlar Mahkamasining jamoat tartibini saqlash, davlat xavfsizligi va mudofaa qobiliyatini ta'minlash sohasidagi vakolatlari - Vazirlar Mahkamasi jamoat tartibini saqlash, davlat xavfsizligini va mudofaa qobiliyatini ta'minlash sohasida:

 

O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligini va mudofaa qobiliyatini ta'minlash, davlat chegaralarini qo‘riqlash, davlat manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash chora-tadbirlarini amalga oshirishga ko‘maklashadi;

huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir davlat dasturlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirishni ta'minlaydi;

huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini ta'minlaydi;

davlat harbiy tashkilotining mudofaa vazifalarini hal etish uchun zarur moliyaviy, moddiy va boshqa resurslarga bo‘lgan talab-ehtiyojlarini har tomonlama ta'minlash, mudofaa manfaatlarini ko‘zlab mamlakat hududini tezkorlik bilan jihozlash masalalarini hal etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining qurol-yarog‘, harbiy texnika va boshqa moddiy-texnika vositalari bilan jihozlanishi hamda ta'minlanishini tashkil etadi;

davlat harbiy buyurtmalarini shakllantirish va mudofaa ahamiyatiga molik ishlab chiqarishlarni tashkil etish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta'minlaydi;

xorijiy davlatlar bilan harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirish choralarini ko‘radi;

mamlakat iqtisodiyotining safarbarlik tayyorgarligini tashkil etadi, fuqaro muhofazasiga rahbarlikni amalga oshiradi.

19-modda. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlariga rahbarlik qilish

Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtirib hamda yo‘naltirib boradi.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari ular tomonidan olib borilayotgan davlat siyosatining samarali va sifatli amalga oshirilishi uchun Vazirlar Mahkamasi oldida javobgardir.

Vazirlar, davlat qo‘mitalari raislari va boshqa davlat boshqaruvi organlari rahbarlari Vazirlar Mahkamasiga kiritilayotgan takliflar, tahliliy va boshqa hujjatlarning, shu jumladan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli va har tomonlama ishlab chiqilishi, shuningdek, ularni amalga oshirishning pirovard natijalari va oqibatlari uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari to‘g‘risidagi nizomlar, qoida tariqasida, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan ta'minlanadigan boshqa davlat boshqaruvi organlarining markaziy devoni xodimlari sonini va ular ta'minotiga ajratiladigan mablag‘lar miqdori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnomalar kiritadi.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risidagi taqdimnomalarni tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Vazirlarning va davlat qo‘mitalari raislarining o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Boshqa davlat boshqaruvi organlarining rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Davlat boshqaruvi organlari hay'atlarining a'zolari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlarini hisobga olgan holda maqsadli vazifalarga erishilishini ta'minlaydi.

Vazirlar Mahkamasi tizimli ravishda vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining asosiy mezonlarda belgilangan maqsadli vazifalar bajarilishi va erishilganligi yuzasidan hisobotlarini tinglaydi.

Vazirlar Mahkamasi zarurat bo‘lganda o‘z vakolatiga kiruvchi davlat boshqaruvining ayrim masalalarini hal etishni, agar bu masalalarning hal etilishi qonun hujjatlarida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining mutlaq vakolatlariga kiritilgan bo‘lmasa, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va o‘z bo‘ysunuvidagi davlat boshqaruvi boshqa organlariga berishi mumkin.

20-modda. Vazirlar Mahkamasining qonunchilik tashabbusi huquqi

Vazirlar Mahkamasi qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.

Vazirlar Mahkamasining qonunchilik tashabbusi huquqi qonun loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish orqali amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasi qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun o‘z vakilini tayinlaydi.

21-modda. Bosh vazir

Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi;

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati oldiga qo‘yilgan maqsadli vazifalarga erishishni ta'minlash maqsadida vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari faoliyatini umumiy muvofiqlashtiradi, yuzaga kelgan kelishmovchiliklar bo‘yicha kelishilgan qarorlar qabul qiladi;

Vazirlar Mahkamasining majlislarida raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi;

xalqaro munosabatlarda Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘radi, muzokaralar olib boradi va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan xalqaro shartnomalarni imzolaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Bosh vazirning o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;

davlat va xo‘jalik boshqaruvining Vazirlar Mahkamasi majlisida ko‘rib chiqish talab etilmaydigan masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarini lavozimiga tayinlash hamda lavozimidan ozod etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi;

Vazirlar Mahkamasining o‘tgan yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va navbatdagi yil uchun asosiy ustuvorliklar to‘g‘risidagi har yilgi ma'ruzasini Oliy Majlisi palatalariga taqdim etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati a'zolari bilan birgalikda har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risida hisobot taqdim etadi;

Vazirlar Mahkamasi a'zoligiga nomzodlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ma'qullangandan keyin O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etadi;

O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi.

Bosh vazir o‘z vakolatlariga kiruvchi masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi.

Bosh vazir Vazirlar Mahkamasining ishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga muntazam ravishda axborot berib boradi.

Bosh vazir yo‘qligida uning vazifasini Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari yoki Bosh vazir o‘rinbosarlaridan biri bajaradi.

Top