Iqtisodiyot | 14:49 / 14.01.2022
54701
8 daqiqa o‘qiladi

«Bu biznesga tuzoq!» - Soliq o‘zgarishlaridan norozi tadbirkorlarning e’tirozlari nimalardan iborat?

Ijtimoiy tarmoqlarda soliq o‘zgarishlari yuzasidan tadbirkorlar e’tirozlari ko‘paymoqda. O‘zgarishlar ayniqsa kichik va o‘rta biznesga zarba berishi bot-bot aytilmoqda. Kun.uz tadbirkorlarni xavotirga solayotgan asosiy masalalarni jamladi.

Foto: iStock

Mol-mulk solig‘i bilan bog‘liq muammo

Prezident farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda ko‘chmas mulk obektlarini yuridik va jismoniy shaxs egaligidan qat’i nazar bozor qiymati asosida soliqqa tortish tizimi joriy qilindi.

Mulk solig‘i bo‘yicha 1 kvadrat metr uchun mutlaq miqdorda belgilangan minimal qiymat kiritildi, bu Toshkent shahrida – 2 500 000 so‘m, viloyatlarda 1 500 000 so‘m, tuman va shahar markazlarida 1 million so‘m etib belgilandi.

Tadbirkorlarning e’tirozlariga ko‘ra, buning natijasida soliq to‘lovlari 2-3 barobarga oshib ketgan.

DSQ ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 69 mingdan ortiq mol-mulk solig‘i to‘lovchisi bo‘lib, ushbu o‘zgarish natijasida mulk qiymati (bozor qiymatidan) past ko‘rsatilgan 41 ming yuridik shaxsda soliq majburiyatlari oshadi. Biroq belgilangan tartibda ko‘chmas mulkini qayta baholab borgan 21 mingdan ortiq soliq to‘lovchida mol-mulk solig‘i o‘tgan yilga nisbatan kamayadi.

Shuningdek, 7 mingga yaqin to‘lovchida soliq summasi o‘zgarishsiz qolsa, mulk qiymatini «nol» ko‘rsatib, belgilangan tartibda qayta baholash o‘tkazmagan va mol-mulk solig‘i to‘lamagan 5 mingga yaqin korxona baholash natijasiga ko‘ra mol-mulk solig‘ini qayta hisob-kitob qiladi.

Bundan ko‘rinib turibdiki, qariyb 60 foiz mol-mulk solig‘i to‘lovchisida soliq yuki oshadi.

«Pasaytirilgan soliq stavkasi biznesga yordam emas, tuzoq»

Iqtisodchi Otabek Bakirov 2022 yildan yuridik shaxslarga mol-mulk solig‘i pasaytirilishiga qaramay, aslida soliq yuki oshishiga e’tibor qaratdi.

«2022 yildan boshlab yuridik shaxslar mol-mulki soliq stavkasi 2 foizdan 1,5 foizgacha pasaytirildi. Bu o‘zgarishlar go‘yoki biznes manfaati uchun qilingani haqida ko‘p balandparvoz gaplar aytildi.

Afsuski, stavka pasaytirilishi biznesga yordam emas, tuzoq ekanini ko‘pchilik parlamentdagi budjet muhokamalari vaqtida payqamadi ham.

Xalq saylagan deputat G‘aniyev bu borada savol qo‘ygan vaqtda, parlament majlisi muhokamalar joyi emasligi butun boshli partiya rahbari (Milliy tiklanish partiyasi rahbari Alisher Qodirov haqida gap ketmoqda) tomonidan ta’kidlangani esingizdadir.

O‘shanda muhokamalar vaqtida Soliq qo‘mitasi vakillari stavka pasaygani bilan soliq to‘lovlari amalda oshishini tan olgan holda, viloyat kengashlari pasaytiriluvchi koeffitsiyentlar qo‘llashi mumkinligini aytishgandi. Kuzatib turibman, shu kungacha biror hududda mol-mulk solig‘i bo‘yicha pasaytiruvchi koeffitsiyentlar joriy etilmadi. Nafaqat mulk solig‘i, yer solig‘i bo‘yicha ham shu kungacha biror viloyatda pasaytiruvchi koeffitsiyentlar hali joriy etilgani yo‘q», deb yozdi u.

Otabek Bakirov ta’kidlaganidek, farmonga muvofiq minimal qiymatga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi, Xalq deputatlari viloyat kengashlari tomonidan tumanlarning iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqqan holda 0,5 foizgacha kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llash huquqi berilgan.

«Hokimlar biznesga va ayniqsa kichik biznesning ahvoliga butkul befarqligini tasdiqlanayotgan budjetlar ko‘rsatkichlaridan ham bilsangiz bo‘ladi. Mol-mulk solig‘i bo‘yicha tushumlar rejasi 2021 yilga nisbatan juda katta ko‘lamda oshirilgan, hatto budjetida soliq tushumlari bo‘yicha muammosi yo‘q eng boy hududlarda ham. Masalan, Toshkent shahri va Navoiy viloyati budjetida mol-mulk solig‘i bo‘yicha tushumlar 2,3 barobar, Samarqand viloyatida tushumlar rejasi 53 foizga oshirilgan», deya fikrlarini xulosalaydi iqtisodchi.

Shuningdek, yana bir ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi Liliya Nikolenko esa soliqchilikdagi salbiy o‘zgarishlarni sanab o‘tgan.

Postda e-ijara va e-aktiv platformalarida ro‘yxatga olish, mol-mulk solig‘ining ko‘p chiqayotgani va QQS zanjiri bilan bog‘liq muammolarga urg‘u berilgan.

Tadbirkorlar nima deydi?

Kun.uz e’lon qilgan xabardan keyin murojaatlar manziliga mingga yaqin tadbirkorlar yangi tartib joriy etilishi ortidan kelib chiqayotgan turli muammolari haqida yozishdi. Quyida ularning ayrimlari keltirib o‘tiladi (Bu kabi murojaatlar tinimsiz kelmoqda).

Mulk solig‘i bo‘yicha:

Minimal qiymat tabaqalashmagan. Shahar markazidagi xaroba noturar joy bilan zamonaviy noturar joy ham bir xil bozor qiymatiga ega bo‘lmaydi. Masalan, ishlamay yotgan xarob joyni sotib olib, investitsiya kiritish fikrida yurgan tadbirkor endi bu fikridan qaytishi mumkin. Yoki moliyaviy holati yaxshi bo‘lmagan mulk egasi ushbu o‘zgarishdan keyin yo faoliyatini to‘xtatib, mulkni sotish payiga tushadi, yoki mulkni buzib tashlaydi. Eng yomoni – bu o‘zgarishdan keyin narx-navolar oshadi, pirovardida iste’molchi – oddiy xalqqa jabr bo‘ladi. Sababi – odatda tadbirkorlar yangi soliqlarni yakuniy iste’molchiga «yelka» qilib o‘tkazib yuboradi.

E-aktiv platformasi:

Dastur juda primitiv, foydalanishga noqulay. Faqat 1S yoki 1UZ dasturi foydalanuvchilari integratsiya orqali yengilroq foydalanishlari mumkin. Saytga korrektirovka kiritish funksiyasi yo‘q. Onlayn fakturalarga yaxshi bog‘lanmagan. Xullas, kamchiliklari ko‘p bo‘lgan saytda ishlashni majburiy qilish – buxgalterlarni sarson qilishdan boshqa narsa emas. Bu texnik nosoz avtomobilni ko‘chaga haydashga majburlab chiqarishdek gap. Avariyaga uchrash yoki jarimaga tushish muqarrar!

QQS uzilishi koeffitsiyenti bo‘yicha:

1198 qisqa raqamdan so‘ralganda bu asosan sizning kontragentlaringiz tomonidan soliq hisobotlari topshirilmagani yoki soliq to‘lamagani koeffitsiyenti deb tushuntirishdi. Unda koeffitsiyentni o‘sha soliq to‘lamay yurganlarga biriktirish kerak emasmi?

Taklif: yuqori koeffitsiyent nima sababdan yoki qaysi kontragentlar tufayli yuqori bo‘layotganini ko‘rsatib beradigan interaktiv xizmat joriy qilish kerak. Yoki uni vahimali tarzda hisob fakturalarda ko‘rsatishni bas qilish kerak.

Buxgalterlar muammosi:

Biz tumanlarda faoliyat ko‘rsatuvchi buxgalterlar tadbirkorlarning oylik to‘lash qobiliyati pastligi va mutaxassis yetishmasligi sababli 10 tadan 20 tagacha kichik biznes sub’yektlarining buxgalteriya hisobini yuritib kelamiz. Soliq tizimiga kiritilgan e-aktiv loyihasidan keyin esa bu korxonalarning 80 foizidan voz kechishimizga to‘g‘ri kelmoqda. Chunki bu tizimda birdaniga 10 ta korxona uchun ishlashga jismonan ulgurishning iloji yo‘q. Natijada oylik daromadimiz ham sezilarli kamayadi, chunki hamma tadbirkor ham yuqori maosh to‘lashga qodir emas.

Minimal qiymat tumanlar uchun og‘ir:

Yuridik shaxslar mol-mulki solig‘i bo‘yicha tuman va shaharlarda minimal qiymat 1 000 000 so‘m qilib belgilangan. Bu qiymat qayerdan olib hisoblangan. Soliq tushumlari kamayib ketmasligi uchunmi yoki 2 foiz 1,5 foizga tushganda yo‘qotilgan soliqni qaytarib olish usulimi? Tumanlarga 1 000 000 so‘m juda ko‘p. Bu nafaqat kichik biznes, balki tumanlardagi yirik korxonalar uchun ham og‘ir. Narx-navo ko‘tarilishiga ham sabab bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, DSQ Sherzod Qudbiyev 17 yanvar kuni Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlar bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazadi.

Mavzuga oid