Jamiyat | 20:04 / 07.07.2021
23519
3 daqiqa o‘qiladi

“Hammasi – qo‘l mehnatim” - toshloq joyda serfayz bog‘ yaratgan bog‘bon hikoyasi

Hasan Qarshiyev Navoiy viloyati Xatirchi tumanining Langar mahallasida yashaydi. Tuman markazidan uzoq, chekka hududda yashaydigan Hasan aka 40 yildan beri ketmon va belkurak yordamida toshlarni tozalab yer ochadi. Hozir u ochgan hudud kattagina bog‘ga aylangan.

Qizig‘i, Hasan aka yeriga biror marta traktor yoki boshqa texnikalarni kiritmagan. Toshlarni ham qo‘l kuchi bilan tozalagan.

“Yer ochishni 20 yoshlarimda boshlaganman. Hozir 59ga kirdim. Boshida tashlandiq bo‘lgan bu joyga ozgina kartoshka ekkandim. Hosil zo‘r bo‘lgandi, shunga qiziqib ketib shuncha yildan beri yerni tekislab kengaytirib boryapman. Shuning ortidan daromad qilib, besh farzandimni o‘qitdim, uyli-joyli qilyapman.

Dam olishga keladiganlar bog‘imga havas bilan qarashganini ko‘rib, menda g‘urur paydo bo‘ladi. Bu ham kuch beradi. Bu yerga birorta texnika kiritmaganman. Qo‘l kuchi bilan qilishga qiziqqanman. Agar texnika ishlasa, tuproq o‘rni almashib, hosilga kirguncha vaqt ketadi. Shuning uchun qo‘l bilan ishlagan ma'qul menga”, – deya hikoya qiladi Hasan aka.

Mehnatkash bog‘bon hozir ham ekin ekiladigan hududni ketmon bilan parvarish qiladi. Yer notekis, turli daraxtlar ekilgani uchun texnika kirishining iloji ham bo‘lmay qolgan. Suvni esa 500 metr uzoqlikdagi buloqdan truba bilan olib kelgan. Kichik hovuzchaga kun bo‘yi suvni yig‘ib, keyin ekinlarini sug‘oradi.

Qahramonimiz hatto o‘zi ochgan yerning maydoni qancha ekanini ham hisoblab ko‘rmagan.

Hozir bog‘da turli mevalarni topish mumkin, sabzavotlar ekilgan. Hasan aka yerining bir qarichini ham kimyoviy o‘g‘itlar bilan parvarishlamasligini aytadi. Shu meva-sabzavotlar bilan yaqin qishloqlarni ta'minlab turadi.

Farzandlarining 4 nafari oliy ma'lumotli, o‘zi o‘qiy olmagan bo‘lsa ham, bolalari o‘qishini astoydil xohlagan.

“Faqat bir o‘g‘lim o‘qishga kirishni uncha xohlamadi. Lekin u ham o‘z ishini topgan”, deydi Hasan aka.

Hasan aka qish-yoz tinmay mehnat qiladi, uni taniganlar ham o‘ta mehnatkash ekanini, yerni yaxshi ko‘rishini aytishdi.

 

“Menda charchash degan narsa yo‘q. Mehnat qilishni yaxshi ko‘raman. Alloh meni shunday yaratgan. Farzandlarimga ham mendan keyin yerimga yaxshi qaranglar, bundan ham ko‘p daraxt ekinglar, deb aytaman”, – deydi umrini shu bog‘iga bag‘ishlagan Hasan Qarshiyev.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov

Kun.uz “Hayotiy hikoyalar” ruknida o‘ziga xos hayot yo‘liga ega yurtdoshlarimiz haqida hikoya qilib kelmoqda.

Mavzuga oid