O‘zbekiston | 13:14
3859
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «Haj – 2026» mavsumi 2 maydan boshlanadi

2 maydan 18 mayga qadar O‘zbekistonning 9 ta hududidan Madinaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Joriy yilda ham Hajga 15 ming ziyoratchi boradi, bir kishi uchun haj safarining narxi 77 million so‘mni tashkil qilmoqda.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston 2026 yilgi Haj mavsumi 2 maydan boshlanadi hamda 18 mayga qadar har kuni Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlar amalga oshiriladi.

Ziyoratchilar O‘zbekistonning 9 ta hududi – Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlaridagi aeroportlardan Madina shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchadi.

Musulmonlar idorasining ma’lum qilishicha, o‘zbekistonliklarni Madina shahriga yetkazish Saudiya Arabistonining arzon narxdagi (low-cost airline) kompaniyasi Flyadeal zimmasiga yuklatilgan. Hojilarni qaytarib olib kelish esa Uzbekistan Airways tomonidan amalga oshiriladi. Ziyoratchilarning qaytishi iyun oyining dastlabki haftasida boshlanishi kutilmoqda.

Idora matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, joriy yilda ham O‘zbekiston uchun 15 ming dona kvota ajratilgan. Musulmonlar idorasi huzuridagi «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish markaziga ko‘ra, joriy yilda bir kishi uchun Haj safarining narxi 77 million 73 ming so‘mni (qariyb 6400 dollar) tashkil qilmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston fuqarolari kelasi yilda Haj ziyoratiga borish uchun oldindan elektron navbatga ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Bu ikki usulda amalga oshiriladi — Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va www.haj-umra.gov.uz sayti orqali.

Ma’lum qilinishicha, ayni vaqtda Haj tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha quyidagi tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda:

  • ziyoratchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, meningit kasalligiga qarshi emlandi;
  • ziyoratchilarning rasmiy haj vizalari va boshqa zarur hujjatlarni rasmiylashtirish yakunlandi;
  • ziyoratchilarga guruh rahbarlari biriktirilib, safar oldi mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Diniy idoraga ko‘ra, har bir ziyoratchiga quyidagilar taqdim etilmoqda:

  • «Haj – buyuk ibodatdir» qo‘llanmasi;
  • Sumka;
  • Nimcha;
  • Termos;
  • Soyabon;
  • sim-karta va quvvatlagich.

Shuningdek, ayni vaqtda Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan «Haj – 2026» mavsumi ilk ishchi guruhlari hamkor tashkilotlar bilan birga mehmonxonalar, Mino va Arofot vodiylarida ziyoratchilar uchun sharoitlar tayyorlash bo‘yicha ish olib bormoqda.

Mavzuga doir: Saudiya Arabistonida Haj mavsumiga tayyorgarlik boshlandi. Nimalarni bilish kerak?

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish