12:03 / 01.04.2023
27284

«Bolalarning begonasi bo‘lmaydi»: o‘gay farzandlarni o‘z bolasiday tarbiyalagan ota haqida hayotiy hikoya

«Tog‘ etagidagi qulay adirlikka chiqayotganimizda oyog‘im tagidan nimadir portladi va to‘lqin meni uloqtirib yubordi. Piyodalarga qarshi ishlatiladigan minaga duch kelgandik. Odatda bunday minalar oyoqlardan birini uzib yuborardi. Biroq menda unday bo‘lmadi. Oyoqlarim butun qolgan, faqat tanamga mina parchalari tekkandi. O‘shanda bekorga xursand bo‘lgan ekanman. O‘sha mina parchalari hayotimni o‘zgartirib yubordi va meni qiyin sinovlarga duchor qildi».

Inson dunyoga kelar ekan, boshiga turli sinovlar tushishi tabiiy hol. Kimlardir ana shu sinovlarga bardosh bera olmaydi. Boshqalar esa sabr qiladi va rohatini ko‘radi.

Elektron pochtamga maktub yo‘llagan otaxon ham bir paytlar juda og‘ir sinovga duch kelib sabr qilgan insonlardan biri ekan.

«Og‘ir sinovga duch kelganimda xayolimga turfa yomon o‘ylar ham kelgan. Hatto o‘zimni o‘ldirmoqchi ham bo‘lganman. Biroq yaxshilab o‘ylab ko‘rsam, Xudo bergan jonni faqat uning O‘zi olishga haqdor ekan. O‘shanda jonimga qasd qilishim eng yomon ish bo‘lishini anglab yetdim va barchasiga sabr qildim», deydi u maktubida.

Otaxonning yozishicha, u sovet davrida harbiy xizmatni Afg‘onistonda o‘tagan va urushda qatnashgan. O‘sha yerda piyodalarga qarshi ishlatiladigan minaga duch kelib, ortidan tuzalmas dard orttirib olgan ekan.

O‘shanda bepusht bo‘lib qolgach sevgan ayoli bilan ajrashishga majbur bo‘lgan. So‘ng ikki bolasi bilan tul qolgan ayolga uylanib, uning farzandlarini tarbiyalagan ekan.

«1980 yilda o‘rta maktabni tugatdim. O‘sha paytda o‘zimdan bir yosh kichik mahalladosh qizni yaxshi ko‘rardim, biroq bu ko‘z urishtirishdan nariga o‘tmasdi.

Biz tomonlarda qiz va yigitning sevishib uchrashib yurishi mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat sanalardi. Shu sababli yaxshi ko‘rgan qizimga hatto uni sevishimni ham ayta olmasdim. Qolaversa, u davrlarda hayo, ibo qizlarda ham, yigitlarda ham kuchli edi.

Maktabni bitirgan yilim harbiy komissariatga chaqirishdi. Tibbiy tekshiruvlardan o‘tdim. Baquvvat yigit edim. To‘ylarda kurash tushib yurardim, sog‘lom deb topishdi.

Biroz o‘tib harbiy xizmatga jo‘nash vaqti keldi. O‘sha paytda Afg‘on urushi boshlanganiga ikki yil bo‘lgan, aksariyat yigitlarni o‘sha yoqqa jo‘natishayotgan edi.

Qishlog‘imizga urush qurboni bo‘lgan yigitning temir tobuti kelgan, shu sababli ota-onalar bolasini urushga olib ketishlaridan xavotir qilib yashardi. Bunday xavotir ota-onamda ham bo‘ldi.

Otam «odamini topib» bir-ikki so‘m xarajat qilib bo‘lsa ham meni Afg‘onistonga emas, SSSRning boshqa shahriga xizmatga jo‘natishga urinib ko‘rmoqchi bo‘ldi.

U avval vaziyatni bilish uchun tuman harbiy komissariatiga borgan ekan, u yerdagilar «xavotir olmang, o‘g‘lingizni Afg‘onga jo‘natmaymiz» deyishibdi.

Otam harbiy komissariatdan xursand bo‘lib keldi. Uyga qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘, barchani chaqirdi. Boqib qo‘yilgan qo‘chqorni so‘yib osh damlattirdi. Boyaqish, «so‘rab keldim, o‘g‘limni Afg‘onga jo‘natmas ekan», deb barchaga maqtanib chiqdi. Hamma xursand edi.

Biroq harbiy komissariatdagilar otamni aldashganini, Afg‘onga ketishimni ko‘nglim sezib turardi. Mantiqan o‘ylaganda ham baqquvvat, barcha talablarga javob beradigan yigitni qurilish bataloniga jo‘natishmasdi.

Ertaga ketasan deyishgan kuni qanday qilib yaxshi ko‘rgan qizimga meni kutishini tayinlab qo‘yishni o‘ylardim. Oxiri qo‘shnimizning ayoliga dardimni yordim.

Yanga qizni o‘zining uyiga chaqirib kelishga va o‘sha yerda gaplashib olishimga yordam beradigan bo‘ldi.

«Hozir qizning oldiga boraman. Agar uni ham sizda ko‘ngli bo‘lsa, xayrlashgani keladi. Ko‘ngli bo‘lmasa kelmaydi. Mabodo kelmasa ko‘z yosh to‘kib yurmang tag‘in. Eson-omon kelib oling, qishlog‘imizda qiz ko‘p», deb u chiqib ketdi.

Birozdan keyin yanga jilmayib kirib keldi. Qiz kelganini tushundim. Qizga meni kutishini, Xudo xohlasa omon qaytishimni aytdim. Yana menga xat yozib turishini, unga yozgan xatlarimni yanganing nomiga jo‘natishimni aytdim. Qiz chiqib ketdi.

Ertasi kuni harbiy komissariatga bordim. Barchamizni avval viloyat markaziga, so‘ng Termizga olib ketishdi. Tushundimki, bizni Afg‘onga yuborishadi.

Ota-onamga ilk maktubni yozganimda Termizda ekanimizni aytmadim. Rossiyadagi shaharlardan birining nomini yozib yubordim. Oradan bir necha oy o‘tib bizni Afg‘onistonga olib ketishdi.

Urush dahshatlarini hozir eslagim kelmayapti. Men uchun eng ajablanarli holat bizga qarshi jang qilib asir tushganlar orasida o‘zbeklar ham borligi bo‘ldi.

Afg‘onistonda 1930-yillarda kollektivlashtirish davrida qochib ketgan o‘zbeklarning avlodlari yashashini bilardim. Biroq u yerda millionlab etnik o‘zbeklar azaldan yashab kelishini bilmas ekanman.

O‘shanda asirlardan biri menga juda og‘ir gaplarni gapirgan edi:

«Ming la’nat bo‘lsin senlarga. Bu yerda kimga qarshi jang qilyapsan? Vatanini sho‘ro armiyasidan himoya qilayotgan millatdoshlaringa qarshimi? Yoki rabbim Alloh, payg‘ambarim Muhammad alayhissalom degan dindoshlaringga qarshimi? Aytgancha, senlar sho‘roviy, dindan chiqib ketgansanlar-ku. Biz senlardan yordam so‘radikmi? Nega birovning yeriga bostirib kelasanlar? Shunchalik osonmi birovning uyini vayron qilib odam o‘ldirish?»

O‘shanda daryo ortidagi millatdoshim ancha gaplarni gapirgan va yomon qarg‘agandi. Bir necha kun uning savollaridan, qarg‘ishlaridan ta’sirlanib yurdim. Biroq o‘rtada hayot-mamot masalasi turgandi. Sen o‘ldirmasang, seni o‘ldirishadi.

Kunlardan bir kun tog‘ etagidagi qulay adirlikka chiqayotganimizda oyog‘im tagidan nimadir portladi va uning to‘lqini meni uloqtirib yubordi. Piyodalarga qarshi ishlatiladigan minaga duch kelgandik.

Odatda bunday minalar oyoqlardan birini uzib yuborardi. Biroq negadir menda unday bo‘lmadi. Ikki oyog‘im ham butun qolgan, faqat tanamga mina parchalari tekkan edi.

Ma’lum bo‘lishicha afg‘onlar adirlik atrofini minalashtirgan, men esa ulardan birini bosib olgan ekanman.

Darhol ortga qaytdik. Yaralanganlarni polk shifoxonasiga yotqizishdi. Belimdan mina parchasini olib tashlashdi. Jarohatim uncha og‘ir emas, oyoqlarim butun qolganiga kayfiyatim yaxshi edi. Biroq bu xursandchilik uzoqqa bormadi.

Ertasi kuni menga qarayotgan hamshira negadir «bardam bo‘l askar, hali hammasi yaxshi bo‘ladi» dedi. Uning gaplari meni hayron qoldirdi. Arzimagan mina bo‘lakchasi tekkanini aytmaganda aytarli jarohat olmadim. Nega hamshira bunaqa deyapti?

Undan izoh so‘radim. «Agar vrachga sotmasang aytaman», dedi. Va’da berdim.

«Sen duch kelgan mina oddiy emas, unga kimyoviy moddalar bilan ishlov berilgan. Minaning parchasi tanaga tekkanda insonni bepusht qiladi. Senda ham katta ehtimol bilan shunday bo‘ladi. Shu uchun xursand bo‘lishga erta. O‘zingga Xudodan shifo so‘ra», dedi u.

Hamshiraning gaplarini eshitib muzlab ketdim. Biroq chorasiz edim. Ko‘p o‘tmay tuzaldim va yana jangga qaytdim. Bir necha oydan so‘ng xizmat muddatim tugadi va uyga javob berishdi.

Ko‘p o‘tmay uydagilar yaxshi ko‘rgan qizimga sovchilikka bormoqchi bo‘lishdi. Sovchilarni jo‘natishdan avval meni ikki yil kutgan qizga barchasini bilishi kerak degan xulosaga keldim. Unga Afg‘onda bo‘lgan hodisani aytib berdim.

Qizga gapirar ekanman, tanlov o‘zida ekanini, men bilan yashasa umuman farzand ko‘ra olmasligi mumkinligini, shunga bir qarorga kelishi lozimligini aytdim. Shunda u «siz bilan birga bo‘lsam barcha sinovlarga chidayman», dedi. Shu bilan masala hal bo‘ldi.

To‘y o‘tdi, hammasi risoladagiday, biroq xotinimning bo‘yida bo‘lmasdi. Avvaliga farzandli bo‘lmayotganimizga parvo qilmagan onam to‘yimizga ikki yildan oshgach tashvishga tushib qoldi.

Xotinimga bu haqda ta’na qilib gapiradigan bo‘ldi. Shunday paytlarda xotinimdan ko‘ra ko‘proq men azoblanardim.

Axiyri bir kun hech kimga aytmay viloyat markazidagi shifoxonaga bordim. U yerda turli analizlar olishdi, tekshirishdi. Oxirida vrach gapning indallosini aytdi:

«Uka, o‘zing ham bilib turibsan, sen jinsiy zaif emassan, bepushsan. Bu qanday sodir bo‘lgan bilmadim-u, senda erkaklik urug‘ini ishlab chiqaradigan joying tuzalmas bo‘lib shikastlangan. Sendagi dardni davolashga hozircha meditsina ojiz. Mabodo Afg‘onda bo‘lmaganmisan?»

Bosh irg‘ab unga Afg‘onda bo‘lgan hodisani gapirib berdim. Vrach menga sabr tilashdan boshqa chorasi yo‘qligini aytdi. Uning oldidan umidsiz bo‘lib chiqib ketdim.

Hayotimiz juda qiyin o‘ta boshladi. Xotinim yosh bolalarni ko‘rganda qanday ta’sirlanishini ko‘rish men uchun og‘ir edi. Ikkinchi tomondan onamning ta’nalari har ikkalamizga ham azob berardi. Bor gapni onamga aytmasdan xotinimga ta’na va pichinglar «sotib olib berayotganim uchun» men ikki karra qiynalardim.

Axiyri bir kun ota-onamga barchasini aytib berdim. Haqiqatni bilishgach onam yig‘lay boshladi. Otam o‘ychan o‘tirar, mening esa yelkamdan tog‘ ag‘darilgan edi. Onam o‘sha zahoti xotinimni chaqirib, undan kechirim so‘radi.

Shundan so‘ng onam xotinimga mehribonlik qila boshladi. Uning bu ishini «Rahmat senga, o‘g‘limning aybini bekitib yuribsan», qabilida tushunib g‘ashim kelardi. Keyin bilsam, xotinimda ham shu kechinmalar bo‘lgan ekan.

Kunlardan bir kun xotinim narsalarini yig‘ishtira boshladi. Hayron bo‘ldim. Shunda u bunday hayotga ortiq chiday olmasligini, shu uchun otasinikiga qaytishini aytdi va mendan talog‘ini berishimni so‘radi:

«Ortiq chiday olmayman. Farzandim bo‘lmagani uchun emas, ota-onangizning bizga rahmlari kelib muomala qilishlari meni muvozanatdan chiqaryapti. Qani edi ular asl haqiqatni bilishmasa, men avvalgiday ta’na va piching gaplar eshitib yuraversam. Endi ularning gapirishlari u yoqda tursin, ko‘z qarashlariga ham chiday olmayapman. Bunaqada jinni bo‘lib qolish hech gapmas. Shu uchun ketganim yaxshi».

O‘sha tobda unga hech narsa deya olmasdim. Deyishga haqqim ham yo‘q edi. Garchi to‘ydan avval hammasini aytgan bo‘lsam-da, unga oson tutmayogandim.

Inson o‘z imkoniyatlarini har doim ham to‘g‘ri baholay olmaydi. Mashaqqatga duch kelishdan avval chidayman deb o‘ylashi, biroq sinovlarga duch kelganda dosh bera olmasligi mumkin.

Barchasini o‘ylab ko‘rdim va xotinimning javobini berdim. U men bilan bir umr azoblanib yashashga majbur emas. Uning ham baxtli bo‘lishga haqqi bor.

Shundan so‘ng qishloqqa sig‘may qoldim va uydan chiqib ketdim. Viloyat markaziga borib bir necha kun tentirab yurdim. Yonimda pulim qolmagach zavodlardan biriga ishga kirdim.

O‘sha yerda ishlab qolib ketdim. Uyga har olti oyda bir borib kelardim. Keyinchalik xotinim qo‘shni qishloqdagi bir erkakka turmushga chiqib ketganini eshitdim. Bu xabarni shunday bo‘lishi kerakdek oddiy qabul qildim.

Zavodda ishlab yurganimga 3-4 yil bo‘lib qolgandi, bo‘limimizga bir ayol ishga keldi. Eri vafot etgach ikki o‘g‘li bilan yolg‘iz qolgan ekan. Ayol bilan yaqindan tanishib, unga boshimdan o‘tgan voqealarni gapirib berdim.

Biroz o‘tib, u bilan turmush qurdik. Bolalar avvaliga biroz begonasirashdi. Keyin o‘z bolamday bo‘lib ketishdi.

Shu tariqa bolalarni ulg‘aytirdik, ularni uylantirib, uyli-joyli qildik. Hozir o‘g‘illarim, kelinlarim va nabiralarimga bosh bo‘lib, ularning ardog‘ida yuribman.

To‘g‘ri, bu gaplarim kimlargadir erish tuyular, biroq o‘tgan hayotimdan bitta yaxshi xulosa oldim – bolalarning begonasi bo‘lmaydi».

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top