Jahon | 17:36 / 02.03.2026
5722
3 daqiqa o‘qiladi

 “Qatarliklarning Erondan jahli chiqqan” – Dohadagi o‘zbek ishchi

Yaqin Sharqdagi beqaror vaziyat fonida Qatar hukumati o‘z hududiga qaratilgan raketa hujumlarini deyarli to‘liq qaytarganini e’lon qildi. Mudofaa, ichki va tashqi ishlar vazirliklari birgalikda o‘tkazgan matbuot brifingida mamlakat qurolli kuchlari Eron yo‘nalishidan uchgan bir nechta raketalarni muvaffaqiyatli yo‘q qilgani, insonlar qurbon bo‘lmaganini bildirdi. Kun.uz bilan gaplashgan Dohada yashovchi yurtdoshimizga ko‘ra, odamlar sarosimada emas, aksincha, hukumatga ishonmoqda. 

Rasmiylar xavfsizlik tizimining samaradorligi va oldindan rejalashtirilgan mudofaa choralari evaziga Qatar katta zarar ko‘rmaganini aytmoqda. Fuqarolarga tashqariga chiqmaslik, deraza va ochiq maydonlardan uzoqroq bo‘lish kabi oddiy xavfsizlik tavsiyalari berilgan, shuningdek, hukumat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan asossiz mish-mish va shubhali xabarlar haqida ehtiyotkor bo‘lishni so‘ragan.

Birinchi kundayoq raketa kelishidan taxminan 10 daqiqa oldin telefonlarimizga xabar keldi va favqulodda holat e’lon qilingani aytildi. Raketa tovushlarini eshitdik, ayniqsa harbiy baza yaqinidagi hududdan ko‘p videolar tarqadi. Bugun ham ishga kelishimdan avval telefonlarimizga bildirishnomalar keldi va 10-20 daqiqadan keyin raketani urib tushirishdi”, - deydi Hamrobek Yo‘ldoshev.

Keskinlik avj olgan paytda Qatar rasmiylari havo hududini vaqtincha yopganini bildirdi. Bu chora reyslar xavfsizligini ta’minlash va shubhali raketa hujumlari xavfini kamaytirish uchun amalga oshirilgan edi, natijada Qatar Airways va boshqa aviakompaniyalarning parvozlari vaqtincha to‘xtatildi.

Bizda faqat ogohlantirish bor, ko‘chalarda yurishga taqiq yo‘q. Masalan, supermarketlar 24/7 rejimida ishlayapti, hukumat shunday qilishga buyruq bergan. Ya’ni odamlar qo‘rqib ovqat g‘amlashiga hech hojat yo‘q”, deydi Dohadagi hamyurtimiz.

Qatar hukumati bu hujumlarni xalqaro huquqni buzuvchi va suverenitetga tahdid sifatida qoralagan hamda mintaqaviy tinchlikni saqlashni ustuvor maqsad deb e’lon qilgan ko‘plab Arab davlatlari bilan birgalik bayonotiga qo‘shilgan. Jumladan, Qatar, AQSh, BAA, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Bahrayn va Iordaniya kabi davlatlar Eronning raketa va dron zarbalarini keskin qoralab, bu harakatlarni mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni buzuvchi amaliyot deb atadi. Eron esa urush boshlanishidan avval bunday yo‘l tutishi mumkinligini aytib ogohlantirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Qatar uzoq yillar davomida Yaqin Sharqda murakkab muvozanatli siyosat olib borgan davlatlardan biridir. Mamlakat rasmiylari Eron bilan ham tarixan kontinental darajada diplomatik aloqalarni saqlab kelgan bo‘lsa-da, hozirgi harbiy hujumlarni qabul qilib bo‘lmaydigan harakat deb hisoblaydi. Bu voqea Qatar–Eron munosabatlari nuqtai nazaridan noqulay holat deb ko‘rilmoqda.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid