O‘zbekiston | 13:33 / 20.02.2017
52835
6 daqiqa o‘qiladi

Andijon chorvachiligi: sanoat darajasiga chiqadigan echki sutidan bir kunda 16 tonna sut beruvchi qoramollargacha

Chorvachilik qadimgi davrdan to bugunga qadar insoniyat turmush tarzining ajralmas bir bo‘lagi bo‘lib kelgan. Tsivilizatsiya jarayoni inson hayotiga yangicha ko‘rinish olib kirgan turli mashg‘ulotlar, ixtirolar va kasblarni paydo qilgan bo‘lsa-da, chorvachilik bular bilan uyg‘un tarzda rivojlana bordi.

Bugun butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham chorvachilik izchil rivojlanib, kengayib bormoqda. Aholining bu mashg‘ulot bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda, bu islohotlarni amalga oshirish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Kun.uz tahririyatining Andijon viloyatiga safari davomida hududda tashkil etilgan chorvachilik bilan ham yaqindan tanishdi. Jumladan, viloyatning Oltinko‘l tumanida joylashgan “Baxt imkon rivoj chorvasi” fermer xo‘jaligida bo‘lib, olib borilayotgan ishlarga guvoh bo‘ldi. Shuni alohida ta'kidlash lozim-ki, tadbirkor Faxriddin Ismoilov rahbarligidagi maskanda naslchilik, chorvachilik mahsulotlarini ko‘paytirish, yem-xashak bazasini mustahkamlash kabi jarayonlar zamonaviy uslubda kompleks mexanizatsiyalashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Tas-Ix`da ko‘rish

- Fermer xo‘jaligimizda 1680ta qoramol bo‘lib, shundan 650 boshi sog‘in sigirlar, 384 boshi 1 yoshgacha bo‘lgan buzoqlar hisoblanadi, - dedi mazkur xo‘jalikning ish yurituvchisi Qobil Karimov. – Ayni kunlarda 14,5 tonnadan 16 tonnagacha sut olishga muvaffaq bo‘lyapmiz. Bunga sabab maskanda “Simmental”, “Golshtin friz”, “Shvits” zotli qoramollarning parvarishlanayotganidir. Masalan, “Golshtin friz” zotli sigirdan bir kunda o‘rtacha 40 litr sut sog‘ib olinadi. Qolgan zotlar esa 30-35 litrdan sut beradi.

Suhbat davomida aniq bo‘ldiki, sigirlarning sut berish holati havo va ozuqa evaziga o‘zgarib turadi. Salbiy holatlar vujudga kelsa, bir kunda 1,5 tonnaga qadar sut yo‘qotilishi mumkin.

Ushbu fermer xo‘jaligi 2006 yilda tashkil topgan. Dastlab 333 bosh mahalliy qoramol boqishdan boshlangan ish keyinchalik 2010 yilda Germaniyadan 93 bosh “Shvits” zotdor qoramol olib kelish bilan davom ettiriladi. Qiyosan qaralganida ushbu zotdor sigirlar mahalliylariga qaraganda 10-15 litr ko‘p sut berishi bilan farqlanar edi. Shu sabab fermer xo‘jaligi tomonidan har yili 300-400 bosh zotdor qoramol olib kelinib, parvarishlanmoqda. 

Hayratli raqamlar

Qobil Karimovning ma'lum qilishicha, bugungi kunda ushbu fermer xo‘jaligida chorvaning o‘zida 93 nafar ishchi mehnat qiladi. Bundan tashqari, parvarishga texnik ishlarga alohida xodimlar faoliyat yuritadi. 8 nafar veterinar jonivorlarning sog‘lig‘iga qaraydi. Qoramollarni urug‘lantirish bo‘yicha ham uch nafar mutaxassis ish olib boradi.

“O‘zimizga oladigan yemlardan 200 tonna makkapoya donini, 85 tonna bug‘doy donini yig‘ishtirib olamiz. Qoramollarga 11 xil aralashmali ozuqa beriladi”, deydi mutaxassis.

O‘tgan 2016 yilda 1000 bosh naslli buzoq olgan xo‘jalik, 3176 tonna sut va 3,4 tonna go‘sht mahsulotlari ishlab chiqardi. Maskanda parvarishlanayotgan “Simmental”, “Golshtin friz”, “Shvits” zotli qoramollarga xaridor ko‘pligini o‘tgan yili 660 bosh naslli chorva sotish uchun tuzilgan shartnomalardan ham bilib olish mumkin. Daromadning bir qismi hisobiga chet ellik mehmonlarga ham xizmat ko‘rsata oladigan, jahon andozalariga mos tushuvchi mehmonxona qurilgani alohida e'tiborga molik.

Xo‘jalikda yangi yo‘nalish – echkichilik

Yurtimizda echki sutini iste'mol etishni xush ko‘radiganlar va bu jonivorlar boqiladigan xo‘jaliklar ko‘p, biroq shu paytgacha echki sutini sanoat ko‘lamida ishlab chiqaradigan yirik xo‘jaliklar yo‘q edi. Yangi loyihani amalga oshirish uchun xo‘jalikka Germaniyadan 294 bosh “Zaanen” zotli sut berish mahsuldorligi yuqori bo‘lgan echki olib kelindi.  

- Echki qoramolga nisbatan 10 marta kam ozuqa qabul qiladi,- deydi zootexnik Qobiljon Karimov. - Sut berish mahsuldorligi esa yaxshi bo‘lib, uning suti dorivor va xaridorgir. Olib kelingan echkilarning hozirda 50 boshi bo‘g‘oz ekanligi bu borada ham naslchilikni rivojlantirishimizga imkon beradi.

Qimirlagan qir oshar, deb bejiz aytishmagan. O‘z harakatidan baraka ko‘rayotgan mazkur fermer xo‘jaligining kelgusidagi rejalari bisyor. Qolaversa, fermerlik, chorvachilikka endi qadam qo‘yayotgan yoshlarga saboq berib kelayotgan, ularni oyoqqa turib olishlariga ko‘makchi bo‘layotgan ushbu fermer xo‘jaligi O‘zbekiston taraqqiyotiga ham o‘z hissasini qo‘shmoqda. “Baxt imkon rivoj chorvasi”da sidqidildan, o‘z ishiga ijodiy yondoshib mehnat qilayotgan bugungi kun insonlari kishiga yangi g‘oyalar, yangi g‘ayrat taqdim etadiki, yurtimizda yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, ezgu ishlarga qo‘l urging keladi.

ANDIJON BO‘YLAB SAYoHAT>>>

Mavzuga oid

E`lonlar