O‘zbekiston | 16:06 / 30.12.2020
9144
4 daqiqa o‘qiladi

Endi hokimlar «snos» bo‘yicha qaror chiqarish uchun adliya organlaridan ruxsat olishi kerak bo‘ladi

Hokimlarning olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektlarini buzib tashlash to‘g‘risidagi qarori faqat adliya organlarining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lgandagina qabul qilinadi.

23 dekabr kuni «Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun prezident tomonidan imzolandi. Unga ko‘ra, mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan 2ta qonun va 1ta kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, endilikda viloyat, tuman, shahar hokimi qonunda nazarda tutilgan hollarda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, dehqon xo‘jaliklari va fuqarolarga egalik qilish, foydalanish uchun va ijaraga yer berishga, ushbu sub'yektlarning yerga egalik qilish va undan foydalanishga bo‘lgan huquqini bekor qilishga haqli ekanligi belgilandi. Ilgari hokimlar bu sub'yektlarning yerga egalik qilish va yerdan foydalanish huquqini to‘xtatib qo‘yishga ham haqli bo‘lgan.

Qonun bilan Yer kodeksiga ham mulkdorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashga qaratilgan bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, kodeksdan Vazirlar Mahkamasining, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) davlat hokimiyati organlarining yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqini belgilangan tartibda bekor qilish hamda yerlarni olib qo‘yish bilan bog‘liq vakolatlari chiqarildi.

Shuningdek, Yer kodeksiga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, yer uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini tugatishning sud tartibida amalga oshirilishi holatlari belgilab qo‘yildi. Bungacha yer uchastkasiga egalik qilish yoki yer uchastkasidan foydalanish huquqini tugatish barcha holatlarda hokimlarning qarorlari yoki Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshirilgan.

Qonun bilan «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga quyidagi qoidalar kiritildi:

– davlat organining mulkdorning mol-mulkini bevosita olib qo‘yishga qaratilmagan qarori, shu jumladan, yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishi mulkdorning roziligi bilan qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilishi;

– Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimlarining olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektlarini buzib tashlash to‘g‘risidagi qarori faqat adliya organlarining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lganda qabul qilinishi;

– mol-mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarining qayta ko‘rib chiqilishiga hamda bekor qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi.

Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kirgan.

Avvalroq Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Senat yalpi majlisida qishloq xo‘jaligi investitsiya obektiga aylanishi kerakligi, buning uchun esa yerga bo‘lgan huquqlar barqaror bo‘lishi lozimligi haqida gapirgan, buning uchun hokimlarning yer uchastkalari ajratish bo‘yicha qaror qabul qilish institutini bekor qilish taklifini bildirgan edi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev O‘zbekistonda «snos»larga qarshi moratoriy joriy etishni taklif qilgandi.

Mavzuga oid

E`lonlar