15:57 / 11.12.2020
9176

O‘zbekistonda «snos»larga qarshi moratoriy joriy etish taklif qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev «snos»larga qarshi moratoriy joriy qilish eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini ta'kidladi.

Foto: KUN.UZ

Deputatning fikricha, «snos» masalasi yaqin yillardagi eng «boshog‘riq» muammolardan biri bo‘lib qolishi mumkin.

«Afsuski, kompensatsiyani qoplash uchun mablag‘ bor yoki yo‘q ekanligiga qaramay, «ura-ura»chilik oqibatida qisqa vaqt ichida ko‘plab xususiy mulklarga zarar yetkazildi, ayrimlarda xususiy mulk daxlsizligiga bo‘lgan ishonch sindi va sinmoqda.

Bugun esa yetkazilgan zararlarni qoplash o‘lganning ustiga tepgandek ko‘pgina rejalarning to‘xtab qolishiga ham sabab bo‘lyapti. Ayniqsa, rivojlanishning asosiy kafolati bo‘lgan investitsiya jalb etish masalasi hammasidan ham xavotirli. Birovning peshona teri bilan qurgan joyini asossiz, roziliksiz buzishni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Bunga yo‘l qo‘yish zulm bilan barobar, zulm esa yomon…», - deb yozadi Rasul Kusherbayev.

Shuningdek, deputat «snos» masalasiga doir ishlarni sudda ko‘rib chiqish ham oson emasligini ta'kidlagan:

«Ayniqsa, haligacha ijro hokimiyati tizimida har qanday hokimiyatga ta'sir ko‘rsatish imkoniyatlari saqlanib qolayotgan bir paytda, katta miqdordagi mablag‘ni fuqaroga undirib berish masalasini hal etish sudyadan ham professional bilim, malaka va jur'at talab qiladi».

«Shu bilan birga, investitsiya jalb etishda xususiy mulk daxlsizligini ta'minlash eng muhim talab ekanligi va asosiy ish o‘rni yaratuvchi, soliq to‘lovchilar ham xususiy mulk egalari bo‘lgan tadbirkorlar hissasiga to‘g‘ri kelishini inobatga olsak, aynan «snos» masalasida ma'lum muddatga moratoriy e'lon qilish ayni paytda muammoni yechishning to‘g‘ri yo‘li ekanligini ko‘rsatmoqda.

Toki moratoriy bo‘lmas ekan, joylar alohida guruhlarning manfaati uchun buzilishi, yerlar asossiz olib qo‘yilishda davom etaverishi mumkin. «Snos»ga qarshi moratoriy ayrim joylarda xususiy mulk daxlsizligi nima ekanligini tushunmaydigan, Konstitutsiya va qonunlardagi talablardan chuqur xabardor bo‘lmagan faol «ijrochi»larning qayernidir buzib, yerni olib qo‘yaman, degan fikridan voz kechib, shu yurt kelajagi uchun o‘z harakatlarini o‘ylab ko‘rishga undagan, fuqarolarda esa ishonch uyg‘otib, investitsiya ishtiyoqini oshirgan bo‘lar edi.

Biz nafaqat qog‘ozda balki amalda ham xususiy mulk daxlsizligi ta'minlangan, turmushi farovon, Konstitutsiyasi ustuvor jamiyatda yashashni istaymiz, xolos», - deb yozadi Oliy Majlis deputati.

Top