Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Bu siyosiy o‘yin” – ekspertlar Rossiyadan “daryo tortib kelish”ga nima deydi?
Rossiyaning Ob daryosidan Orolga suv tortish mavzusi rus ilmiy doiralarida faol muhokama qilinmoqda. Kun.uz gaplashgan suv va iqlim masalalari bo‘yicha ekspertlarga ko‘ra, bu juda qimmat va tub mohiyatida geosiyosat yotgan tashabbus. 2,100 kilometrga suv tortish amaliyotini dunyoda hali hech kim qilmagan va bu tavakkalchilik. Loyihaga ehtiros bilan yondashmaslik kerak, deydi mutaxassislar.
Rossiya Fanlar akademiyasining qator ilmiy xodimlari yaqinda o‘tkazgan kengashida Ob daryosining suvini O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi qurigan Orol dengizi tomon burish tashabbusini ilgari surdi. Bundan tashqari, Pechora va Shimoliy Dvina daryolari suvini Azov daryosiga chiqarib, Volgaga burish loyihasi ham bor. Mutaxassislar fikricha, bu Rossiya va Markaziy Osiyodagi suv balansini optimallashtirishi kerak.
Tashabbuschilar hisob-kitobiga ko‘ra, loyiha 100 mlrd dollardan oshishi va yetti bosqichli quvur qurilishi bilan amalga oshishi mumkin. Lekin buning uchun ilmiy asoslar kerak va olimlar Rossiyadan bu mavzudagi ishlarni moliyalashtirishni so‘ramoqchi.
Kun.uz suhbatlashgan suv va iqlim masalalari bo‘yicha ekspert Nozim Hasanovga ko‘ra, bu loyihaga katta ehtiros bilan yondashmaslik kerak.
“Men to‘laqonli bu loyihani rad etish yoki ehtiros bilan qabul qilishga qarshiman. Davlatimiz iloji boricha buni zaxirada ushlashi kerak”, deydi mutaxassis.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatov fikricha esa bu tashabbus – afsona, amalga oshmaydigan ish.
“Juda katta pul resursi, 2,100 kilometrda bunaqangi suvni bir hududdan ikkinchi hududga ko‘chirish loyihasi hali dunyoda qilinmagan”, deydi Abdulahatov.
Shuni ham qo‘shimcha qilish kerakki, Ob daryosi suvi burilgani bilan Orol fojiasi ijobiy tomonga o‘tmaydi. Chunki jami bo‘lib 5 kub kilometr suv beriladi va bu O‘zbekiston ehtiyoji oldida juda kichkina miqdor, Orolni to‘ldirishga ham yetmaydi.
Jamiyatshunos, etnopsixolog Mahmud Yo‘ldoshevning aytishicha, bunday loyihalarning ostida geosiyosat yotadi.
“Bu hazilakam ish emas, katta xarajat va uning ortidan katta siyosat yotibdi. Rossiya Markaziy Osiyodan uzilib bormoqda, boshqa richaglari qolmagach endi xuddi shunga o‘xshagan loyihalarni o‘ylab topishmoqda. Buni qabul qilib bo‘lmaydi”, deydi Yo‘ldoshev.
Loyiha amalga oshgan taqdirda ham real beradigan imkoniyatlari juda kam. Chunki Orolga yetib kelguniga qadar ham suvga bo‘lgan ehtiyoj yuqori bo‘lgan zonalar bor. Suhbatdoshlarning fikricha, Rossiya o‘z ehtiyojlari to‘lovini boshqalarga qildirish niyatida ham bo‘lishi mumkin.
“Rossiyaning o‘ziga kerak bo‘lib qolgan, mana aytilyapti-ku, botqoqlarni qutqarish kerak. Masalaga qarasaki, o‘zining xarajatlarini bizning hisobimizdan qoplamoqchi”, deydi jamiyatshunos.
Nozim Hasanovning qo‘shimcha qilishicha, Markaziy Osiyo yuqori hududda joylashgani bois suvni daryodan Orolgacha tekis yo‘ldan olib kelish imkonsiz. Demak, uni ma’lum balandlikka olib chiqish uchun ham texnologiya talab etiladi. Bu ham qo‘shimcha xarajat degani.
“Qat’iyan bu loyihadan voz kechmasligimiz ham kerak, alohida komissiya bilan o‘rgansa bo‘ladi. Lekin geografik jihatdan mintaqa tepada joylashgani bois suvni tortib chiqarishga to‘g‘ri keladi. Bu xarajat”, deydi u.
Iqlimshunos Abdulahatovning ta’kidlashicha, yaqin 20-30 yillikda Orolni to‘ldirish kutilmalari yo‘q. Bundan ko‘ra, qurigan hududda yashillashtirish siyosatini davom ettirgan ma’qul.
Suhbatni Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasi “Jonli efirlar” bo‘limidan to‘liq tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi.
Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.
Mavzuga oid
20:35
O‘zbekiston Rossiya aviakompaniyalari uchun asosiy xalqaro yo‘nalishga aylandi
13:21
Qrimda harbiy samolyot qulab, 30 kishi halok bo‘ldi
20:56 / 31.03.2026
Rossiya Ukrainaga Donbassdan qo‘shinlarini olib chiqish uchun ikki oy muhlat berdi – Zelenskiy
09:40 / 31.03.2026