Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropa yetakchilari Zelenskiy bilan birga Vashingtonga boradi
18 avgust kuni Oq uyda Zelenskiyning Tramp bilan uchrashuvida Makron, Mers, Meloni va yevropalik boshqa yetakchilar ham ishtirok etadi. Ular prezidentlar o‘rtasida yana tortishuv kelib chiqishidan xavotirda.
Foto: Andrew Kravchenko / Bloomberg / Getty Images
Donald Trampning Alyaskada Vladimir Putin bilan iliq uchrashuvi Yevropa yetakchilarini xavotirga soldi, ular 18 avgust kuni Volodimir Zelenskiy ham Vashingtonda xuddi shunday «do‘stona kutib olinmasligi»dan xavotirda, deb yozmoqda Politico nashri yevropalik diplomatlarga tayanib.
Yevropa yetakchilari Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubbni – «Trampning sevimli suhbatdoshlaridan biri»ni muzokaralar uchun Oq uyga yuborishga qaror qilishgan. Stubb Ukraina va AQSh prezidentlari o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ziddiyatning oldini olishga yordam berishi, shuningdek, Trampni Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha keyingi muzokaralarga Yevropani qo‘shishga ko‘ndirishi ko‘zda tutilgan. Politico xabari chiqishidan ko‘p o‘tmay, Finlandiya prezidenti ofisi Stubb Vashingtonga borishini tasdiqladi.
Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilari fevral oyida Oq uyda bo‘lib o‘tgan, Zelenskiy va Tramp Oval kabinetdagi uchrashuvda barchaning ko‘z o‘ngida bahslashib qolgan muvaffaqiyatsizlik takrorlamasligini xohlamoqda. Hozir ular prezidentlar o‘rtasidagi «mo‘rt ishonch»ni yo‘q qilishi mumkin bo‘lgan «tuzoq»ga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilmoqda. Shu munosabat bilan uchrashuvga «Tramp bilan yaqin munosabatlar o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan» NATO bosh kotibi Mark Ryutte ham qo‘shiladi.
Oq uydagi uchrashuvda ishtirok etishini Germaniya kansleri Fridrix Mers, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen rasman tasdiqladi – ikkinchisi Zelenskiyning iltimosiga binoan Tramp bilan uchrashuvda ishtirok etishini aytdi. Sky News xabariga ko‘ra, Oq uydagi muzokaralarga Italiya bosh vaziri Jorja Meloni ham boradi.
Tramp Putin bilan muzokaralardan so‘ng Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan qo‘ng‘iroqlashuv chog‘ida ularni Moskvadan zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilishni bas qilishga chaqirgan, deb yozmoqda FT. Holbuki Putin bilan uchrashuvgacha Tramp muzokaralar o‘t ochishni to‘xtatishga olib kelmasa, bundan qoniqmasligini, bu holda «juda jiddiy oqibatlar» bo‘lishini aytgandi. Ammo sammitdan so‘ng u Putinning pozitsiyasiga qo‘shilishini va «ko‘p hollarda bajarilmaydigan vaqtinchalik sulhlar» emas, balki tinchlik shartnomasi borasida kelishuv kerakligini aytdi.
Muzokaralardan keyingi ikki kun davomida G‘arb ommaviy axborot vositalari o‘z manbalariga tayanib, Putin Tramp bilan sammit chog‘ida qanday talablar qo‘ygani haqida xabarlar tarqatdi. Ular orasida Ukraina qo‘shinlarining Donetsk va Luhansk oblastlari hududidan olib chiqilishi ham bor. Bunga javoban Putin front chizig‘ining qolgan qismini muzlatib qo‘yishga (bu Xerson va Zaporijjya oblastlarining bosib olingan qismlarini Rossiya nazoratida qoldiradi), shuningdek, Reuters manbalariga ko‘ra, Ukrainaga Sumi va Xarkiv oblastlarining bosib olingan qismlari ustidan nazoratni qaytarishga tayyor. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Zelenskiy Tramp va Yevropa yetakchilari bilan telefon orqali muloqot chog‘ida Donbassdan qo‘shinlarni olib chiqishdan bosh tortgan. Financial Times nashri ta’kidlashicha, Donbassni Rossiyaga berishdan bosh tortganiga qaramay, Zelenskiy Tramp bilan «hududiy masalani muhokama qilish uchun ochiq».
Bundan tashqari, Putin anneksiya qilingan Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olishni, sanksiyalarning bir qismini olib tashlashni, Ukrainada rus tiliga rasmiy til maqomi berilishini, shuningdek, Moskva patriarxati Ukraina pravoslav cherkovi faoliyatiga to‘sqinlik qilmaslikni talab qilmoqda.
Axios va CNN ma’lumotlariga ko‘ra, agar Zelenskiy bilan muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tsa, Tramp 22 avgust, juma kuniyoq Rossiya va Ukraina prezidentlari ishtirokida uch tomonlama sammit o‘tkazmoqchi.
Mavzuga oid
18:47
Zelenskiy Ukrainadagi urush yakunlanishi haqida fikr bildirdi
17:00
Putin yana harbiy formada yig‘ilish o‘tkazdi. Lavrov Yevropani «tinchlik yo‘lidagi asosiy g‘ov» deb atadi
09:33
Rossiya Kiyevga yopirilma zarba yo‘lladi
14:06 / 27.12.2025