Rossiya qurolli kuchlari 27 dekabrga o‘tar kechasi dronlar va raketalardan foydalangan holda Ukraina hududlariga navbatdagi hujumni amalga oshirdi. Hujumlarning asosiy nishoni Kiyev bo‘lgan.. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bir kechada 500 ga yaqin dron, shuningdek, 40 ta raketa, jumladan, «Kinjal» kompleksidan uchirilgan raketalarni qo‘llagan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, energetika obektlari va turar joy binolari zarba ostida qolgan. Ukraina ichki ishlar vazirligi 10 dan ortiq turar joy binolariga zarar yetganini ma’lum qildi. Mahaliy pabliklarda Kiyevdagi hujum nishoni Issiqlik elektr stansiyalari bo‘lgani yozilgan.
Kiyevda hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lib, 32 kishi yaralangan, shundan ikki nafari bolalar. IIV xabarida Kiyev oblastining Belaya Tserkov shahrida ham bir kishi halok bo‘lgani aytilgan.
Ukraina Energetika vazirligi Rossiya mamlakat energetika tizimiga yirik hujum uyushtirganini ma’lum qildi. Kiyev shahri va oblasti, shuningdek, Chernihiv oblastidagi iste’molchilar elektr ta’minotisiz qolgan. Ukraina bosh vaziri Yuliya Sviridenko Kiyev shahri va Kiyev oblastida energetiklar 600 ming iste’molchini elektr energiyasi bilan ta’minlashni tiklash ustida ishlayotganini ma’lum qilgan.
Kiyevda Dnipro daryosining chap sohilidagi ayrim hududlar elektr energiyasidan uzilgan. Bundan tashqari, shaharning bir qismi issiqlik ta’minotisiz qolgan. Shahar meri Vitaliy Klichkoning aniqlik kiritishicha, 2600 dan ortiq turar joy binolari, 187 ta bolalar bog‘chasi, 138 ta maktab va 22 ta ijtimoiy soha obekti issiqlik ta’minotidan uzilgan.
Zelenskiy Kiyev bo‘ylab zarbalarga munosabatida Rossiya urushni yakunlashni istamayotganini ta’kidladi:
Shu kunlarda savollar ko‘p bo‘ldi. Qo‘shma Shtatlar va butun dunyo tomonidan urushni tugatish bo‘yicha berilgan takliflarga Rossiyaning javobi qani? Rossiya vakillari uzoq muzokaralar olib boradi, lekin aslida ularning nomidan «Kinjal» va «Shahid»lar gapiradi. Bu Putin va uning atrofidagilarning asl munosabati. Ular urushni tugatishni istamaydi va Ukrainaga ko‘proq og‘riq yetkazish hamda dunyoning boshqa qismiga bosimni oshirish uchun har bir imkoniyatdan foydalanishga harakat qilmoqda.
Va bu javob uchun yetarlicha bosim yo‘qligini anglatadi. Agar Rossiya hatto Rojdestvo va Yangi yil vaqtini vayron bo‘lgan uylar va yonib ketgan kvartiralar, vayron bo‘lgan elektr stansiyalari vaqtiga aylantirsa, bunday faollikka faqat haqiqiy kuchli qadamlar bilan javob berish mumkin. Amerika shunday imkoniyatga ega, Yevropa shunday imkoniyatga ega, ko‘plab hamkorlarimiz shunday imkoniyatga ega. Muhimi – bu imkoniyatdan foydalanish.















