Jahon | 22:54 / 24.12.2025
10542
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukraina bo‘yicha 20 banddan iborat tinchlik rejasini rad etdi

Manbalarga ko‘ra, Moskva Kiyev tomonidan taqdim etilgan hujjatga o‘zgartirishlar kiritishga va qarshi talablarni shakllantirishga erishmoqchi. Shu bilan birga, Rossiya rejani butunlay rad etishga tayyor emas.

Foto: AFP/Getty Images

Kreml Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ilgari taqdim etgan 20 banddan iborat qayta ishlangan tinchlik rejasi loyihasini qabul qilmadi va uni o‘zgartirishni talab qilmoqchi, deb xabar berdi Bloomberg agentligi 24 dekabr kuni Rossiya rahbariyatiga yaqin manbaga tayanib.

Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, hujjat Moskvada keyingi muzokaralar uchun «boshlang‘ich nuqta» sifatida ko‘riladi, biroq u «bir qator qoidalarni o‘z ichiga olmaydi va Rossiya tomoni prinsipial deb hisoblagan ko‘plab savollarga javob bermaydi». Xususan, Kreml Ukraina Qurolli kuchlari uchun cheklovlarni kuchaytirishga erishmoqchi.

Manbaning ta’kidlashicha, Rossiya NATOning sharqqa siljishi oldini olish kafolatlarini, shuningdek, Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo‘shilgan taqdirda neytral maqomini mustahkamlashni talab qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, taqdim etilgan loyihada Kiyevning faqat yadro qurolisiz maqomi tilga olingan.

Moskva, shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlarining urushdan keyingi sonini cheklash bo‘yicha takliflardan norozi. Loyihaga ko‘ra, gap tinchlik davrida 800 ming askarlik cheklov haqida ketmoqda, Kreml buni juda yumshoq shart deb hisoblaydi. Bundan tashqari, Rossiya Ukrainada rus tili maqomining aniq kafolatlarini, shuningdek, sanksiyalarning bekor qilinishi va G‘arbda muzlatilgan Rossiya aktivlarining taqdiri masalasiga oydinlik kiritishni talab qilmoqda.

Hujjat tanqid qilinganiga qaramay, Rossiya hukumati uni butunlay rad etish niyatida emas. Bloomberg ta’kidlaganidek, Moskva AQSh prezidenti Donald Tramp bilan munosabatlarni keskinlashtirmoqchi emas va «sovuqqonlik bilan» takliflarni o‘rganishga tayyorligini bildirmoqda.

24 dekabr kuni Volodimir Zelenskiy Rossiya bilan urushni tugatish rejasining barcha 20 ta bandini taqdim etdi. Hujjat Moskva va Kiyev o‘rtasida to‘qnashuv chizig‘ining xalqaro monitoringi bilan hujum qilmaslik to‘g‘risida bitim tuzishni, shuningdek, Shimoliy Atlantika alyansi Nizomining beshinchi moddasi namunasi bo‘yicha AQSh, NATO va Yevropa davlatlari tomonidan Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishni nazarda tutadi.

Bundan tashqari, loyihada Rossiya tomonidan Ukraina va Yevropaga hujum qilmaslik siyosatini qonunchilik bilan mustahkamlash zarurligi aytilgan. Shu bilan birga, kelishuvda Ukraina suvereniteti aniq qayd etilgan.

Asosiy masalalardan biri - hududiy masala hal etilmagan. Kiyev taklifiga ko‘ra, Rossiya Dnepropetrovsk, Nikolayevsk, Sumi va Xarkov viloyatlaridan qo‘shinlarini olib chiqishi kerak. Donetsk, Lugansk, Zaporojiye va Xerson viloyatlarida hozirgi front chizig‘ini «qayerda turgan bo‘lsak, shu yerda qolamiz» tamoyili bo‘yicha qayd etish taklif qilinmoqda.

Moskva, o‘z navbatida, Ukraina Qurolli kuchlarini Donetsk viloyatidan olib chiqishni talab qilmoqda. AQSh erkin iqtisodiy zonani tashkil etish ko‘rinishidagi murosali variantni taklif qilmoqda. Loyihaga ko‘ra, bunday variant faqat Ukrainada referendum o‘tkazilgandan so‘ng mumkin bo‘ladi, unga barcha kelishuvlar to‘plami kiritilishi kerak.

Mavzuga oid