Xalqaro yovvoyi tabiat fondining 2022 yilgi hisobotiga ko‘ra, so‘nggi 50 yilda yovvoyi tabiat dunyosi 69 foizga qisqargan. “Biz tabiatga suitsid jangida mag‘lubiyatga uchrayapmiz”, degan edi BMT bosh kotibi Antonio Gutterish vaziyatni izohlab.
69 foizlik qisqarish nafaqat tabiat, yovvoyi olam, balki insoniyat, uning barqaror turmushiga ham turli xavflar paydo bo‘lganini anglatadi. Inson tabiat bilan chambarchas bog‘liq yashaydi, bioxilmaxillik esa bunda juda ahamiyatli. Hisobotga ko‘ra, Lotin Amerikasi yovvoyi tabiat dunyosida global miqyosdagi eng ko‘p qisqarish kuzatilgan.
Tabiat halokati nega bunchalik xavfli?
Tabiatni asrashning foydalari ko‘p. Asrab qololmaslik ortidan keladigan xavflarni inkor qilib bo‘lmaydi. Tabiatdagi yo‘qotishlar sabab xalqaro YaIMning 50 foizi xavf ostida, tabiiy ekotizimga mavjud xavflar sabab kelajakda pandemiya kabi turli ijtimoiy-iqtisodiy shoklar ko‘payishi mumkin.
Iqtisodiy tarafidan tashqari bioxilmaxillikka xavfning tibbiyot tizimi uchun tahdidlari ham yetarlicha. Sababi tibbiyot tizimida ishlatiladigan dorilarning 25 foizi o‘rmon o‘simliklaridan olinadi.
Insoniyat harakatlari tufayli Yer yuzasining uchdan ikki qismi o‘zgarib ketgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, millionga yaqin o‘simlik va hayvon turlari yo‘q bo‘lib ketish arafasida.
Tadqiqotlar XXI asrning ikkinchi yarmida iqlim o‘zgarishi bioxilmaxillikka salbiy ta’sir etuvchi asosiy sabab bo‘lishi kutilmoqda. Harorat oshishi va yog‘ingarchilikdagi o‘zgarishlar daraxtlar kamayishini va qishloq xo‘jaligi uchun yomon oqibatlarni olib kelaveradi.
Kembrij universiteti hisobotiga ko‘ra, biologik xilmaxillik yo‘qolishi davlatlar iqtisodiy xarajatlarini ham ko‘paytiradi. Universitet bioxilmaxillikka oid kredit reytingini tuzib chiqdi. Unga ko‘ra, ekologik muammolar qarzdorliklar oshishiga ham sabab bo‘ladi. Masalan, tuproqni qayta tiklash va suv toshqinlarining oldini olishga yordam beruvchi o‘simliklar bor. Bunday o‘simliklar barqaror o‘sishi uchun ularni changlatish kerak. Tabiiy “xizmat ko‘rsatuvchi” asalari turlarining yo‘qolib borayotgani esa katta iqtisodiy xarajatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
“Biologik xilmaxillik bilan bog‘liq xavflar iqtisodiy faoliyat va davlat moliyasi uchun jiddiy xatar hisoblanadi. Tabiiy yashash muhitini muhofaza qilish nafaqat tabiat uchun, balki makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash uchun ham juda muhim”, — deydi hisobot hammualliflaridan biri, professor Ulrix Volz.











