Jahon | 12:47 / 25.06.2021
97180
8 daqiqa o‘qiladi

Afg‘on armiyasi hududlarni birma-bir topshirmoqda. AQSh ketgach Afg‘onistonda nimalar bo‘ladi?

Foto: Kawa Basharat / Xinhua / Zuma / Scanpix / LETA

«Tolibon» Amerika qo‘shinlari mamlakatni butunlay tark etishi bilan Afg‘onistonning yirik shaharlarini egallab olish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda. AQSh prezidenti Jo Baydenning rejasiga ko‘ra, amerikalik harbiylarni olib chiqish jarayoni 2021 yilning 11 sentyabrida yakunlanishi kerak.

24 iyun kuni CNN telekanali toliblar yirik shaharlardan biri Mozori-Sharif (Afg‘onistonning shimoliy viloyatlarini va mamlakatni qo‘shni davlatlar, birinchi navbatda, O‘zbekiston va Tojikiston bilan bog‘lovchi transport tugunida joylashgan) atrofiga kelib joylashgani haqida xabar berdi. Toliblar 2001 yilda o‘sha vaqtda ittifoqchilar bo‘lgan AQSh va Rossiya, shuningdek, zamonaviy fikrlovchi va G‘arbga moyil bo‘lgan Shimoliy alyans dala qo‘mondonlari ishtirokida o‘tkazilgan afg‘on operatsiyasi boshida ushbu shahardan siqib chiqarilgandi.

Bugungi kunda asosan mamlakat janubidagi pushtunlardan tarkib topgan «Tolibon» harakati shimoldagi boshqa xalqlar - o‘zbeklar, tojiklar, hazoriylar va boshqalar istiqomat qiluvchi hududlarga dadillik bilan yurish qilmoqda. 22 iyun kuni markazi Mozori-Sharif hisoblanadigan Balx viloyati gubernatori tojiklarning «Afg‘oniston islom jamiyati» partiyasidagi tarafdorlarini (1990-yillar boshidan buyon Shimoliy alyans tarkibida toliblarga qarshi kurashib kelgan) yana bir bor qo‘lga qurol olib, yerlarini va xalqni himoya qilishga chaqirdi. 

Ammo harakat jangarilari, CNN’ning diplomatik tahlilchisi Nik Roberson ta'riflaganidek, xuddi sher o‘z o‘ljasini ilojsiz holatda qoldirgani kabi Mozori-Sharifni qurshab olgan. Ular hukumat kuchlaridan hududlarni birin-ketin tortib olishmoqda: 2021 yil mayidan buyon, «Tolibon»ning o‘zining bayonotiga ko‘ra, ularning ixtiyoriga 90 tuman o‘tgan, BMTning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Debora Layonning ma'lumotiga ko‘ra mamlakatdagi 370 tumandan kamida 50tasi toliblar qo‘lida. Uning aniqlik kiritishicha, egallab olingan hududlarning katta qismi yirik shaharlar atrofida joylashgan. «Bu shuni anglatadiki, toliblar xorijiy kuchlar mamlakatdan chiqib ketishi bilan mamlakat poytaxtiga kirishga tayyorlanishmoqda», — deydi Layon CNN uchun bergan izohida. 21 iyun kuni jangarilar shimoliy chegaralar yaqinidagi Sherxon-Bandar shahrini egallashdi — bu 2000 yildan buyon ilk bor shahar toliblar nazoratiga o‘tishidir, — endi Tojikistondan ularning raqiblariga qarshi xalqaro yordam keladigan muhim o‘tish yo‘lagi ularning nazoratida. The Wall Street Journal nashrining yozishicha, ularning hujumi oqibatida hukumat harbiylaridan 100dan ortig‘i o‘ldirilgan yoki asirga olingan, 134 nafar harbiy qo‘shni Tojikistonga chekinishga majbur bo‘lgan. 

Amerikalik ittifoqchilar ko‘magisiz qolayotgan afg‘on harbiylari shu qadar tushkunlikka tushishganki, ular ko‘p hollarda toliblarga jangsiz taslim bo‘lishmoqda. CNN ixtiyoriga kelib tushgan videoyozuvda afg‘on harbiylari jangarilarga birorta o‘q uzmasdan amerikaliklar bergan harbiy texnikalarning butun kolonnasini topshirishgani aks etgan - masalan, «Tolibon» birorta qora bozorda olishi ilojsiz bo‘lgan Humvee zirhli texnikasini. The Wall Street Journal Afg‘onistonning ko‘plab tumanlari muqarrar mag‘lubiyat tan olingan holda oqsoqollarning jangarilar bilan muzokaralari natijasida taslim bo‘layotgani haqida yozgan. Raqib tomonga o‘tgan afg‘on armiyasi askarlariga esa toliblar maosh ham to‘lamoqda - ular ko‘p oylardan buyon ish haqisiz xizmat qilib kelayotgandi.

22 iyun kuni AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild toliblar hukumatni harbiy yo‘l bilan qo‘lga olgan taqdirlarida ham xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmasliklari haqida ogohlantirdi. «Biz „Tolibon“ uchun yana bir takrorlamoqchimiz, harbiy yo‘l harakat uchun qonuniylikni taqdim etmaydi. Biz Xavfsizlik Kengashidagi va Yevropa mamlakatlaridagi, Xitoy va Rossiyadagi hamkasblar bilan bir necha marta ma'lum qilganmizki, afg‘on muammosini harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmaydi. Jahon Afg‘onistonda hokimiyatga zo‘rlik bilan kelgan kuchlarni ham, «Islom amirligi» tiklanishini ham tan olmaydi», degan BMT Xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida Tomas-Grinfild..

Xalqaro darajada tan olinish — «Tolibon» va AQSh o‘rtasida, 2020 yil fevralida Donald Tramp prezidentligi davrida Qatarning Doha shahrida o‘tkazilgan muzokaralarning muhim sharti bo‘lgandi. O‘shanda toliblar afg‘on hukumati bilan tinch muzokaralarga kirishga, «Al-Qoida» singari xalqaro terrorchi tashkilotlar bilan hamkorlikni to‘xtatishga va'da bergandi — ammo yakunda hech bir va'da bajarilmadi. BMTning iyun oyi boshida bergan hisobotida qayd etilishicha, hukumat kuchlariga hujumlar soni ortgan, «Al-Qoida» bilan aloqalar saqlab qolingan. 

Toliblarning shimolga yurishi boshlanishidan avvalroq AQShdagi harbiy tahlilchilar xalqaro kuchlar mamlakatdan chiqib ketganidan keyin Kobuldagi markaziy hukumat yana ikki yilcha umr ko‘rishini taxmin qilishgandi — amerikalik harbiylar Vetnamdan ketganidan keyin Saygondagi hukumat kommunistlarning Vetnam xalq armiyasi hujumlari ostida yiqilishigacha taxminan shuncha vaqt o‘tgandi. Ammo The Wall Street Journal so‘nggi vaqtlarda ularning prognozlari yomonlashgani haqida yozgan: nashrning manbalari eng yaxshi ehtimolda Kobulning qulashiga yarim yildan 12 oygacha muddat qolgan deb hisoblashmoqda.

Xalqaro koalitsiya harbiylariga asosan tarjimonlik qilib vositachi vazifasini bajargan o‘n minglab afg‘onlarning taqdiri esa alohida tashvish uyg‘otadi. «Tolibon» ularni xoinlar deb baholaydi, «Al-Jazira» telekanali reportajida aytilishicha, allaqachon nafaqat tarjimonlarning o‘zini, balki qarindoshlarini ham namoyishkorona qatl etishni boshlashgan. AQSh harbiy-dengiz qo‘shinlarining iste'fodagi admirali Jyeyms Stavridis (u Afg‘onistondan amerikalik harbiylarni shoshilinch olib chiqishga qarshi chiqqandi) Bloomberg Opinion sayti uchun kolonkasida ommaviy evakuatsiya qilish ishlarini tashkil etib bo‘lsa ham, AQShning hamkorlarini «Tolibon»dan qutqarish uchun barcha choralar ko‘rilishi kerakligini ta'kidlagan — aksincha ularni amerikaliklarning Vetnamdagi ittifoqchilari taqdiri kutadi. Sobiq harbiy, Massachusets shtatidan Vakillar palatasi a'zosi bo‘lgan Set Multon 20 ming tarjimon va boshqa afg‘onlarni evakuatsiya qilish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlagan. «Afg‘oniston taqdiri ayon, bu urushda yenga olmadik, ammo urushni yanada sharmandali yutqazish uchun ko‘plab variantlar bor», degan u The Wall Street Journal uchun bergan izohida.

Mavzuga oid