Jamiyat | 16:32 / 27.04.2019
7795
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Islom bankchiligi va moliyasi bo‘yicha forum bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 2 may kuni Toshkentdagi Wyndham mehmonxonasida “MDH – Islom bankchiligi va moliyasi bo‘yicha forum – 2019” o‘tkaziladi. 3-4 may kunlari esa «Islom bankchiligi, takaful va islom mikromoliyasi» mavzusida katta seminar ham tashkil etiladi.

Mazkur tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, bizning tadbirkorlarni ular uchun yangi bo‘lgan Islom bankchiligi va moliyasi sohasi bilan tanishtirish, ularni ushbu soha imkoniyatlaridan xabardor qilish, boshqa mamlakatlardan tashrif buyurishi kutilayotgan mutaxassislar, amaliyotchi-olimlar va boshqa mehmonlar bilan ushbu sohada yuz berayotgan yangiliklar bilan bo‘lishishdan iborat.

Shu o‘rinda MDH davlatlari uchun islom bankchiligi va moliyasi an'anaviy bank-moliya tizimiga muqobil barqaror moliyaviy yechim sifatida e'tirof qilinayotganligini aytib o‘tish lozim deb o‘ylaymiz.

Forum haqida batafsil ma'lumot berishdan avval, keling islom bankchiligi va moliyasi o‘zi nima ekanligini yaxshiroq bilib olaylik.

Islom bankchiligi va moliyasi o‘zi nima?

Biz kundalik hayotimizda murojaat qiladigan banklar, odatda biz bankdan oladigan kreditlarni amalga oshirmoqchi bo‘lgan loyiha taqdiri unchalik qiziqtirmaydi, ular uchun eng asosiy vazifa – bu siz olgan mablag‘larni foizi bilan o‘z vaqtida qaytarib berishingizdir. Islom banklari/moliya muassasalari esa ulardan farqli o‘laroq, siz mablag‘ jalb qilgan loyihani muvaffaqiyatli amalga oshishini siz bilan birgalikda ta'minlash va shu orqali daromad topishdir. Bu turdagi bank va moliya muassasalari asosan ikki turdagi xizmat – sarmoya kiritish orqali yoki mijozga mahsulotni nasiyaga sotish / ijaraga berish orqali daromad topishadi. Xulosa qilib aytganda, islom moliya muassasalari “qarz beruvchi-qarzdor” munosabatlariga emas, balki “sotuvchi-xaridor” yoki “hamkor” munosabatlari asosida faoliyat yuritishadi.

Mamlakatimizda islom bank-moliya tizimini joriy qilish masalasi

2018 yil may oyida O‘zbekistonda islom bank ishi va infratuzilmasini joriy etishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi ochiq muhokamaga qo‘yilgan edi. Qaror loyihasida tadbirkor va fuqarolarda foiz yukiga ega bo‘lmagan bank-moliya hizmatlariga bo‘lgan qiziqish va zaruriyat ortib borayotgani qayd etilgan. Shuningdek, islom bank ishi va moliyasi tamoyillarini ishlab chiqish va tatbiq etish bo‘yicha Komissiya tuzilishi ham ma'lum qilingan.

O‘zbekistonda islom bank-moliya tizimini tatbiq etish va rivojlantirish yetarlicha imkoniyatlar mavjud. Aynan, shu mavzuni keng muhokama qilish maqsadida tashkil etilayotgan Forum, xalqaro sarmoyadorlar, ishbilarmonlar, olimlar va soha mutaxassislarini jalb qilish orqali nafaqat bizning mamlakatimizda, balki butun mintaqada “Halol” bozorining tarkibiy qismi bo‘lgan islom bank-moliya tizimini rivojlanishiga turtki beradi deb umid qilamiz.

Nima uchun ushbu tadbirda ishtirok etish kerak?

Ko‘pchilikda tadbirning ahamiyati va ko‘lami haqida savol tug‘ilishi tabiiy. Mazkur forumda ishtirok etish sizga quyidagi imkoniyatlarni taqdim etadi:

  • Sohadagi eng ilg‘or xalqaro va mahalliy amaliyot turlarilarini aniqlash;
  • Islom bank - moliya sohasidagi ilg‘or va tajribali mutaxassislarning yutuqqa erishgan strategiyalarini o‘rganish;
  • Islom bankchiligining yangi turlari va qirralarini o‘rganish;
  • Islom moliyasi mahsulotlari va xizmatlari va ulardan tadbirkorlik faoliyatingizni kengaytirish uchun qanday foydalanishingiz mumkinligi haqida tushunchalarga ega bo‘lish.

Bundan tashqari, siz islom moliya bozoridagi nafaqat yutuq va yangiliklarni o‘rganish, balki unda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammo va kamchiliklardan xabardor bo‘lish va ularni qanday qilib chetlab o‘tish yoki mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish uchun tashkilotingizni tayyorlab borish ko‘nikmalari bilan tanishasiz. Bu esa kelajakda korxonangizni barqaror o‘sishini ta'minlashga yordam beradi.

Forum davomida islom bank - moliya sohasidagi tarixiy voqealar va global g‘oya va yo‘nalishlar, takaful (islom sug‘urtasi), O‘zbekistonning islom bank - moliya tarmog‘ini rivojlantirishdagi imkoniyatlari, shu yo‘nalishdagi aniq vazifalar kabi mavzularda qiziqarli taqdimotlar namoyish etiladi.

Shuningdek, siz Kanada, Pokiston, Quvayt, Saudiya Arabistoni, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda O‘zbekistondan islom moliya sohasidagi tajribali mutaxassislar taqdimotlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.

Tashkilotchilar

Ushbu forum va ikki kunlik seminar tashkilotchilari Al Huda islom bankchiligi va iqtisodiyoti markazi (BAA), «Sheikh Ahmed Bin Obeid Al Maktoum» (SABOAM) xalqaro investitsion kompaniyasi (BAA), hamda Islom taraqqiyot bankining ICD tarmog‘i hisoblanadi.

SABOAM kompaniyasining ta'sischilari Dubay (BAA), hamda O‘zbekiston bo‘lib, qo‘shma korxonaning asosiy faoliyati rivojlanib kelayotgan yengil sanoat, ishlab chiqarish, logistika va turizm hamda iqtisodiyotning boshqa ilg‘or sohalariga sherikchilik sarmoyasi kiritishdan iborat.

Tadbirda hamkor davlat idoralari qatorida O‘zbekiston Banklar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Vazirlar Maxkamasi qoshidagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Kapital bozorni rivojlantirish agentligi, O‘zbekiston Lizing beruvchilar Uyushmasi va boshqa ko‘plab tashkilotlar qatnashishi kutilmoqda.

Barchani ushbu yirik tadbirda ishtirok etishga va islom bank-moliya sohasining so‘nggi yangiliklaridan xabardor bo‘lishga chorlab qolamiz. Shoshiling, joylar cheklangan!

Facebook: fb.com/evens/633113040479913

Murojaat uchun telefonlar:

O‘zbek va rus tillarida: +99890 9715557

Ingliz tilida: +99890 1161785

Mavzuga oid