Jahon | 07:26 / 03.11.2025
4325
3 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni megaloyihalari ko‘lamini qayta ko‘rib chiqadi

Saudiya Arabistoni suveren investitsiya jamg‘armasi (PIF) strategiyasini o‘zgartirishni rejalashtirmoqda: oxirgi o‘n yillikda iqtisodiy rejalarining markazida bo‘lgan ulkan qurilish loyihalariga e’tibor qisqaradi. Bu haqda yangi strategiya bilan tanish manba Reuters’ga ma’lum qildi.

Foto: NEOM

Podshoh vorisi, mamlakatning amaldagi rahbari Muhammad bin Salmon 2016 yilda Vision 2030 dasturini taqdim etgan edi — iqtisodiyotni o‘zgartirishga qaratilgan, ulkan ko‘chmas mulk loyihalariga urg‘u beruvchi ambitsioz reja.

Dastlabki strategiyaga gorizontal shahar-osmono‘pari «Oynali yo‘l» (The Line) loyihasi ham kirgan bo‘lib, u kengligi 200 metr, balandligi 500 metr, uzunligi 170 ming metrga yetishi ko‘zda tutilgan edi. Shuningdek, mamlakat shimolida tog‘larda xalqaro qishki o‘yinlarni o‘tkazish, yo‘llarini sun’iy qor bilan ta’minlash rejalari ham bor edi.

Biroq 9 million aholiga mo‘ljallangan «Oynali yo‘l» va boshqa megaloyihalar bir qator kechikishlarga duch keldi.

Reuters manbasining aytishicha, yangi strategiya PIF uchun barqarorroq va tezroq qaytimni ta’minlash istagi bilan izohlanadi. Endi asosiy e’tibor logistika, foydali qazilmalar (jumladan, rasman ochiqlanmagan bo‘lsa-da, zaxiralari katta deb baholanayotgan nodir yer metallari) va diniy turizm rivojiga qaratilmoqda. Bundan tashqari, mamlakat sun’iy intellekt va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlariga, ularni podshohlikning keng energetik resurslari — shu jumladan uglevodorodlar — bazasida rivojlantirishga tikilyapti.

Yangi strategiya Makka va Madina shaharlarida diniy turizmni kengaytirishni ham nazarda tutadi. Shu oyda shahzoda Muhammad bin Salmon Makkaning Masjidul-Harom atrofida yangi loyiha e’lon qildi — ichki va ochiq maydonlarda jami 900 ming kishi uchun namoz o‘qish joylari barpo etilmoqda.

NEOM doirasidagi «Oynali yo‘l» loyihasida ishlar qisqartiriladi. Endilikda e’tibor uzunligi 2,4 km bo‘lgan birinchi uchastka nihoyasiga yetkazishga qaratilgan, u jahon chempionati talabiga mos stadionni ham o‘z ichiga olishi kerak.

Shu tariqa podshohlik strategiyasi qimmatbaho va ulkan developerlik tashabbuslaridan asta-sekin texnologiyalar, logistika, diniy turizm va raqamli iqtisod kabi diversifikatsiya qilingan va daromadli yo‘nalishlarga siljimoqda

Mavzuga oid