Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeI va Avstraliya bojlarning 99 foizdan ortig‘ini bekor qiladi
Sakkiz yillik muzokaralardan so‘ng Yevropa Ittifoqi va Avstraliya bojlarning 99 foizdan ortig‘ini bekor qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. YeI Avstraliyaga eksporti keyingi 10 yil ichida 33 foizga o‘sishini kutmoqda.
Ursula fon der Lyayyen va Entoni Albaneze Foto: David Gray/AFP
Yevropa Ittifoqi va Avstraliya erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni tuzish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi. Bu haqda seshanba, 24 mart kuni Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen va Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze ma’lum qildi.
2018 yildan buyon ishlab chiqilayotgan mazkur kelishuv har ikki tomon uchun bojxona to‘lovlari kabi savdo to‘siqlarini bekor qilishga qaratilgan.
“Bugun biz dunyoga muhim bir narsani aytmoqdamiz — tubdan o‘zgarib borayotgan, yirik davlatlar tariflardan bosim vositasi sifatida, ta’minot zanjirlaridan esa zaif nuqta sifatida foydalanayotgan dunyoga”, — dedi fon der Lyayyen Kanberrada jurnalistlarga.
“Bizda qoidalarga asoslangan ochiq savdo ijobiy natija beradi”, — deya ta’kidladi Yevrokomissiya rahbari.
Albaneze esa bu bitimni Avstraliya uchun “muhim lahza” deb atadi.
Savdo kelishuvi hozircha kuchga kirgani yo‘q. Uni Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar, Yevroparlament, shuningdek Avstraliya parlamenti ma’qullashi kerak. Shundan so‘ng tomonlar uni imzolashi mumkin. Bu tartib Yevropa komissiyasi va Avstraliya tashqi ishlar savdo idorasi materiallarida ham qayd etilgan.
Savdo kelishuvi Yevropa Ittifoqidan Avstraliyaga eksport qilinadigan tovarlarga qo‘yilgan bojlarning 99 foizdan ortig‘ini bekor qilishni nazarda tutadi.
Bryussel ma’lumotlariga ko‘ra, bu Yevropa biznesiga har yili bojlar hisobiga taxminan 1 milliard yevroni tejash imkonini beradi. Bundan tashqari, YeI kompaniyalari uchun Avstraliyadagi davlat xaridlari sohasiga kirish osonlashadi.
O‘z navbatida, Avstraliya Yevropa uchun strategik ahamiyatga ega muhim xomashyoni ishonchli yetkazib berishni ta’minlashi va ular importiga tariflarni pasaytirishi kutilmoqda.
Yevropa komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur kelishuvdan eng ko‘p mashinasozlik, kimyo, avtomobilsozlik va qishloq xo‘jaligi tarmoqlari manfaat ko‘radi. Yevrokomissiya press-relizida aytilganidek, kelishuv keyingi o‘n yil ichida YeIning Avstraliyaga eksportini 33 foizga oshiradi. Avstraliya hukumati esa erkin savdo birinchi yilning o‘zida mamlakatga 10 milliard Avstraliya dollari, ya’ni taxminan 6 milliard yevro olib kelishini kutmoqda.
Savdo kelishuvidan tashqari, Bryussel va Kanberra yangi mudofaa bitimi imzolanganini ham e’lon qildi.
Avstraliya hukumati press-relizida aytilishicha, bu sohadagi sheriklik “mudofaa sanoati, kiberxavfsizlik, iqtisodiy xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash, nafratning barcha shakllariga qarshi turish va gibrid tahdidlarga qarshi kurashish” bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Shu kuni YeI va Avstraliya xavfsizlik va mudofaa sherikligi haqida ham rasman e’lon qildi.
Mavzuga oid
08:28 / 30.03.2026
O‘zbekistonda 15 turdagi mahsulot uchun xomashyoga import bojlari bekor qilinadi
22:52 / 29.03.2026
Yonilg‘i narxi oshgani sababli Avstraliyaning ikki shtatida jamoat transporti bepul bo‘ladi
10:20 / 23.03.2026
WP: Orbanga yaqin shaxslar YeI yig‘ilishlari haqida Moskvaga axborot bergan
15:21 / 21.03.2026