Namangandagi snos mojarosi: kim yon berishi kerak - arosatda qolgan xonadon egalarimi yoki quruvchi?
Namangan shahri Navoiy ko‘chasida qad rostlayotgan ko‘p qavatli uylar bir ko‘rinishda shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shayotgandek. Qurilish obektlari ortiga o‘tar ekansiz, manzara bir oz o‘zgaradi. O‘sha qurilishlar ortida qolib ketayotgan uy kabi, bizga murojaat qilgan oilaning muammosi ham nazardan tushib qolmoqda.
Muyassar Ne'matullayeva oilasi To‘raqo‘rg‘on ko‘chasi 8-o‘rtako‘cha 30-uyda istiqomat qiladi. Ularning 12 xonali uyi ko‘p qavatli uylar orasida qolib ketgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, uyi evaziga boshqa uy berilishi bo‘yicha quruvchi korxona «Muhammadsaid qurilish savdo» MChJ bilan kelishuv imzolashgan.
Oila tomonidan developerlarga bir nechta uy ko‘rsatilgan, lekin uylar narxi quruvchilarga ma'qul kelmagan.
Biz bu borada qurilish tashkiloti — «Muhammadsaid qurilish savdo» korxonasi boshliq o‘rinbosari Muhammadsaid Abdug‘aniyev bilan suhbatlashdik.
U korxona uy egalariga bir necha taklif bildirganini aytib o‘tdi. Birinchisi — yer olib, ustiga uy qurib berish, ikkinchisi — o‘zlari uy topib, o‘sha uyni sotib olib berish, uchinchisi — 60 ming dollargacha bo‘lgan naqd pul berish takliflari aytilgan. Quruvchining so‘zlariga ko‘ra, xonadon egalari bu takliflarning birortasiga ko‘nmagan.
Xonadon egalari quruvchi ko‘rsatayotgan uylar shahar markazida emasligi, sharoitlar yo‘qligini ta'kidlashmoqda.
Shahar qurilish bo‘limi ushbu holatga nisbatan munosabatini bildirdi.
Namangan shahar qurilish bo‘limi mutaxassisi Muhiddin Zokirov quruvchi korxonaga bir necha bor og‘zaki, bir marta yozma tarzda ogohlantirish bildirilgani, unda qurilish ishlarini olib borishda atrofdagi aholini ko‘chirib, qurilish maydoni xavfsiz holatga kelganidan so‘ng boshlash kerakligi aytib o‘tilgan. Lekin shunga qaramay, qurilish ishlari davom etavergan.
O‘rganishlar davomida amin bo‘ldikki, fuqaro va quruvchi korxonani kelishtirish masalasi hal etilsagina muammoga yechim topiladi. Ushbu hududni obod qilish uchun harakat boshlagan mahalliy hokimiyat vakillari masalaga e'tibor qaratishadi, degan umiddamiz.
Tohirjon Tursunov, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi — Boymirza Xalilov.
Mavzuga oid
07:34 / 23.12.2024
40 mln so‘mlik pirotexnika buyumlarini sotayotgan shaxslar ushlandi
14:40 / 22.12.2024
Eskrou tizimi: u joriy etilsa, mijozlar quruvchilarga aldanmaydimi?
10:11 / 18.12.2024
Uy-joy qurilishida yangi tizim joriy etilishi mumkin
17:03 / 04.12.2024