Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda IELTS imtihonini qog‘ozda topshirish tartibi bekor qilinadi, xorijdan qaytgan fuqarolar majburiy tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi - mahalliy dayjest
O‘zbekistonda 11 iyuldan IELTS imtihonini qog‘ozda topshirish bekor qilinadi. Uzluksiz 90 kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan fuqarolar tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. O‘zbekiston BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti kengashiga saylandi. Beshta viloyatda sel xavfi e’lon qilindi. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
11 iyuldan IELTS imtihonini qog‘ozda topshirish bekor qilinadi
O‘zbekistonda 11 iyuldan boshlab ingliz tili darajasi bo‘yicha xalqaro sertifikat – IELTS uchun qog‘ozda imtihon topshirish amaliyoti to‘xtatilmoqda.
IELTS imtihonini oluvchi IDP tashkilotiga ko‘ra, imtihon topshiruvchilar endi faqat kompyuterda testdan o‘tadi.
IDP bu qaror operatsion sabablarga ko‘ra qabul qilinganini bildirdi.
Tashkilot IELTS imtihonini qog‘ozda yozib topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlar testni kompyuterda topshirish turiga bepul o‘tkazishi yoki imtihon uchun to‘lagan pulini to‘liq qaytarib olishi mumkinligini qayd etgan.
Qayd etish kerakki, mazkur o‘zgarish O‘zbekistonda bungacha qog‘ozda topshirilgan IELTS javoblari internetga sizdirilishi fonida yuz bermoqda. Qog‘ozda topshirilgan IELTS javoblari internetga chiqib ketishi ortidan IDP test markazi 7 iyun kuni bo‘lib o‘tgan imtihon javoblarini qayta tekshirgandi. Ular ichidan ishonchli bo‘lmagan natijalar ajratib olinib, alohida tekshirishga yuborilgan. Natijada 7 iyun kuni topshirganlarning natijasi 24 iyun kuni chiqqan edi.
Xorijdan qaytgan fuqarolar OIV infeksiyasiga majburiy tekshiruvdan o‘tkaziladi
«Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, uzluksiz 90 kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar, O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni majburiy ravishda OIV infeksiyasiga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish belgilanmoqda.
Shuningdek, bu tekshiruv O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekistonda doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun davlat budjeti mablag‘lari hisobidan, qolganlarga o‘z mablag‘lari, ish beruvchining mablag‘lari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan o‘tkazilishi nazarda tutilyapti.
Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi inson salomatligi uchun xavf tug‘diruvchi yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga, aholi salomatligini muhofaza qilishga, mehnat migratsiyasi jarayonlarida ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan huquqiy mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.
O‘zbekiston BMT FAO kengashiga saylandi
Rimda bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti kengashining 2028—2029 yillarga mo‘ljallangan a’zoligiga saylovda O‘zbekiston tarixda birinchi marta ushbu nufuzli organ tarkibiga bir ovozdan saylandi.
Kengash geografik taqsimotni hisobga olgan holda 3 yilgacha muddatga saylanadigan 49 ta a’zo davlatdan iborat. Kengash o‘z vakolatlari doirasida budjet, kengash dasturlarini muhokama qiladi va konferensiyaga muhim qarorlar hamda tavsiyalar beradi.
FAO kengashiga a’zolik O‘zbekiston uchun global qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat siyosatini shakllantirish, me’yoriy hujjatlar va standartlarni ishlab chiqish, milliy va mintaqaviy tashabbuslarni taqdim etish, shuningdek, loyihalarni ilgari surish va qo‘shimcha moliyaviy resurslarni jalb qilishda keng imkoniyatlar ochadi.
5 ta viloyatda sel xavfi e’lon qilindi
«O‘zgidromet» 9–11 iyul kunlari yomg‘ir yog‘ishi kutilayotgani sababli respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqini hodisalari yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Jumladan, Surxondaryo, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining qator tuman hamda shaharlarida sel-suv toshqini hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
«Tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlarini so‘raymiz», deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli bor, bu esa hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin.
Yo‘llarni loyihalashtirishda aholi fikrini inobatga olish mexanizmi o‘rnatiladi
Qonunchilik palatasi majlisida «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan «avtomobil yo‘llarini rejalashtirish» mexanizmi joriy etilib, yo‘l infratuzilmasini aholi va iqtisodiyotning o‘sib borayotgan ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirish nazarda tutiladi. Yo‘llarni loyihalashtirishda aholi fikri va atrof-muhitga ta’sirini inobatga olish hamda piyodalar uchun to‘siqsiz muhitni yaratish bo‘yicha qat’iy talablar o‘rnatiladi.
Shuningdek, qonun loyihasiga kommunikatsiya tarmoqlarini qurishda yo‘llarning avvalgi holatini tiklash xarajatlarini qoplash sharti kiritilmoqda. Yo‘llarda katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishi tartibga solinmoqda. Ajratilgan va yo‘l bo‘yi mintaqalarida xizmat ko‘rsatish obektlarini joylashtirishga oid talablar belgilanyapti.
Qonun loyihasining yana bir jihati bu pulli yo‘llar tarmog‘ini barpo etishning huquqiy asoslari bo‘lib, ushbu yo‘nalishda investorlarga imtiyozlar taqdim etiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Mavzuga oid
23:02 / 07.01.2026
Bemor qornidagi 200 gramm mix va «Nestle» bo‘tqasidagi xavfli toksin – mahalliy dayjest
21:43 / 06.01.2026
“Svetsiz” qolgan aeroport va ishdan olingan “insofsiz” direktor - mahalliy dayjest
21:09 / 05.01.2026
Boysunda neft sizib chiqishi va mahalla ehtiyojlari uchun 24 trillion so‘m – mahalliy dayjest
21:05 / 26.12.2025