O‘zbekiston | 21:09 / 05.01.2026
21264
4 daqiqa o‘qiladi

Boysunda neft sizib chiqishi va mahalla ehtiyojlari uchun 24 trillion so‘m – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Boysundagi konda neft sizib chiqdi

Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» konidan neft sizib chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda qora tusdagi suyuqlikning suv havzalariga tarqalayotgani ko‘rinadi.

Energetika vazirligi kondan neft chiqayotganini tasdiqladi va atrof-muhitga tarqalishining oldini olish maqsadida kon hududi atrofida hamda yaqindagi soy o‘zani bo‘ylab qo‘shimcha himoya hovuzlari barpo etilganini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, neft suyuqligi oqib chiqishi jilovlangan, uning namunasi bo‘yicha tahlil ishlari olib borilmoqda. Uning natijalariga asosan qayta ishlash imkoniyatlari o‘rganiladi, geologik tadqiqotlar esa davom etmoqda. Kanalga oqqan neft suyuqliklarini tozalash ishlari olib borilmoqda.

Mahallalarda muammolarni hal etish uchun mablag‘lar kamida 3 baravar oshiriladi

«O‘zbekiston–2030» strategiyasi loyihasida aholi farovonligini oshirish va hududlarda kundalik muammolarni hal etishda mahallani jamoatchilik hamda davlat organlari o‘rtasidagi «tayanch ko‘prik» sifatida mustahkamlash rejalashtirilgan.

Xususan, aholi tashabbusi bilan infratuzilmani yaxshilash uchun mablag‘larni 24 trillion so‘mga yetkazish (kamida 3 baravar ko‘paytirish), mahalla budjetini aholi ovozi asosida loyihalarga yo‘naltirish, mahallalarda 100 dan ortiq davlat xizmatini «bir qadam»da ko‘rsatish hamda jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, aholi bilan ishlashga qaratilgan jarayonlarni 100 foiz raqamlashtirish, har bir mahallada «elektron xizmat nuqtalarini» ishga tushirish vazifasi belgilangan.

50 ga yaqin funksiya va vakolat mahalliy ijro organlariga o‘tkaziladi

«O‘zbekiston–2030» strategiyasi loyihasida mahalliy kengashlar samaradorligiga oid qonunchilikni takomillashtirish, vakillik organlari ishini 100 foiz raqamlashtirish, hokimlik hujjatlarini E-qaror orqali to‘liq elektron qabul qilish, bir qator vakolatlarni hududlarga o‘tkazish hamda «byurokratiyaning nol» tamoyilini joriy etish belgilangan.

Jumladan, loyihada mahalliy vakillik organlari faoliyatini to‘liq 100 foiz raqamlashtirish vazifasi belgilangan. Maqsad — qarorlar qabul qilish, muhokamalar, nazorat-tahlil jarayonlarini shaffof va tezkor qilish, aholi uchun ochiq axborot muhitini kengaytirish.

Loyihada mahalliy davlat hokimiyati ijro organlari faoliyatini ham transformatsiya qilish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etilgan. Xususan, hududiy boshqaruvni «aholi manfaatlariga xizmat qilish» tamoyili asosida yo‘lga qo‘yish belgilanmoqda.

Atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar har yili 1,5 foizga kamaytiriladi

«O‘zbekiston–2030» strategiyasi loyihasida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish, uning tabiiy tarkibini saqlab qolishga qaratilgan qator chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda. Xususan, atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalarni har yili 1,5 foizga kamaytirish, yirik toifadagi korxonalarda texnologiyalarni to‘liq modernizatsiya qilish va oqova suvlarni tozalash infratuzilmasini 100 foiz yangilash rejalashtirilgan.

Shuningdek, atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi 686 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlardagi ifloslantiruvchi texnologiyalarni 100 foiz modernizatsiya qilish rejasi belgilangan. Bu esa ishlab chiqarish jarayonlarida ekologik talablarni kuchaytirish, qo‘llanayotgan texnologiyalarni zamonaviylashtirish orqali chiqindilarni kamaytirishga qaratilgan.

Mavzuga oid