Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Svetsiz” qolgan aeroport va ishdan olingan “insofsiz” direktor - mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Farg‘onada o‘qituvchilarni tun-u kun navbatchilikda turishga majburlagan maktab direktori ishdan olindi
Kun.uz surishtiruvidan so‘ng Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Buvayda tumanidagi 37-umumta’lim maktabi direktori Hasanboy Nishonovni ishdan bo‘shatdi. U pedagogik jamoaga lavozim majburiyatiga kirmaydigan vazifa yuklagani – amaldagi tartiblarga zid ravishda navbatchilik qilishni talab etgani aniqlangan. Tizim rahbarlari kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymasliklari yuzasidan ogohlantirilgan.
Kun.uz avvalroq Hasanboy Nishonov buyrug‘i bilan pedagoglar 25 dekabrdan 6 yanvarga qadar tun-u kun navbatchilikka jalb qilingani haqida yozgandi. O‘qituvchilar 5 kunlik rasman dam olish kunlarida ham ikki smenada maktabda qolishga majburlangan.
Toshkent metropoliteni liniyalarining grafik sxemasi yangilandi
Toshkent metropoliteni liniyalarining grafik sxemasi yangilandi va dolzarb holatga keltirildi. Ma’lum qilinishicha, yangilanishlar doirasida bir qator vaqt ko‘rsatkichlari qayta hisoblangan hamda yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha ma’lumotlar sxemaga kiritilgan.
Xususan, Yunusobod yo‘li va Halqa yerusti yo‘lida birinchi va oxirgi bekatlar orasidagi o‘rtacha yo‘l vaqti yangilangan. Shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda bekatlar oralig‘ida poyezdlar harakatining o‘rtacha vaqti ham qayta ko‘rib chiqilib, daqiqalar va soniyalar kesimida aniqlashtirilgan.
Bundan tashqari, metro bekatlari yaqinida joylashgan qo‘shimcha shahar atrofi avtostansiyalari sxemaga qo‘shilgan. Shu bilan birga, metro bekatlaridan yetib borish mumkin bo‘lgan qo‘shimcha diqqatga sazovor joylar — bog‘lar, bozorlar va sport inshootlari haqidagi ma’lumotlar ham to‘ldirilgan.
Kichik avtomobillar uchun boj miqdorlari oshdi
2026 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda dvigatel hajmi 1200 sm kubgacha bo‘lgan (kam litrajli) avtomobillar uchun import boji stavkalari ko‘tarildi – 2,5 yil avval kiritilgan pasaytirilgan stavkalarning amal qilish muddati yakuniga yetdi.
Pasaytirilgan stavkalar 2023 yil 17 iyuldan kuchga kirgan va 2026 yil 1 yanvarga qadar ishlab chiqarilganiga 1 yildan oshmagan yangi yengil avtotransport vositalarini olib kirishda bojxona bojlari kamaytirilgan edi.
Imtiyoz muddati uzaytirilmadi va 2026 yil 1 yanvardan quyidagicha stavkalar amal qila boshladi: dvigatel hajmi 1000 sm kubgacha – 15 foiz va har bir sm kub uchun 0,4 AQSh dollari; 1200 sm kubgacha – 15 foiz va har bir sm kub uchun 0,6 AQSh dollari.
Davlat fuqarolik xizmatida lavozimlar 100 foiz tanlov orqali to‘ldiriladi
Davlat fuqarolik xizmatini meritokratiya, halollik va professionallik tamoyillari asosida tashkil etish yo‘nalishida bir qator vazifalar belgilanmoqda.
Jumladan, davlat fuqarolik xizmatining boshqaruv va mutaxassis kadrlar toifasidagi lavozimlarini egallash to‘liq malaka darajasiga asoslangan karera modeli bo‘yicha tanlov orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Edu.argos.uz masofaviy ta’lim platformasi orqali davlat fuqarolik xizmatchilarining onlayn malaka oshirish qamrovini 100 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, «Davlat xizmatchisi» mobil ilovasidan foydalanayotgan davlat fuqarolik xizmatchilari ulushini ham umumiy sonidan 100 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Toshkent aeroporti elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilish kuzatildi
6 yanvar kuni soat 2:28 da Qo‘yliq podstansiyasidagi kichik nosozlik tufayli Toshkent aeroportida qisman elektr uzilishi sodir bo‘ldi. Bu holat samolyotlarning uchishi va qo‘nishiga ta’sir qilmagan, aeroportdagi barcha xizmatlar odatdagi rejimda faoliyat olib borgan.
Jo‘nash va kelish zallari zaxira dizel generatorlar hamda UPS (uzluksiz quvvat manbai) yordamida elektr energiyasi bilan ta’minlangan. Soat 2:49 da elektr ta’minoti to‘liq tiklangan.
O‘z navbatida, «Milliy elektr tarmoqlari» AJ bu ma’lumotni inkor etgan holda, nosozlik Qo‘yliq podstansiyasida emas, balki aeroport tasarrufidagi elektr qurilmasida yuz berganini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
23:02 / 07.01.2026
Bemor qornidagi 200 gramm mix va «Nestle» bo‘tqasidagi xavfli toksin – mahalliy dayjest
21:09 / 05.01.2026
Boysunda neft sizib chiqishi va mahalla ehtiyojlari uchun 24 trillion so‘m – mahalliy dayjest
21:05 / 26.12.2025
2026 yil nomi va o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish rejasi – mahalliy dayjest
21:28 / 25.12.2025