O‘zbekiston | 23:02 / 07.01.2026
5821
5 daqiqa o‘qiladi

Bemor qornidagi 200 gramm mix va «Nestle» bo‘tqasidagi xavfli toksin – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Nestle xavfli toksin tufayli O‘zbekistonda bolalar ozuqasi ba’zi mahsulotlari qaytarib olinishini e’lon qildi

«Nestle Food» kompaniyasi O‘zbekiston hududida bolalar ozuqasi (NAN, ALFARE) mahsulotlarining cheklangan miqdorini – tez eruvchan sutli va nordon sutli quruq aralashmalarni, shuningdek, aminokislotalar asosidagi maxsus diyetik davolash uchun quruq aralashmalarning ayrim partiyalarini ixtiyoriy ravishda qaytarib olishini e’lon qildi.

Kompaniya xabariga ko‘ra, qaror ehtiyot chorasi sifatida qabul qilingan va Nestle mahsulotlarini «global qaytarib olish jarayonining bir qismi» hisoblanadi. Bunga tashqi ta’minotchi tomonidan yetkazib beriladigan araxidon kislotasi tarkibidagi tsereulid toksinining ehtimoliy xavfi sabab bo‘lgan. Uning organizmga tushishi o‘tkir zaharlanishni keltirib chiqaradi, asosiy belgilari ko‘ngil aynishi, qusish va qorin og‘rig‘idir.

Qayd etilishicha, qaytarib olish faqat ayrim partiyalarga taalluqli va Nestle kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda taqdim etilgan bolalar ozuqasi boshqa mahsulotlariga tegishli emas.

Samarqandda shifokorlar bemor qornidan 200 gramm mix va samorez chiqarib oldi

29 yoshli erkak shifoxonaga qornida kuchli og‘riq shikoyati bilan keltirilgan. Shoshilinch qabul bo‘limida o‘tkazilgan diagnostika va laboratoriya tahlillariga ko‘ra bemorning me’da ichak tizimida katta miqdorda yot jismlar, mix va samorez borligi aniqlangan.

Bemorda shoshilinch ravishda laparatomiya, gastrostamiya usulida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, qorin bo‘shlig‘idan 200 gramm atrofida mix va samorez olib tashlangan. Jarrohlik amaliyoti bir soat davom etgan.

Erkak temir jismlarni qattiq stressga tushib, o‘z xatti-harakatlarini nazorat qila olmagan holda yutib yuborgani ta’kidlanmoqda.

Humans ilovasi orqali 2 mingdan ortiq shaxsning puli o‘g‘irlangan

Humans ilovasi orqali 2 mingdan ortiq foydalanuvchining qariyb 7 mlrd so‘m mablag‘i o‘g‘irlangan. Bu haqda Kun.uz manbasi ma’lum qildi. O‘g‘irlik 2025 yil dekabr oyida ro‘y bergan, shunda Humans kompaniyasi va Paylov to‘lov xizmati bir-birini ayblab bayonotlar bergan edi.

Markaziy bank xabariga ko‘ra, Humans kompaniyasiga to‘lov xizmatlarini taqdim etgan «Octogram» AJ (Paylov savdo belgisi) to‘lov tashkilotida tekshiruv yakunlangan va ma’lumotnoma Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga huquqiy baho berish uchun taqdim etilgan. Markaziy bankka ko‘ra, jabrlanuvchilar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishi kerak.

Kriminogen vaziyat og‘ir mahallalarga rahbarlar biriktiriladi

Prezident qarori bilan respublika mahallalarida xavfsiz muhitni ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va murojaatlarga tezkor munosabat bildirish bo‘yicha manzilli ishlashning yaxlit tizimini joriy etish belgilandi.

Qaror bilan 2026 yilda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar va hududlarga mas’ul rahbarlar hamda tashkilotlarni nomma-nom biriktirish tartibi joriy etiladi. Shuningdek, mahalliy hokimliklar rahbarligida «Ijtimoiy profilaktika haftaligi»ni o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi, namunaviy ish tashkil etgan xodimlarni rag‘batlantirish mexanizmi belgilandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda «Musodara tovarlar» nomli soxta guruhlar ochib, firibgarlik qilgan shaxslar ushlandi

Telegram va Instagram platformasida soxta guruhlar tashkil etib, odamlarni chuv tushirib kelgan shaxslar qo‘lga olindi.

Andijon viloyatida yashovchi 22-25 yoshli 5 nafar shaxs jinoiy reja tuzib, bojxona tizimi nomidan «Musodara tovarlar» va «Optom sklad» nomi ostida kanal va guruhlar tashkil etgan.

Ular maishiy texnika, muzlatkich va televizorlar, isitish qozonlari, oshxona va bolalar mebellari, turli gadjetlar, jumladan, iPhone telefonlarining so‘nggi modellari hamda kiyim-kechaklarni juda arzon narxlarda taklif qilib, aslida mavjud bo‘lmagan motoskuterlargacha yetkazib berishni va’da qilgan. To‘lovlarning ma’lum qismi esa o‘zgalar nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari orqali qabul qilingan.

Mavzuga oid