Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda ko‘mir qazib chiqarish yana 15 foizga oshadi
O‘zbekistonda 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumida 10 mln tonna ko‘mir ishlab chiqarish reja qilingan. Bu – bir yil oldingidan 15 foizga ko‘p. Prezident Shavkat Mirziyoyev mavsum davomida aholini ko‘mir bilan kafolatli ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 noyabr kuni ko‘mir qazib chiqarishda erishilgan natijalar va kelgusi vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Ta’kidlanishicha, kuz-qish mavsumida aholi xonadonlari, ijtimoiy soha muassasalari hamda iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida energetikaning barcha tarmoqlari qatori ko‘mir sanoatida ham yangi loyihalar amalga oshirilmoqda, ishlab chiqarish quvvatlari va hajmlari ko‘paytirilmoqda.
2024-2025 yillar kuz-qish mavsumida qariyb 8,7 million tonna ko‘mir qazib olinib, issiqlik elektr stansiyalari, budjet tashkilotlari va aholiga yetkazib berildi.
Taqdimotda 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumida 10 million tonna ko‘mir ishlab chiqarish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Buning uchun “O‘zbekko‘mir” AJ korxonalarining moddiy-texnik bazasi kuchaytirildi, sohada qo‘shimcha ishlab chiqaruvchilarning faoliyati uchun sharoitlar yaratildi.

Prezident mavsum davomida aholini ko‘mir bilan kafolatli ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. Korxonalarni modernizatsiya qilish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, sohada bozor tamoyillari hamda raqobatni rivojlantirib, mahsulot tannarxini tushirish muhimligi qayd etildi.
Taqdimotda uran yo‘nalishidagi yangi investitsiya loyihalarini jadallashtirish, geologiya-qidiruv ishlarining ko‘lamini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
O‘zbekistonda ko‘mir qazib olishning oshishi
Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi 5 yillikda O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan ko‘mir ishlab chiqarish dinamikasi quyidagicha bo‘lgan:
- 2021 yil: 5 ming tonna
- 2022 yil: 5,4 ming tonna
- 2023 yil: 6,5 ming tonna
- 2024 yil: 8,2 ming tonna
- 2025 yil yanvar-sentabr oylarida: 5,6 ming tonna.
2025 yilning dastlabki 9 oyidagi ishlab chiqarish ko‘rsatkichi – o‘tgan yilning shu davridan (5,3 ming tonna) 5,7 foizga, ikki yil oldingidan (4,5 ming tonna) 24,4 foizga ko‘p.
Ko‘mir importi ko‘rsatkichlari esa qiymat jihatidan quyidagicha
- 2021 yil: 70,8 mln dollar
- 2022 yil: 121,8 mln dollar
- 2023 yil: 204,4 mln dollar
- 2024 yil: 180,2 mln dollar
- 2025 yil yanvar-sentabr oylarida: 146,8 mln dollar (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26,6 foizga ko‘p).
2023 yil boshida qabul qilingan qaror asosida, respublika bo‘ylab bog‘chalar, maktablar va shifoxonalarning isitish tizimlari ko‘mirga o‘tkazilgan.
2025 yil oktyabr oyida Ekologiya vazirligi Toshkent shahridagi havo sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqqan edi. Takliflardan biri – poytaxt va uning atrofidagi issiqxona va sanoat obektlarida ko‘mir ishlatmasdan, ularni “boshqa muqobil energiya manbalariga o‘tkazish”dan iborat.
Mavzuga oid
07:33
Neft dengizi ustidagi qashshoqlik: Venesuela paradoksi
11:23 / 08.01.2026
Prezident prokuratura xodimlari va faxriylarini kasb bayrami bilan tabrikladi
09:11 / 08.01.2026
Germaniya g‘arbidagi podstansiyaga noma’lum shaxslar hujum qildi
15:22 / 07.01.2026