Iqtisodiyot | 21:37 / 12.03.2021
44734
10 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i narxlari oshib bormoqda. Buning sabablari nimada?

Dunyo bo‘yicha o‘simlik yog‘i narxi o‘rtacha 20-25-foizga, O‘zbekistonda esa 17 foizga oshdi. O‘simlik yog‘ining oshishi kungaboqar yog‘i narxi oshishi fonida yaqqol sezildi. Mutaxassislar prognozlariga ko‘ra, narx yana 30 foizga oshishi mumkin. Paxta yog‘i narxida esa barqarorlik kuzatilmoqda.

Davlat statistika qo‘mitasining 2021 yil 10 martda o‘tkazgan kuzatuvlariga ko‘ra, Toshkent shahrining «Eski jo‘va» va «Qo‘yliq dehqon bozor»larida mahalliy paxta yog‘i 11 ming so‘mdan (minimal narx), «Farhod dehqon bozori»da kungaboqar yog‘i 19500 so‘mdan (maksimal narx) sotilmoqda.

Qo‘mita fevral oyining mos davrida e'lon qilgan xabarida, kungaboqar yog‘i (maksimal) «Mirobod dehqon bozori»da 19 ming so‘mdan sotilayotgandi. Shuningdek, Kun.uz o‘rganishlariga ko‘ra, shu davrda «Qo‘yliq dehqon bozori»da kungaboqar yog‘i o‘rtacha 17-19 ming so‘m, ayrim kungaboqar yog‘i turlari (masalan, «Ideal» yog‘i) 30 ming so‘m atrofida sotilayotgani ma'lum bo‘ldi.

«Yog‘-moy sanoati korxonalari uyushmasi» ma'lum qilishicha, o‘simlik yog‘i narxi 17 foizga oshgan.

Tovar-xomashyo birjasida paxta yog‘i narxida barqarorlik kuzatilmoqda: 2021 yil 18 fevral holatiga ko‘ra, paxta yog‘i birjada 12 664 so‘mdan sotilgan bo‘lsa, o‘tgan oyning mos davrida 12 892 so‘mga baholangan.

O‘zbekistonda nega paxta yog‘i narxida barqarorlik kuzatilayotgan bir paytda kungaboqar yog‘i narxi keskin oshdi?

Yog‘-moy sanoati korxonalari uyushmasi raisi o‘rinbosari Qamar Serkayevning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, kungaboqar yog‘i narxi oshishiga katta hajmda oziq-ovqat xomashyolarini yetishtiradigan davlatlarda ham pandemiya tufayli o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish tufayli yerlarga ekin ekilmay qolib ketgani, shuningdek, ekinlarga yaxshi qaralmagani natijasida hosil kamaygani sabab bo‘lgan.

«Nafaqat o‘simlik yog‘i, balki barcha oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha narxlar 2020 yilning 4-choragida o‘sish kuzatildi. Yog‘-moy bo‘yicha eng katta xomashyo bazamiz Rossiya hisoblanadi. Rossiyaning o‘zida ham o‘tgan yili 15 million tonnadan ko‘proq moyli xomashyo yetishtirilgan, bu yil 12,5 million tonna deb ma'lumot berildi. Rossiya o‘z ehtiyojlariga o‘rta hisobda xomashyoning 8 million tonnasini ishlatadigan bo‘lsa, odatda 6,5 million tonnasini eksportga - O‘zbekiston, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Turkiya va eng katta xaridori Xitoyga sotadi. Natijada salkam 2,5-3 million tonna hosil kam olindi va chetga sotadigan xomashyosi ham kam chiqdi.

Shuning natijasida Rossiya o‘z bozoridan mahsulot chiqib ketmasligi va bozorini himoya qilish uchun turli to‘siqlar qo‘ydi. Bugungi kunda O‘zbekiston Rossiyadan moyli xomashyolardan, asosan, kungaboqar, soya urug‘i sotib oladigan bo‘lsa, 30 foizlik bojxona boji qo‘yiladi. Masalan, 400 dollarga bir tonna xomashyo sotib olinsa, birdaniga 120 dollar ustiga qo‘yiladi. Natijada xomashyo qimmat kirib mahsulot narxi qimmatlashgan», dedi uyushma raisi o‘rinbosari.

O‘zbekistondagi yog‘-moy ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi yirik tadbirkorlardan birining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, xomashyo qimmatlashgani sabab nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda o‘simlik yog‘i (kungaboqar yog‘i) narxi keskin oshgan. Xususan, O‘zbekistonda xomashyo narxi 2,5 barobar, yog‘ (tayyor mahsulot) narxi 2 barobar oshgan.

«Bu hali narx to‘xtadi degani emas. Hozirgi narx kamida 30 foizga oshadi. Bunga sabab, fermerlar xomashyoga oshirgan narx tayyor mahsulotning oshishigacha bo‘lgan vaqt taxminan 1-1,5 oy. Bu vaqtda rastalarda narx oshishni boshlaydi. Ungacha hammaning qo‘lida qoldiq tovar bo‘ladi, shuning hisobiga narx yana oshadi. Butun dunyoda faqat kungaboqar yog‘i narxi emas, barcha o‘simlik yog‘lari (soya, palma) narxlari oshmoqda. Asosiy xomashyo yetishtiruvchi davlatlar Rossiya, Qozog‘iston, Ukrainada mo‘ljallangandan taxminan 30 foiz kam hosil yig‘ildi», - deydi tadbirkor.

O‘simlik yog‘i narxi oshib ketishi aholi norozligiga sabab bo‘lishi mumkin, narx yanada keskin oshmasligiga yechim bormi?

Yog‘-moy korxonalari sanoati uyushmasi raisi o‘rinbosari hukumat narx qimmatlab ketishining oldini olishga harakat qilayotganini, shu bilan birga, korxonalarda iqtisodiy ahvol yomonlashgani kuzatilayotganini aytib o‘tdi.

«Ammo bozor iqtisodiyoti sharoitida narxni nazorat qilish to‘g‘ri emasligi ta'kidlanmoqda. Yog‘-moy ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar xomashyoni qayta ishlagan paytda minimal foyda qo‘yib ishlashga majbur bo‘lmoqda.

Shular bilan birga hisoblaganimizda ham O‘zbekistonda o‘simlik yog‘lari narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘rtacha 17-18 foizga oshishi kuzatildi. O‘simlik yog‘ining korxonadan chiqish minimal narxi 10,500-11 000 so‘m. Undan keyin mahsulot birjaga qo‘yiladi, birja o‘z narxini qo‘yadi. Keyingi bosqichda mahsulot birinchi tadbirkor, hattoki ikkinchi va uchinchi tadbirkorgacha yetib borish holatlari bor», - dedi u.

Mutasaddining so‘zlariga ko‘ra, o‘simlik yog‘i narxi oshib ketmasligi uchun O‘zbekistonda xomashyo yetishtirish kengaytirilmoqda. Paxtachilik rejasidan tashqari, 2021 yil rejasiga ko‘ra, 400 ming gektardan ortiqroq maydon o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish uchun xomashyo yetishtirishga ajratilgan. 

«Bunga faqat yog‘-moy korxonalari bo‘yicha emas, balki butun respublikadagi fermerlar, klasterlar, oddiy dehqon xo‘jaliklarini xomashyo yetishtirishga qiziqtirib, yog‘li mahsulotlarni, masalan soya, kungaboqar, zig‘ir, kunjut ekinlarini ko‘proq yetishtirish rejalashtirilgan.

O‘tgan yilga nisbatan xomashyo yetishtirish hajmi besh barobarga ko‘paytiriladi. Biroq xomashyo yetishtirish kengaygani bilan yog‘ arzonlashadi, deyish qiyin masala. Faqat narx barqaror qolishi mumkin. Yog‘ 17-18 foizga oshdi deyapmiz, biroq yog‘li o‘simlikni yetishtirish xarajatlari ham bor»,- dedi rais o‘rinbosari Qamar Serkayev.

Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan yog‘-moy ishlab chiqarish va xomashyo importi bilan shug‘ullanuvchi yirik tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, bozor iqtisodiyoti sharoitida agar davlat yog‘-moy ishlab chiqaruvchilarga subsidiya berib bojxona to‘lovlarini olib tashlasa, bu narxga 15 foizga ta'sir qilishi mumkin, biroq bu miqdor narxning bir marta oshirilgan to‘lqiniga ham to‘g‘ri kelmaydi.

«Agar O‘zbekistonda chayqovchilar yoki monopolistlar hisobiga narx oshayotgan bo‘lsa, buni to‘g‘irlash mumkin bo‘lar edi. Ammo narx butun dunyoda oshmoqda. Bu sharoitda bozor hammasini hal qiladi»,- dedi tadbirkor.

Nima sababdan O‘zbekiston o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish uchun to‘liq xomashyo yetishtirmaydi?

«Moyli o‘simliklarni yetishtiradigan mintaqalar bor, masalan, har qancha harakat qilib palma yetishtiramiz desak ham bizning mintaqada palma o‘smaydi. Moyli ekinlar ham shunaqa. Iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda moyli o‘simliklarni yetishtirishdan olinadigan samaradorlik Rossiya, Ukraina yoki Polshadagidek bo‘lmaydi. Bizdagi hosildorlik kam chiqadi.

Ikkinchi faktor – bu hosil ichidagi moy saqlami hisoblanadi. Masalan, O‘zbekiston sharoitida kunjut moydorligi 50 foizga yetsa, Ukrainada 60 foizgacha. O‘zbekistonda yetishtiriladigan kungaboqarning moy saqlami 27-30 foizgacha, (eng yuqori), Rossiyada 48 foizgacha, Ukrainada 50 foizdan oshiqroq. Shuningdek, ularning bir gektardan olinadigan hosili o‘rtacha 35-40 sentner, bizda 15 sentner.

O‘zbekistonda moyli o‘simliklarni yetishtirish iqtisodiy samarasiz bo‘lsa, uni ekishga majburlash kerak emas. Soya ekish ko‘paymoqda, chunki soya ekish samaradorligini dehqonlar ko‘rib o‘zlari ushbu o‘simlikni yetishtirmoqda», dedi Qamar Serkayev.

Shuningdek, rais o‘rinbosari O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish uchun asosiy xomashyo manbalari haqida gapirdi.

«O‘zbekistonda paxtadan yog‘ olingani bois, bir necha yildan beri O‘zbekiston paxta chigitini eksport qilmaydi. Ma'lumotlarga ko‘ra, har yili paxtadan 1,100-1,200 mln tonnagacha paxta chigiti olinadi. Undan tashqari, dehqon xo‘jaliklari yetishtiradigan xomashyo miqdori o‘tgan yil davomida 86 ming tonnani tashkil etdi.

O‘tgan besh yillik statistikani oladigan bo‘lsak, moyli o‘simliklarni yetishtirish O‘zbekistonda doimiy o‘suvchan xarakterga egaligini ko‘ramiz. Paxta chigitidan tashqari soyadan ham yog‘ olinadi: 2016 yilda 12 ming gektar yerda soya yetishtirilgan, 2020 yilda 57,1 ming gektarga, ya'ni 4 barobarga oshish kuzatildi», deydi u.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 4 martdagi «Mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish va 2021 yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, joriy yilda 305 ming 51 gektar maydonda moyli ekinlar yetishtirilishi ko‘zda tutilgan. «O‘zyog‘moysanoat» uyushmasining xabar berishicha, bu Respublikada moyli ekinlarni joylashtirish bo‘yicha rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

Madina Ochilova

Mavzuga oid