Jamiyat | 10:11 / 13.02.2026
12354
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda tadbirkorni qotil yollab o‘ldirmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi – DXX

Guruh yetakchisi muqaddam ham sudlangan “Ronaldo” laqabli 42 yoshli shaxs bo‘lgan. U tadbirkorni o‘ldirish uchun uchun yollanma qotil bilan 1 500 dollarga kelishib, shundan 300 ming so‘m berganda ushlangan. Guruhda Paxtaobod tumani tibbiyot birlashmasining “Glavrach” laqabli boshlig‘i, 23 yoshli talaba va boshqalar bo‘lgan.

Andijonda tadbirkorni yollanma qotil orqali o‘ldirmoqchi bo‘lgan bir guruh shaxslar ushlandi. Bu haqda Andijon viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2026 yilning 4 fevral kuni yakka tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi shaxs Andijon tuman IIBga o‘ziga nisbatan uyushtirilayotgan suiqasd bo‘yicha ariza bilan murojaat qilgan. U 5 nafar jinoyatchidan iborat uyushgan guruh 1 500 dollar evaziga qotil yollab, uni qasddan o‘ldirishni kelishganini bildirgan hamda yordam so‘ragan.

Shundan so‘ng Paxtaobod tumani hududida Andijon viloyati IIB, Davlat xavfsizlik xizmati va viloyat prokuraturasi hamkorligida maxsus tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Jarayonda guruh yetakchisi, muqaddam Jinoyat kodeksining 8 ta moddasi bilan sudlangan 42 yoshli “Ronaldo” laqabli shaxs ekani aniqlangan. U 2000 yilda tug‘ilgan, muqaddam 7 marta sudlangan yollanma qotilga tadbirkorni qasddan o‘ldirib berish evaziga 1 500 dollar taklif etib, shundan 300 ming so‘m berganda ushlangan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, guruhning boshqa a’zolari – 1984 yilda tug‘ilgan Paxtaobod tumani tibbiyot birlashmasining “Glavrach” laqabli boshlig‘i, “Boksyor” laqabli 42 yoshli shaxs, 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro hamda 23 yoshli talaba qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 2-qismi “p” bandi (bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlagan holda qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi ochilgan.

Avvalroq Samarqandda yollanma qotil orqali tanishini o‘ldirmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olingandi.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid