Jahon | 09:40 / 17.11.2021
57678
7 daqiqa o‘qiladi

Qon bilan yaralgan sana: qiynoqqa solingan va qatl etilgan talabalar xotirasi haqida hikoya

Bugun, 17 noyabr - xalqaro talabalar kuni. Bu kunning tarixi qonli o‘tmishga, qiynoqqa solingan va sudsiz qatl etilgan talabalar fojiasiga borib taqaladi.

Foto: obessu.org

Talabalar bayrami 1946 yil 17 noyabr Praga shahrida butun dunyo talabalar kongressida tasdiqlangan. Uning tarixi Ikkinchi jahon urushi vaqtida Chexoslovakiyada boshlangan fojiali voqealarga borib taqaladi.

Hitler istilosi

Xalqaro talabalar kunini nishonlash kontekstini yaxshiroq tushunish uchun Ikkinchi jahon urushi oldidan Yevropa tarixiga nazar tashlash kerak. 1933 yilda Germaniyada hokimiyat tepasiga Adolf Hitler keldi. Keyingi yillarda mamlakat o‘z chegaralaridan tashqarida bo‘lgan, ammo ular Germaniya Reyxiga tegishli deb hisoblagan hududlarga nisbatan tobora tajovuzkor da'volarni bildirdi.

1938 yilda Hitler o‘z vatani Avstriyani anneksiya qildi. Ko‘p o‘tmay Chexoslovakiya o‘z hududining bir qismidan voz kechishga majbur bo‘ldi va Uchinchi Reyxga Chexoslovakiyaning hududlari ustidan nazoratni berdi. Chexoslovakiya bo‘linib, mustamlakaga aylandi.

1939 yil mart. Praga. Diktator Adolf Gitler bosqini davri. Manba: Wikipedia

Namoyishdan so‘ng qamoqqa olingan va sudsiz qatl etilgan talabalar

1939 yil oxirida Chexiya va Moraviya protektoratining natsist hukumati Pragada Charlz (Charles University) universitetining tibbiyot fakulteti talabalari tomonidan uyushtirilgan namoyishni bostirishdi. Namoyish 28 oktyabrda Chexoslovakiya Respublikasi mustaqilligi bayrami munosabati bilan bo‘lib o‘tdi. Ushbu namoyish paytida talaba Yan Opletal o‘qdan jarohatlangan, keyinchalik u 11 noyabrda olgan jarohatlaridan vafot etgan.

15 noyabr kuni uning jasadi Pragadan Moraviyadagi uyiga olib ketilishi kerak edi. Uning dafn marosimi tadbiri minglab talabalardan iborat natsistlarga qarshi namoyishga aylanib ketdi.

Yan Opletalning dafn marosimi. 1939 yil 16 noyabr. Manba: Wikipedia
Yan Opletalning dafn marosimi. 1939 yil 16 noyabr. Manba: Wikipedia

Biroq natsistlar hukumati bunga javoban shafqatsiz choralar ko‘rdi: ular barcha Chexiya universitetlarini yopdilar, 1200 dan ortiq talabani hibsga olib, ularni Sachsenhausen konslagerlariga yuborishdi.

Surgun qilingan 1200 nafar talabadan kamida 20 nafari qamoqdan omon qolmagan. Pragadagi Germaniya universitetidan tashqari barcha universitetlar urush oxirigacha yopiqligicha qoldi.

17 noyabrda esa to‘qqiz nafar talaba va professor sudsiz qatl etildi. Ular:

Yozef Matushek — tarixchi va dotsent; Opletalning dafn marosimini tashkil etishda ishtirok etgan;

Yaroslav Klima — huquq fakulteti talabasi; Chexiya talabalari milliy assotsiatsiyasining Chexiya va Moraviya raisi, Opletalning dafn marosimida gestapo (fashistlarning maxfiy politsiyasi) tomonidan hibsga olingan talabalarni ozod qilishni so‘ragan;

Yan Vaynert — Bohemistika va germanshunoslik talabasi; Opletalning dafn marosimida Gestapo tomonidan hibsga olingan talabalarni ozod qilishni so‘ragan;

Yozef Adamek — yuridik fakultet talabasi; Chexiya talabalari milliy assotsiatsiyasining Chexiya va Moraviya kotibi;

Yan Cerni — tibbiyot fakulteti talabasi; Opletalning dafn marosimida Gestapo tomonidan hibsga olingan talabalarni ozod qilishni so‘ragan;

Marek Frauvirt — iqtisod fakulteti talabasi; Pragadagi Slovakiya elchixonasi xodimi sifatida natsistlardan qochishga uringan yahudiylarga soxta pasportlar bergan;

Bedrich Kula — huquq fakulteti talabasi; Chexiyadagi Chexiya talabalari uyushmasi kotibi;

Vatslav Shafranek — arxitektura fakulteti talabasi;

Frantisek Skorkovskiy — yuridik fakultet talabasi; Xalqaro talabalar konfederatsiyasi qo‘mitasi direktori, Chexiya talabalari milliy assotsiatsiyasining Chexiya va Moraviyadagi xorijiy bo‘limi raisi.

Tarixchilarning taxminlariga ko‘ra, natsistlar namoyish uyushtirilishini xohlashgani uchun dafn marosimiga ruxsat berishgan. Bu ularga Chexiya universitetlarni yopish va antifashist dissidentlarni tozalash uchun bahona edi.

1939 yil oktyabr va noyabr oylarida bo‘lib o‘tgan ikki namoyish Chexoslovakiya aholisining fashist kuchlariga qarshi yagona yirik qo‘zg‘olonlari bo‘lib qoldi.

Qiynoqqa solingan va qatl etilgan talabalar xotirasi uchun

Nemislar tomonidan bosib olingan Chexoslovakiyada talabalarga qilingan vahshiylikni qoralash va ularning xotirasini abadiylashtirishning ilk g‘oyasi 1940 yilda Chexoslovakiya armiyasi tomonidan Angliyada muhokama qilingan.

1941 yilda, voqealardan ikki yil o‘tib, Londonda (Buyuk Britaniya) Xalqaro talabalar kengashi bo‘lib o‘tdi, ular orasida bir qator qochqin talabalar ham bor edi. Kengashda ushbu voqea munosabati bilan 17 noyabr xalqaro talabalar kunini joriy etishga qaror qilindi.

Butun 1941 yil davomida boshqa mamlakatlar talabalarini 17 noyabrni xotirlash, nishonlash va natsistlarga qarshilik ko‘rsatish hamda barcha mamlakatlarda erkinlik va demokratiya uchun kurashni rag‘batlantirish kuni sifatida tan olishga ko‘ndirish ishlari olib borildi. Natijada, o‘n to‘rtta davlat quyidagi bayonotga rozi bo‘ldi va imzoladi:

«Biz, Buyuk Britaniya va uning hududlari, shuningdek, Hindiston, Shimoliy va Janubiy Amerika, SSSR, Belgiya, Chexoslovakiya, Fransiya, Gretsiya, Xitoy, Gollandiya, Norvegiya, Polsha, Yugoslaviya va barcha erkin mamlakatlar talabalari fashistlar zulmiga birinchi bo‘lib qarshi chiqqan, 1939 yilgi bosqinni qoralagan, natijada qiynoqqa solingan va qatl etilgan talabalar xotirasi uchun 17 noyabrni Xalqaro talabalar kuni deb e'lon qilamiz».

Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda bu an'ana Xalqaro talabalar ittifoqi va bir qator boshqa tashkilotlar tomonidan kuzatildi.

17 noyabr bugungi kunda

Bugun Chexiya va Slovakiya 17 noyabrni «Ozodlik va demokratiya uchun kurash kuni» sifatida nishonlaydilar.

Biroq bu kun boshqa mamlakatlarda ham katta ahamiyatga ega. O‘zining qayg‘uli tarixi bilan 17 noyabr bugungi kunda talabalarni xotirlash va ularning faollik kunidir. Yevropa maktabi talabalari uyushmalarining tashkiliy byurosi OBESSU har yili talabalar va jamiyat uchun oliy ta'limni yanada kengroq miqyosda yaxshilash maqsadida turli tadbirlar orqali talabalarning o‘z huquqlaridan xabardorlikni oshirib boradilar.

Madina Ochilova tayyorladi.

Mavzuga oid