20:12 / 21.12.2021
22438

«Undaylar vatanning ham kelajagiga ishonmaydi» - Ortiqxo‘jayev internetda tanqid yozadiganlarni tanqid qildi

Foto: Kun.uz

Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev «Toshkent yoshlar forumi-2021»ning yopilish marosimidagi chiqishida forumda berilgan va’dalar bajarilishini aytib o‘tdi.

«Forumni kuzatib boryapman. Juda chiroyli gaplarni gapirishyapti. Men umrim davomida zavod, fabrikalar quribman, ammo gapirish san’atidan, oratorlik san’atidan biroz uzoqroq bo‘libman. Uzr so‘rayman.

Hokim bo‘lishim xayolimga ham kelmagandi. Shuning uchun judayam gapga usta emasman.

Forumga qo‘shni Qozog‘istondan 31 nafar yoshlar yetakchilari ham tashrif buyurgan, Ozarboyjon, Qirg‘iziston va Turkmaniston yoshlari ham keyingi yilgi forumda ishtirok etishni so‘ragan. Bu xalqaro forumga aylanishidan umidvorman.

Forumda aytganlarimiz – yoshlarga berilgan so‘zlarni albatta bajaramiz. 24 soat tinmay ishlab bo‘lsa ham, qancha kuchimiz va vaqtimiz ketsa ham yoshlarga bergan va’damizni bajaramiz. Yoshlarga berilgan har bir so‘z nuqta, verguligacha bajariladi. Prezidentimiz bajarilmay qolishiga yo‘l qo‘ymaydi», deya hokimning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

U internetda tanqid yozadiganlarni tanqid qildi.

«So‘zim oxirida tavsiya qilmoqchiman. Istasangiz quloq tuting, istamasangiz yo‘q.

Hurmatli yoshlar, o‘z kuchiga ishonmagan yoshlar vatanning ham kelajagiga ishonmaydi. Faqatgina o‘ziga yuragidan ishongan inson vatanning kelajagiga ishonib yashaydi.

Internet nashrlarida, OAVda davlatda qilinayotgan ishlardan nolib, arzimagan narsalardan muammo topib yozaveradigan odamlar o‘zining ham kelajagiga ishonmaydi.

Biz bugun o‘ziga ishonmaydigan insonlarni siz faol insonlar, uyushgan yoshlar bilan qo‘shib, o‘ziga va kelajagiga ishontirishga harakat qildik. O‘ylaymanki, shunday insonlarning fikri tubdan o‘zgaradi.

Bunda bizga katta yordam bergan OAVga, barcha jurnalist va blogerlarga ta’zim qilaman», dedi u. 

Top