Jamiyat | 19:18 / 04.03.2018
21822
3 daqiqa o‘qiladi

«Kalimin» nega ikki baravar qimmatlashdi yoki dori-darmonlar bilan bog‘liq muammolar qachon hal qilinadi?

Illyustrativ surat\ Sputnik Uzbekistan

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik bemorlar tomonidan qabul qilinuvchi «Kalimin» tabletkasi tanqisligiga doir xabarlar tarqalmoqda. KUN.UZ tahririyati ba'zi dorixonalar bilan bog‘langanida aksariyat dorixonalarda bu dorining umuman yo‘qligi, borlarida esa ikki baravar qimmatga sotilayotgani yoki buyurtma asosida bir hafta davomida keltirib berilishi aytildi.

«Kalimin» tabletkasi qanday holatlarda qo‘llaniladi? 
— miasteniya;
— miastenik sindrom;
— oshqozon-ichak trakti mushaklari atoniyasi;
— peshob pufagi atoniyasi.

Miasteniya — mushaklarning patalogik darajada tez charchashi bilan xarakterlanuvchi autoimmun kasallik.

Sanoqli dorixonalarda «Kalimin» dori vositasining ham Hindistondan, ham Germaniyadan keltirilgan varianti borligi aytildi. Dorixona xodimlarining ma'lum qilishicha, Hindistondan keltirilgan «Kalimin» tabletkasi narxi (qadoqda 50 dona) - 200 ming so‘m, Germaniyadan keltirilgani (qadoqda 100 dona) esa - 400 ming so‘m. 

Sog‘liqni saqlash vazirligining "Dori-darmon vositalari reyestri"da «Kalimin» tabletkasiga berilgan qidiruvga hech qaysi dorixonada yo‘qligiga doir javob berildi. Ba'zi dorixona tizimlarining telegram-botlariga so‘rov berilganida ham mazkur preparat hech qaysi dorixonadan topilmaganiga doir javob keldi. Yana kimlardir qimmatlashib ketgan bu dori preparatini qayerda arzonroq narxda topish mumkinligi haqida ma'lumot berishdi. 

Miasteniya — jiddiy kasallik. Dori narxi esa keskin oshib ketgan. Umuman olganda, birgina bu dori vositasi emas, aholi salomatligi uchun hayotiy zarur ahamiyatga ega bo‘lgan  qator preparatlar nima uchundir O‘zbekistonning davlat dorixonalarida umuman yo‘q, borlarida esa ikki-uch baravar qimmat. Muhtojlar esa talaygina.... 

O‘zbekistonning barcha jabhalarida katta islohotlar kuzatilayotgan bir vaqtda Sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yurituvchilardan nafaqat «Kalimin», balki aholi salomatligi uchun zarur bo‘lgan boshqa dori-darmonlar bilan bog‘liq bunday muammolarni hal qilishga chaqirib qolamiz, zero o‘z vaqtida qabul qilinmagan dori kimlarningdir hayotiga xavf solishi mumkin va aksincha, vaqtida hamyonbop narxlarda yetkazib berilgan preparatlar ko‘plab insonlar hayotini saqlab qolishi mumkin.

Mavzuga oid