O‘zbekiston | 14:04 / 17.03.2020
15360
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fuqarolari Toshkentda yangi qurilgan uy sotib olishida davlat bojining alohida stavkasi bekor qilinadi

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartishlar kiritiladi

Foto: KUN.UZ

“O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 6 yanvarda qabul qilingan “Davlat boji to‘g‘risida”gi 600-sonli Qonuni ilovasining 4-bandi “b” kichik bandi:

ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlanadi;

uchinchi xatboshisi ikkinchi xatboshi deb hisoblanadi.

Ya'ni, loyiha bilan O‘zbekistonda doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylarda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasi bekor qilinmoqda.

Loyiha O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 2 martdagi “207-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF–5953-son farmonining 4-bandi ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Bildirilishicha, ushbu Qonun loyihasini qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qo‘shimcha mablag‘lar ajratishni talab etmaydi.

Eslatib o‘tamiz, amalda sotib olingan ko‘chmas mulk bahosining 5 foizi miqdorida davlat boji to‘lanadi.

Bundan oldin, Toshkentda doimiy propiskasi bo‘lmagan fuqarolarning ko‘chmas mulkni umumiy mulk asosida olishi taqiqlab qo‘yilishi mumkin ekani xabar berilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid