Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini yanada soddalashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi
O‘zbekiston fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanishi mumkin.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Ichki ishlar, Mudofaa, Adliya, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi 2020 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston fuqarolarini doimiy propiska qilish bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshirish tartib-taomillarini avtomatlashtirilishini hamda idoralararo elektron hamkorlikni yo‘lga qo‘yilishini ta'minlaydi.
“Davergeodezkadastr” qo‘mitasi ko‘chmas mulk obektlarining manzillari yagona reyestriga muvofiq foydalanilishini ta'minlaydi.
Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolarini doimiy propiska qilish bilan bog‘liq harakatlarni idoralararo elektron hamkorlik orqali “Yagona darcha” tamoyili asosida “Manzil” avtomatlashtirilgan axborot tizimi vositasida amalga oshirishni ta'minlaydi.
Belgilanishicha, idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy propiska qilish bilan bog‘liq harakatlar:
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida – 2020 yil 1 iyuldan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – 2021 yil 1 yanvardan boshlab amalga oshiriladi.
Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Ichki ishlar, Adliya, Mudofaa, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi bilan birgalikda:
2020 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda — ariza beruvchilar tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida shaxsiy kabinet orqali doimiy propiska bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshirish mexanizmini joriy qiladi;
Ichki ishlar vazirligi ushbu qarorning qo‘llanilishi yuzasidan monitoring olib boradi va tahlil qiladi hamda zaruriyat bo‘lganda, doimiy propiska bilan bog‘liq idoralararo ma'lumot almashinuvi tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi.















