Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Robot poygada inson o‘rnatgan rekordni yangiladi
Xitoyning Honor smartfon ishlab chiqaruvchisi tomonidan ishlab chiqilgan robot yarim marafonni (21 kilometr) 50 daqiqa-yu 26 soniyada yugurib o‘tdi. Robot ushbu masofada ugandalik chopag‘on Jyeykob Kiplimo tomonidan mart oyida o‘rnatilgan yangi jahon rekordini yetti daqiqaga yangiladi.
Shu bilan birga, marraga oz qolganida g‘olib android to‘siqqa urilgan va unga o‘rnidan ko‘tarilish uchun odamlar yordami kerak bo‘lgan.
Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan ikkinchi Xitoy robototexnika yarim marafonida yuzdan ortiq humanoid (odamsimon) robotlar ishtirok etdi. Ular bilan birga odamlar ham alohida yo‘laklarda yugurishdi.

Natija o‘tgan yilgi poygadan qayd etilganiga qaraganda sezilarli darajada oldinga qadam bo‘ldi, o‘shanda g‘olib robot marraga 2 soat-u 40 daqiqa va 42 soniyada yetib kelgan edi. Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilgi musobaqaning barcha ishtirokchilari masofadan boshqarilgan bo‘lsa, bu safar robotlarning deyarli 40 foizi trassani avtonom tarzda bosib o‘tdi.
Xitoydagi Global Times nashri ma’lumotiga ko‘ra, finish chizig‘ini birinchi bo‘lib Honor kompaniyasining masofadan boshqarilgan roboti 48 daqiqa-yu 19 soniyada kesib o‘tgan.
Ammo g‘alaba musobaqa qoidalariga muvofiq tarzda avtonom navigatsiyadan foydalangan boshqa robotga berilgan.



Robotlarning biri startdayoq yiqilgan.

G‘olib chiqqan robot ham marraga oz qolganida to‘siqqa urilib ketgan va faqat odamlar yordami bilan o‘rnidan turib, harakatini davom ettirgan.

Robotlar harakatini boshqa robot boshqarib turgan
Xitoydagi CCTV davlat telekanali xabariga ko‘ra, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan robotlar ham Honor kompaniyasi mahsuloti bo‘lib, avtonom navigatsiya orqali harakatlangan ushbu androidlar poygani mos ravishda 51 va 53 daqiqada yakunlashgan.
Pekindagi asfaltlangan yonbag‘irlar va bog‘lar bo‘ylab o‘tgan 21 kilometr masofaga yugurishda yuzdan ortiq jamoa ishtirok etdi – bu o‘tgan yilga nisbatan deyarli besh baravar ko‘p.
CCTV ma’lumotiga ko‘ra, yana bir robot imo-ishoralar va ovoz yordamida ishtirokchilarni yo‘naltirib, yo‘l harakatini tartibga soluvchi vazifasini bajargan.
Atletlar kabi
Honor kompaniyasining sinovlar bo‘yicha muhandisi Du Syaodi o‘z jamoasi qayd etilgan natijalardan mamnun ekanini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, konstruktorlar eng yaxshi sportchilarning jismoniy tuzilishini asos qilib olishgan: robotning oyoqlari uzun (taxminan 95 sm), u asosan o‘z kuchi bilan ishlab chiqilgan kuchli suyuqlik bilan sovitish tizimiga ega.
«Kelgusida ushbu texnologiyalarning ayrimlari boshqa sohalarda qo‘llanishi mumkin. Masalan, konstruksiyalarning mustahkamligini ta’minlash va suyuqlik bilan sovitish texnologiyalari kelajakdagi sanoat loyihalarida», – deydi Du.
O‘tgan yilgi g‘olib – Pekin humanoid robototexnika innovatsion markazi tomonidan UBTech bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Tiangong Ultra modeli – marraga 2 soat-u 40 daqiqadan ortiqroq vaqtda yetib kelgandi.
O‘shanda u o‘zining humanoid raqiblaridan ancha o‘zib ketgan, ammo odamdan ikki baravar ko‘p vaqt sarflagan.
Counterpoint Research tadqiqot kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy butun dunyo bo‘ylab humanoid robotlarni yetkazib berishda yetakchilik qilmoqda, 2025 yilda barcha mamlakatlarda faoliyat yuritgan 16 000 ta robotning 80 foizdan ortig‘i ushbu davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.
Hisobotda aytilishicha, Amerikaning yetakchi yetkazib beruvchisi Tesla kompaniyasiga dunyodagi humanoid robotlarning atigi 5 foizi to‘g‘ri keladi.
Xitoyning ichki bozor yetakchilari AgiBot va Unitree o‘tgan yili har biri 5000 donadan ortiq mahsulot yetkazib berdi – bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Unitree ishlab chiqarish quvvatini yiliga 75 000 ta humanoid robotga yetkazmoqchi.
«Robotlarda IQ juda past»
Yuguruvchi robot chiroyli ko‘rinsa-da, ekspertlarning ta’kidlashicha, marafonda namoyish etilgan ko‘nikmalar sanoatda humanoid robotlarni keng joriy etishga yordam bermaydi, chunki bu yerda qo‘llarning chaqqonligi, atrof-muhitni idrok etish va kichik takrorlanuvchi vazifalar doirasidan tashqaridagi qobiliyatlar hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Hozirgi vaqtda Unitree humanoid modellari asosan ilmiy-tadqiqot muassasalari, raqs tomoshalari va xizmat ko‘rsatish sohasida interaktiv gidlar sifatida qo‘llanadi.
Garchi ba’zi robotlar yarim marafonda yugura olsa-da, hatto Xitoyda ham, ekspertlar fikriga ko‘ra, ularni turmushda yoki sanoatda keng joriy etish uchun kamida yana bir necha yil bor.
«Bizning modellarimiz ommalashmayotganining sababi shundaki, robotlarning IQ darajasi juda past. Modellar sifatsiz, ularning muvaffaqiyat ko‘rsatkichlari past. To‘g‘risini aytsam, butun sohaning saviyasi hali juda boshlang‘ich bosqichda... Hozir biz ko‘rayotgan narsalarning ko‘pchiligi – ish niqobi ostidagi raqsdir», – deydi Yuanli Lingji startapi asoschisi Tan Venbin mart oyida Pekinda bo‘lib o‘tgan texnologiya forumida.
Tahlilchilar fikricha, Xitoy robototexnika kompaniyalari humanoidlarga odamlar kabi samarali ishlash imkonini beradigan sun’iy intellekt dasturiy ta’minotini ishlab chiqishda hali ham qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Mavzuga oid
17:59 / 20.04.2026
Sotsialistik lagerdagi bo‘linish - ikki do‘st davlat, Xitoy va Vetnam nega urushgandi?
16:46 / 13.04.2026
CNN: Xitoy Eronga qurol-yarog‘ yetkazib berishga tayyorlanmoqda
18:04 / 12.04.2026
Xabarovsk o‘lkasida xitoylik ishchilar namoyish uyushtirdi
23:16 / 10.04.2026