Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Markaziy Osiyo Ozarboyjon bilan yanada kuchli bo‘ladi” – tahlilchilar bilan suhbat
Toshkentda o‘tgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlari maslahat uchrashuvida Ozarboyjon formatning to‘laqonli a’zosiga aylandi. Kun.uz bilan suhbatlashgan siyosiy tahlilchilarga ko‘ra, Ozarboyjon bilan mintaqa yanada kuchli bo‘ldi. Dialog esa mintaqaviylikdan mintaqalararo qamrovga ko‘chdi. Lekin asosiy maqsad – antirossiya guruhini tuzish emas.
Ozarboyjon oxirgi 3 yilda ketma-ket Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlarida qatnashib keldi. Toshkentda 16 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan asosiy sammitda esa Boku to‘laqonli a’zo sifatida muloqotga qo‘shildi. 2018 yilda faqat Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokida tuzilgan format endi mintaqadan tashqariga ham chiqdi. Kun.uz bilan suhbatlashgan siyosiy tahlilchilar – Aziz Karimov va Shuhrat Rasullarning fikricha, bu juda yaxshi signal. Chunki endi mintaqa ovozi yanada balandroq chiqadi, yanada kuchli bo‘ladi.
“Bu transformatsion davr boshlanganiga signal. Ozarboyjon mintaqa davlatlari uchun Turkiya va u orqali Yevropaga o‘tishiga darvoza. Endilikda Janubiy Kavkaz mintaqasini Markaziy Osiyo bilan birga deb qarash kuchayadi. Ozarboyjon bor infratuzilmasini bu davlatlarga taklif etmoqda”, deydi O‘zbekiston Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti eksperti Aziz Karimov.
Iqtisodchi, siyosiy tahlilchi Shuhrat Rasulga ko‘ra esa masala faqat Ozarboyjonning Markaziy Osiyoga taqdim eta oladigan imkoniyatlarida emas. Ya’ni Boku mintaqaga faqatgina savdo koridorlari va transport-logistika tomonlama takliflari bilan qiziq emas.
“Men e’tiborni prezident Mirziyoyevning maslahatchisi Abdulaziz Komilovning bergan intervyusiga qaratgan bo‘lardim. U yangi geosiyosiy jarayonlar boshlanganini aytdi, mana gapning asosiy boshi qayerda”, deydi Shuhrat Rasul.
Ba’zi siyosatshunoslar Ozarboyjonning oxirgi 1 yilda Rossiya bilan siyosiy tortishuvlari sabab Markaziy Osiyo bilan birlashishini antirossiya xarakteridagi qadam, deya baholadi. Biroq Kun.uz bilan gaplashganlar buni qat’iy rad etmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari nima qilayotganini biladi, ular Rossiyaga qarshi emas, deydi tahlilchilar.
“Biror Markaziy Osiyo davlati Rossiyaga qarshi emas, ular asosiy iqtisodiy sheriklaridan biri bu davlat ekanini biladi. Lekin Markaziy Osiyo tenglik ko‘zi bilan qaralashini xohlaydi”, deydi Shuhrat Rasul.
Aziz Karimov fikricha, “hamma narsani shimoliy qo‘shnimiz bilan bog‘layverish ham to‘g‘ri emas”.
Shuningdek, ekspertlarga ko‘ra, bu formatda hech qaysi davlat gegemon emas. Har bir tomon teng ovoz va huquqqa ega. Dunyoda anarxizm kuchaygan bir sharoitda Markaziy Osiyo “o‘rta derjavalar o‘laroq birlashib, tinch yashash mumkin, degan modelni ilgari surmoqda”.
Turkmaniston – konstitutsiyasiga binoan betaraf davlat. Bu mamlakat urush, mojaro va kelishmovchiliklar doirasida hech qaysi tomonda bo‘lmaydi va bu statusini BMT orqali ham tasdiqlatgan. Xo‘sh, Markaziy Osiyo yaqin kelajakda real integratsion tashkilot tuzadigan bo‘lsa, Ashxobodning qarori qanday bo‘ladi?
Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, bunday formatda bo‘lish avvalo Turkmanistonning ham manfaatlariga mos keladi.
“Turkmaniston uchun hozir eng katta masala – turkman gazini sotish. Kimga sotadi va kim orqali? Qo‘shnilardan o‘tib boradi quvurlar, bu iqtisodiyot uchun o‘ta muhim”, deydi Shuhrat Rasul.
Aziz Karimovning qo‘shimcha qilishicha esa Yevropani Turkiya orqali turkman gazi bilan ta’minlash kabi loyihalar faollashmoqda ekan, Turkmaniston mintaqaviy jarayonlardan o‘zini chetga olmaydi.
Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.
Mavzuga oid
09:01 / 30.12.2025
Ozarboyjon: Ukrainada har ikki tomonda urishganlar jazolanadi
21:36 / 25.12.2025
Qozog‘iston AZAL samolyoti halokati tergovining dastlabki tafsilotlarini oshkor qildi
10:53 / 25.12.2025
Yaponiya Markaziy Osiyoda 3 trillionlik yangi loyihalarni rejalashtirmoqda
14:00 / 24.12.2025