Jamiyat | 15:50 / 22.04.2025
19787
8 daqiqa o‘qiladi

«BAAda o‘limga hukm qilingan o‘zbekistonliklar jazosini yengillatish borasida harakatlar olib borilyapti» – TIV

Turkiyadagi xalqaro advokatlar BMTga, shuningdek, BAA hukumatiga murojaat qilib, ushbu shaxslarga chiqarilgan o‘lim hukmini siyosiy emas, balki yuridik mezonlarga asoslangan holda qayta ko‘rishni so‘radi.

Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan xalqaro advokatlik guruhi – Worldwide Lawers Association (WOLAS) O‘zbekistonning BAAda o‘lim jazosiga hukm qilingan uch nafar fuqarosining xalqaro himoyasi borasida bayonot bilan chiqdi. WOLAS advokatlari sud-tergov jarayonlari shaffof o‘tgani, sud mustaqilligi va O‘zbekiston fuqarolarining huquqlariga rioya qilinganiga shubha bildirmoqda.

Huquqshunoslar BAA Oliy sudining jinoyat ishlari bo‘yicha kollegiyasidan o‘lim hukmini bekor qilib, mazkur ishni siyosiy emas, yuridik mezonlarga asoslangan holda qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan.

Xususan, «ishning maxsus sudda ko‘rilgani – shaffoflik va yetarli darajada yuridik yordam mavjud bo‘lmaganiga, ehtimoliy qiynoqlar orqali olingan iqrorlik, terrorizmga qarshi kurashning ramziy belgisi sifatidagi og‘ir jazo, siyosiy bosimlar va BAA–Isroil munosabatlari iliqlashuvi fonida hukm chiqarilgan» bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qaratilgan. Shuningdek, WOLAS bayonotida xalqaro inson huquqlari normalari, xususan, yashash huquqi, qiynoqlardan himoya va adolatli sud tamoyillari buzilishi muhokama qilingan.

Birlashgan Arab Amirliklari qonunchiligiga ko‘ra, o‘lim jazosi hukmlari ustidan avtomatik ravishda apellyatsiya qilinadi hamda ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun Federal Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha kollegiyasiga yuboriladi. Bundan tashqari, amirlikda har qanday o‘lim jazosini ijro etishda – sud tomonidan tekshirilgandan so‘ng BAA prezidenti imzosi talab qilinadi.

WOLAS O‘zbekiston hukumatini fuqarolarini himoya qilishda faolroq bo‘lishga, BMT organlarini esa holatni tergov qilishga chaqirgan. Advokatlar ushbu murojaatini O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi, BAA adliya va tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha BMT Oliy komissari, Suddan tashqari yoki o‘zboshimchalik bilan qatl qilish bo‘yicha maxsus ma’ruzachi hamda Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma’ruzachiga rasman yuborgan.

Xususan, O‘zbekistonga quyidagilar taklif qilingan:

  • Diplomatik majburiyatlarni bajarish – fuqarolarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va konstitutsiyaviy majburiyatlarini ado etish;
  • Konsullik ishtirokini kuchaytirish – BAA rasmiylari bilan faol muloqot o‘rnatish va konsullik yordamini ta’minlash;
  • Fuqarolarni o‘lim jazosidan himoya qilish – ular uchun barcha qonuniy vositalarni ishga solish orqali jazoni yengillashtirishga harakat qilish.
  • Jiddiy choralar ko‘rish – agar harakatsizlik qilinsa, bu boshqa davlatlardagi o‘zbekistonliklar hayotini xavf ostida qoldirishi mumkinligi ta’kidlangan.

Advokatlar BAA hukumatiga quyidagi takliflarni bergan:

  • O‘lim jazolarini darhol bekor qilish – hukm qilingan uch o‘zbekistonlikka nisbatan;
  • Sud jarayonlarini siyosiy emas, huquqiy mezonlarga asoslangan holda olib borish – ya’ni siyosiy bosim, tashqi aloqalar yoki ramziy ko‘rsatmalardan xoli bo‘lish;
  • Sud mustaqilligini ta’minlash – Federal Oliy Sud tekshiruvini faqat qonun asosida olib borish;
  • To‘liq adolatli sud kafolatlarini ta’minlash – jumladan, malakali yuridik yordam, mustaqil tibbiy ko‘rik, oila bilan uchrashuv imkoniyati;
  • Qiynoqlardan foydalanishga chek qo‘yish – tergov yoki sud jarayonida majburiy iqrorliklar olinmasligi lozim.

BMT va inson huquqlari bo‘yicha organlarga quyidagi chaqiriqlar berilgan:

  • Holatni zudlik bilan tergov qilish – bu ishni o‘rganish va baholash;
  • Uchrashuvlar va murojaatlar orqali bosim o‘tkazish – BMT maxsus hisobotchilari tomonidan BAAga rasmiy murojaat yuborish;
  • Ijro to‘xtatilishini talab qilish – ya’ni Federal Oliy Sud ko‘rib chiqishni tugatmaguncha o‘lim jazosi ijro qilinmasligi kerak;
  • Ushbu ishni yillik tematik yoki mamlakat bo‘yicha hisobotlarga kiritish – ya’ni bu ish xalqaro darajada nazorat ostida bo‘lishi zarur.

Bayonotda WOLAS advokatlar guruhi ushbu 3 kishining rasmiy advokati sifatida ish yuritayotgani haqida yozmagan. Ular xalqaro huquqshunoslar birlashmasi sifatida pozitsiya bildirib, xavotirini ko‘rsatgan. Ular himoyaviy pozitsiyada turib, jazoni bekor qilish, adolatli sud jarayoni, qiynoqsiz tergov va xalqaro nazoratni ta’minlash uchun faol harakatni talab qilmoqda.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, BAAda o‘limga hukm qilingan fuqarolarning jazosini yengillatish borasida diplomatik harakatlar olib borilmoqda.

«Bu masala O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning BAAdagi elchixonasi tomonidan doimiy diqqat markazida turibdi. Huquqiy yordam ko‘rsatish, jazoni yengillatish va vatandoshlarimiz manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur diplomatik va konsullik chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, tegishli huquqiy maslahatlar berish va mahalliy organlar bilan muloqot olib borish ishlari ham amalga oshirilmoqda», – deyiladi TIV Kun.uzʼga taqdim qilgan izohda.

Shuningdek, vazirlik O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish har doim ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolishini bildirdi.

BAAda isroillik ravvinning o‘limi va o‘zbeklar masalasi

Ravvin Tsvi Kogan

2024 yil 21 noyabr kuni BAAning Al-Ayn amirligida Isroil va Moldova fuqarosi, BAA rezidenti bo‘lgan rohib Tsvi Koganning jasadi qotillik alomatlari bilan topildi. BAA Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistonning uch nafar fuqarosini jinoyatda gumonlab qo‘lga olgan. Isroil nashrlariga ko‘ra, «Mossad» gumondorlarni Eron bilan bog‘liq guruhga aloqador deb hisoblamoqda.

2025 yil 30 mart kuni Abu-Dabi Federal apellyatsiya sudi Davlat xavfsizlik palatasi Tsvi Koganni «terrorchilik niyatida qasddan o‘ldirishda aybdor», deb topilgan o‘zbekistonliklarni o‘lim jazosiga hukm qildi.

Ayblanuvchilarga yordam bergan to‘rtinchi sudlanuvchi esa umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Vafotidan keyin uning jasadi BAAdan deportatsiya qilinadi. Ushbu shaxs qaysi davlat fuqarosi ekani ochiqlanmagan.

Amirlik ichki ishlar vazirligi o‘zbekistonliklarning ism-shariflarini ochiqlagan: Olimboy Tohirovich (29 yosh), Mahmudjon Abdurahim (29 yosh) va Azizbek Komilovich (34 yosh).

Ushbu holat ortidan O‘zbekiston fuqarolarining BAAga kirishi, mehnat faoliyati va viza olishida ko‘plab muammolar kuzatilmoqda. Xususan, o‘tgan yili 25 noyabr kuni O‘zbekistonning Dubayda mehnat qilayotgan bir guruh fuqarolari politsiya tomonidan olib ketilgandi. Keyinroq ularning ayrimlari qo‘yib yuborilgani, ayrimlari deportatsiya qilingani hamda yana 5 kishiga nisbatan jinoiy ish ochilgani ma’lum bo‘ldi.

2024 yil 26 noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Isroil elchisi bilan uchrashib, O‘zbekiston hukumati tergov jarayonlarida BAA va Isroil idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini bildirgandi.

Mavzuga oid