O‘zbekistonda so‘nggi yillar Islom moliyaviy muassasalarini rivojlantirish borasida salmoqli ishlar qilinmoqda. Xususan, banklarda islomiy darchalar va mikromoliya tashkilotlari ochilmoqda. Bundan tashqari, Islomiy banklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun zamin bo‘ladigan qonunchilik ishlab chiqilmoqda. Quvonarli tarafi, bunday ishlar prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanib, soha rivoji uchun alohida e’tibor ajratilmoqda.

Kun.uz muxbiri – Islom moliyasi bo‘yicha AAOIFI sertifikati sohibi, Madina Islom universiteti magistranti Mahmud Usmon hamda Toshkent davlat yuridik universiteti “Biznes huquqi” kafedrasi mudiri, yuridik fanlari doktori Husayn Rajabov bilan suhbatlashdi. Mutaxassislar Islom moliya tizimi va uning dunyo iqtisodidagi o‘rni, O‘zbekistonda Islomiy banklar ochish, qonunchilikda kutilayotgan o‘zgarishlar haqida so‘z yuritadi va ularga o‘z tavsiyalarini berdi.

— Islom moliyasi o‘zi nima? Islom moliyasi deganda, nimani tasavvur qilish kerak?

Mahmud Usmon:

— Islom moliyasiga kengroq va torroq ma’noda qarash mumkin. Kengroq olganda, har qanday jismoniy va yuridik shaxslarning moliyaviy munosabatlari, har qanday moddiy qiymatga ega bo‘lgan narsalar kiradi. Torroq ma’noda investitsiyani yaratish va o‘rganishdagi asoslarning islomiy qoidalarga qurilishi Islom moliyasi bo‘ladi. Bir narsani e’tiborga olish kerak. Islom moliyasi yangi paydo bo‘lgan muqobil emas, balki o‘ziga qadar mavjud bo‘lgan moliyaviy jarayonlarning xatosini to‘g‘riladi, xolos. Masalan, tijoratda nizoga olib boruvchi majburlik elementi, ribo bilan bog‘liq masalalar bor edi. Islom mana shu munosabatlarni to‘g‘riladi. Ya’ni taqiqlangan elementlardan tozalangan shakldir.

— Hozirgi vaqtda dunyo iqtisodiyotida Islom moliyasining o‘rni va u qanday o‘sib boryapti?

Husayn Rajabov:

— Islom moliyasi rivojlanish tarixi 40-45 yilni o‘z ichiga oladi. Lekin shunga qaramasdan, hozir Islom moliyasining aktivlari 4 trln dollarga yetgan. To‘g‘ri, global moliyaviy tizimda bu 2 foizni tashkil etadi, lekin qisqa vaqt ichida rivojlanish tez bo‘lyapti. Hozirda islom moliyasining yillik o‘sishi 15-20 foizni tashkil etyapti. Butun dunyoda 500 dan ortiq islomiy banklar faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari boshqa moliyaviy tashkilotlar 2 mingga yaqin. Nafaqat islomiy davlatlar, balki nomusulmon bo‘lgan Yaponiya, AQSh, Angliya kabi davlatlarda islomiy banklar bor.