Namanganda xususiy banklar va islom moliyaviy xizmatlarini yo‘lga qo‘yishga imkoniyat yaratiladi
O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev namanganlik saylovchilar bilan uchrashuvda tadbirkorlik sohasini qo‘llab-quvvatlashni yanada rivojlantirishga oid o‘zining saylovoldi rejalari bilan bo‘lishdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Xususan, mamlakatimizga chet el banklarini olib kirish, yangi xususiy banklarni ochishni rag‘batlantirish hamda depozitlarni kengaytirish hisobiga kreditlar uchun resurs bazasi keskin oshirilishi ta’kidlandi.
“Namanganlik tadbirkorlar xususiy bank ochish tashabbusi bilan chiqsa, biz albatta ularni qo‘llab-quvvatlaymiz. Tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning muqobil tizimlari joriy qilinadi. Jumladan, Namanganda Islom moliyaviy xizmatlariga keng yo‘l ochib beriladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Aholini o‘qitib, ularni ish bilan ta’minlagan tadbirkorlarga ham qo‘shimcha imtiyozlar beriladi. Bunday tadbirkorlarni rag‘batlantirish uchun 2030 yilga qadar yana 6 milliard dollar mablag‘ ajratiladi. Bu dastur doirasida, qiymati 50 milliard so‘mdan yuqori loyiha tashabbuskorlariga infratuzilma xarajatlari to‘liq qoplab beriladi (hozir – 200 milliard so‘m).
Shuningdek, ushbu tadbirkorlar:
- kamida 20 foiz kambag‘al oila a’zosini bir yil davomida ish bilan ta’minlaganda mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi;
- “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan fuqarolarni ishga qabul qilsa, ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravarga kamaytiriladi;
- barcha soliqlarni bir yilgacha kechiktirib to‘lashlari mumkin bo‘ladi;
- faoliyatiga doir soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi.
“Bundan buyon ham tadbirkorlar o‘z faoliyatini dadil kengaytirishi uchun biznesga noqonuniy aralashuvlarga to‘liq barham berish va soliq tizimini yanada soddalashtirish islohotlarimizning asosiy tamoyili bo‘lib qoladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Biznesga noqonuniy aralashgan, tadbirkorning mulkiga daxl qilgan shaxsga jazo muqarrar bo‘ladi, rahbari esa ishdan ketadi.
Nomzodga ko‘ra:
- qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish shartlari 15 tadan 5 taga qisqartiriladi;
- 107 ta davlat xizmati bo‘yicha to‘lovlar miqdori 2 baravar qisqartiriladi;
- 10 million so‘mdan yuqori soliq sanksiyalari faqat sud tartibida amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
18:11 / 12.12.2024
Mato ishlab chiqarish va bo‘yash korxonalari qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanadi
19:53 / 11.12.2024
Toshkentda Yunusobod dehqon bozori o‘rnida uch qavatli ekobozor quriladi
19:47 / 11.12.2024
Mirziyoyev va Putin ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi
15:25 / 06.12.2024