Jahon | 20:43 / 04.04.2023
37684
9 daqiqa o‘qiladi

«Ishq shahri». Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlari nomi qanday ma’noni bildiradi?

Markaziy Osiyo qadimiy shaharlarga boy mintaqa. Bu yerda tarixi ming yillarga borib taqaluvchi Samarqand, Buxoro, Xiva va Turkiston kabi shaharlar mavjud. O‘lkadagi har bir shahar nomi o‘ziga xos ma’noga ega. Uzoq tarix sabab ular so‘g‘dcha, forscha, mo‘g‘ulcha, turkiycha va yana o‘nlab tillardagi nomlar bilan atalgan. Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining asosiy siyosiy va iqtisodiy markazlari hisoblanuvchi boshkentlar nomlari etimologiyasi qanday? Ular qaysi tilga borib taqaladi?

Toshkent — «tosh shahar»

Toshkent shahri Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlari orasida eng qadimiysi bo‘lib, uning tarixi milodiy I-II asrlarga borib taqaladi. Boshkentning hozirgi nomi, ya’ni Toshkent nomining ma’nosi juda murakkab emas.

Toshkent. 1957 yil

Mashhur turkiyshunos Mahmud Qoshg‘ariyning aytishicha, bu nom turkiycha «tash/tosh» va so‘g‘dcha «kent» – «qo‘rg‘on», «shahar» so‘zlaridan tashkil topgan bo‘lib, «tosh qo‘rg‘on» yoxud «tosh shahar» ma’nosini bildiradi.

Biroq Toshkentning eng qadimgi nomi Choch biroz boshqacharoq tarixga ega. «Choch» yoxud «Chochanap» toponimi miloddan avvalgi birinchi ming yillikda paydo bo‘lgan va o‘sha davrdagi mahalliy aholi tilida «tog‘» va «tosh» ma’nolarini bildirgan. «Chochanap» yoxud «Chachanap» nomi Chirchiq (Obi Choch) va Ohangaron daryolari oralig‘ida joylashgan vodiyga nisbatan ishlatilgan. Keyinchalik bu yerda vujudga kelgan shahar Choch nomini olgan.

Choch vodiysida so‘g‘dlar ko‘payishi bilan Choch shahri Chochkat, Chochtepa, Chochkent deb atala boshlangan.

VIII asrda Markaziy Osiyoga kirib kelgan arablar Chochni «Shosh» deya nomlagan. Chunki arab alifbosida «ch» harfi yo‘q edi. Shu tariqa, shaharning «Shoshkent» nomi paydo bo‘ladi.

X-XI asrlarda Markaziy Osiyoda turkiy xalqlar ta’siri kuchayishi bilan Shoshkent turkiy tilga tarjima qilinib, «Toshqand» deb nomlanadi. Bunda shahar nomlanishida qadimgi «choch» so‘zining «tosh» ma’nosi asos qilib olinadi.

Biroq XVI asrgacha Toshkentning turli nomlari (Choch, Shosh, Binkat) birday qo‘llanib kelinadi va faqatgina shu davrdan boshlab Toshkent nomi boshqa nomlarni deyarli to‘liq siqib chiqaradi.

1930 yilda, Buxoro va Samarqanddan keyin O‘zbekiston davlati poytaxtiga aylangan Toshkent shahri Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari poytaxtlaridan farqli o‘laroq, SSSR davrida nom o‘zgartirilishiga uchramaydi.

Ostona — «poytaxt»

Qozog‘iston poytaxti o‘tgan asrning 30-yillaridan shaharga aylana boshlagan. O‘sha paytlarda bu shahar Oqmola deb atalgan va unda ikki mingdan sal ko‘proq kishi istiqomat qilgan.

Oqmola.1907 yil

«Oqmola» nomining so‘zma-so‘z tarjimasi «oq qabr» ma’nosini bildiradi. Hududning bunday nomlanishi Oqmoladan ko‘plab karvon yo‘llar o‘tgani va ularga jung‘orlarning muttasil hujum qilgani bilan izohlanadi.

Boshqa bir taxminga ko‘ra, Oqmola savdo yo‘lida joylashgani bois bu yerda juda ko‘p sut mahsulotlari (qimiz, qimron va hokazo) sotilgan va shu sabab hudud «oqmo‘la», ya’ni «oq mo‘l-ko‘lchilik» deb atalgan.

Ba’zi qozoq tarixchilari esa «Oqmola» so‘zi «muqaddaslarning muqaddasi» ma’nosini berishini ta’kidlaydi.

1961 yilda shahar nomi Tselinogradga o‘zgartirilgan va mustaqillikdan so‘ng, 1992 yilda yana asl nomiga qaytarilgan.

1998 yilda Qozog‘iston respublikasi poytaxti Olmaota shahridan Oqmola shahriga ko‘chiriladi. Shu munosabat bilan Oqmola shahri nomi Ostona deb o‘zgartiriladi. «Astana» so‘zi esa qozoq tilida «poytaxt» ma’nosini bildiradi. Shunday qilib, qo‘shnilarimiz yangi poytaxtning statusini mustahkamlash va ta’kidlash uchun ham unga shunchaki «poytaxt» nomini bergan.

Bishkek — «qimiz tayog‘i»

Zamonaviy Bishkek shahri poydevori bo‘lmish Pishpek qal’asi 1825 yil Qo‘qon xoni Madalixon buyrug‘i bilan bunyod qilingan. Bishkek shahri nomi Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlari orasida eng munozaralisi hisoblanadi.

Pishpek. XX asr boshlari

Asosiy taxmin, qimiz tayyorlovchi tayoq – «bishkek» ustiga qurilgan. Bishkek shahri hokimligi rasmiy saytida poytaxt nomining paydo bo‘lishi quyidagicha hikoya qilinadi.

«Qadimgi Chuy vodiysi serhosil va go‘zal tabiatga ega bo‘lgan. Bu yerdan ko‘plab savdo karvonlari o‘tgan. Biroq vodiyga tez-tez bosqinchilar hujum qilib turgan. O‘sha paytlarda mahalliy aholi tog‘larga qochib chiqishga majbur bo‘lgan.

Shunday hujumlardan birida bir botirning homilador ayoli qimiz tayyorlovchi tayog‘i — bishkekni yo‘qotib qo‘yadi. Ayol tayoqni qidira boshlaydi va asabiylashib, to‘lg‘oq tutadi. Tug‘ilgan chaqaloqqa qirg‘iz xalqi ramzlaridan biri bo‘lmish qimiz tayog‘i sharafiga Bishkek ismini berishadi. Bishkek kuchli va mard yigit bo‘lib yetishadi.

Bishkek vafot etgach qarindoshlari unga atab gumbazli maqbara quradi va bu yerlar Bishkek deb atala boshlanadi».

Lekin bu versiya shaharning eski nomi — Pishpekka mos kelmaydi.

Ikkinchi taxmin esa mashhur qirg‘iz qahramoni Manasning Bishkek ismli botiriga bog‘lanadi.

Ba’zi qirg‘iz olimlari Bishkekni ikki so‘zdan tashkil topgan deb hisoblaydi: «pish» – «besh» va «pek» – «tepalik», ya’ni «besh tepa».

Boshqa bir qarashga ko‘ra esa, Bishkek nomi «besh» va «bek» (ya’ni «besh bek») so‘zlaridan tashkil topgan.

Bishkek shahri SSSR davrida Frunze deb nomlangan.

Hozirgacha bu shahar nomi qanday paydo bo‘lgani haqida aniq va yakdil fikr yo‘q.

Dushanbe — «dushanba bozori»

Manbalarda Dushanbe qishlog‘i haqidagi ilk qaydlar XVIII asr ikkinchi yarmidan boshlab uchraydi.

Dushanbe. 1937 yil

Dushanbe qishlog‘i Hisor vodiysidagi karvon yo‘llari chorrahasida joylashgan va bu yerda har dushanba kuni katta bozor bo‘lgan. Shu sabab bu bozor «Dushanba bozori» deb atalgan va u keyinchalik joy nomiga aylangan (masalan, Jumabozor, Yangibozor kabi).

Buxoro amirligi davrida Dushanbe Hisor bekligining muhim shaharlaridan biri bo‘lgan, shaharda 10 mingdan ortiq kishi istiqomat qilgan.

Tojikiston ASSR tashkil topgach, Dushanbe Tojikiston poytaxti bo‘lish uchun Qoratog‘ shahri bilan raqobat qilgan. Qoratog‘ shahrida aholi ko‘proq bo‘lgan (Xo‘jand bu paytda O‘zbekiston SSR tarkibida edi), ammo kommunistik uslubdagi yangi shahar qurish rejasi sabab poytaxt sifatida Dushanbe tanlangan.

1924-1929 yillarda shahar Dyushambe deb atalgan, 1929 yilda esa shaharga Stalinobod nomi berilgan. 1961 yilda shahar nomi yana Dushanbega o‘zgartirilgan.

Ashxobod — «ishq shahri»

Ashxobod nomi manbalarda XVIII- XIX asrlardan uchray boshlaydi.

Ashxobod. 1955 yil

Shahar nomi forscha «eshq» – «ishq», «sevgi» va «obod» – «shahar» so‘zlaridan tashkil topgan. Ya’ni Ashxobod nomi «ishq shahri» ma’nosini bildiradi.

Ashxobod 1881 yilgi Eron-Rossiya shartnomasi doirasida Rossiya imperiyasi tarkibiga o‘tgan va ruscha talaffuzga assimilyatsiya qilinib, Asxobod deb atalgan.

1919-1927 yillarda esa sovet an’anasiga ko‘ra, shaharga ruscha Poltoratsk nomi berilgan.

Shahar 1927 yildan yana Ashxobod deb atala boshlangan va mustaqillikdan so‘ng turkman tilidagi shakliga mos ravishda Ashgabat deb qayta nomlangan.

Shunday qilib, Ashgabat Markaziy Osiyo mamlakatlari poytaxtlari orasida romantik nomga egaligi bilan ajralib turadi.

Muhammadqodir Sobirov tayyorladi

Mavzuga oid