Jahon | 20:35 / 05.08.2025
9075
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh 5 ming dollardan 15 ming dollargacha garov evaziga viza berish dasturini ishga tushiradi

Ushbu dastur viza muddatini o‘tkazib yuboradigan sayyohlarga qarshi kurashishga qaratilgan.

Foto: Getty images

AQSh ba’zi mamlakatlardan kelgan sayyohlar va ishbilarmon sayohatchilar viza rasmiylashtirganda 5 ming dollardan 15 ming dollargacha garov to‘lashi kerak bo‘ladigan sinov dasturini ishga tushirmoqda. Bu haqda Reuters Davlat departamenti xabariga tayanib yozdi.

Ushbu dastur viza muddatini o‘tkazib yuboradigan sayyohlarga qarshi kurashishga qaratilgan.

Dastur AQSh konsullik xodimlariga o‘z xohishiga ko‘ra muddati o‘tgan vizalar darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlardan kelganlardan garov undirish huquqini beradi. Garov, shuningdek, tekshiruv va skrining ma’lumotlari yetarli emas deb hisoblangan mamlakatlardan kelganlarga nisbatan ham qo‘llanishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, 20 avgustdan kuchga kiradigan yangi viza dasturi taxminan bir yil davom etadi. Konsullik xodimlariga viza talabgorlari oldiga uchta shartdan birini qo‘yish imkoniyati beriladi: 5 ming, 10 ming yoki 15 ming AQSh dollari, ammo odatda kamida 10 ming AQSh dollari talab qilinishi kutilmoqda.

Agar sayohatchilar viza shartlariga muvofiq vataniga vaqtida qaytib ketsa, mablag‘lar ularga qaytariladi.

Shunga o‘xshash tajriba 2020 yil noyabr oyida Trampning birinchi prezidentlik muddatining so‘nggi oylarida boshlangan, biroq pandemiya tufayli dunyo bo‘ylab sayohatlar qisqargani sababli to‘liq amalga oshirilmagan edi.

Respublikachilar nazorati ostidagi AQSh Kongressi tomonidan iyul oyida qabul qilingan choraga ko‘ra, noimmigratsiya vizasi ma’qullanganlar uchun 250 AQSh dollari miqdorida «viza yig‘imi» joriy etiladi. Ushbu yig‘im viza qoidalariga rioya qilganlarga ehtimol qoplab berilishi mumkin. 250 AQSh dollari miqdoridagi yig‘im 1 oktyabrdan kuchga kiradi.

Mavzuga oid