Jahon | 18:53 / 01.01.2026
4787
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng yirik investori Uorren Baffet lavozimini tark etadi

95 yoshli milliarder Berkshire Hathaway kompaniyasi rahbarligini topshiradi.

Foto: AP

Investor Uorren Baffet Berkshire Hathaway investitsiya kompaniyasi bosh direktori lavozimini tark etmoqda, deb xabar berdi NBC News.

Kompaniyaning yangi bosh direktori ilgari energetika bo‘limini boshqargan 63 yoshli Greg Abel bo‘ladi.

Berkshire Hathaway boshqa korxonalarni sotib oladigan va boshqaradigan yirik Amerika kompaniyasidir. U 1839 yilda to‘qimachilik fabrikasi sifatida tashkil etilgan, ammo Baffet uni investitsiya gigantiga aylantirdi.

Berkshire Hathaway BNSF temir yo‘l kompaniyasi, Geico sug‘urta kompaniyasi, shuningdek, mashhur brendlar: See’s Candy, Benjamin Moore, Duracell, Fruit of the Loom, Oriental Trading, Dairy Queen va Helzberg Diamonds kabi turli sohalardagi kompaniyalarga egalik qiladi yoki yirik ulushlarga ega.

95 yoshli Uorren Baffet - dunyodagi eng taniqli va muvaffaqiyatli investorlardan biri. U o‘zining uzoq muddatli investitsiya strategiyasi bilan shuhrat qozondi va ko‘p yillar davomida eng boy odamlar qatoriga kirdi. Uning boyligi o‘nlab milliard dollarga baholanadi.

2024 yilda Berkshire Hathaway kapitallashuvi 1 trillion dollardan oshgan texnologiya sohasidan tashqaridagi birinchi Amerika kompaniyasiga aylandi. Uorren Baffet The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida vafotidan keyin to‘plagan boyligi uch nafar farzandi tomonidan boshqariladigan yangi xayriya jamg‘armasiga yo‘naltirilishini aytgan. Jamg‘arma mablag‘lari «omadi kelmagan» odamlarga yordam berishga yo‘naltiriladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid