O‘zbekiston | 16:39 / 10.06.2023
24515
8 daqiqa o‘qiladi

«Doim kimlargadir rad javobi beriladi» – AQSh elchisi sayyohlik va talaba viza bo‘yicha arizalarning teng yarmi nima uchun rad etilishiga izoh berdi

Foto: Videodan kadr

Amerika Qo‘shma Shtatlarining mamlakatdagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henikning Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida 2022 yilda turistik va ishbilarmonlik vizasi so‘rab murojaat qilgan o‘zbekistonliklarning 47 foiziga nima uchun rad javobi berilgani, AQShga noqonuniy yo‘llar bilan borishning oqibatlari, qaysi turdagi vizalar ushbu mamlakatda ishlash huquqini berishi haqida so‘z boradi.

2022 yilda AQShning Toshkentdagi elchixonasi o‘ziga murojaat qilgan O‘zbekiston fuqarolarining 47,04 foiziga B toifali vizalar (sayyohlik va ishbilarmonlik vizalari) berishni rad etgan. Bu haqda AQSh Davlat departamenti hisobotida aytiladi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida 2-o‘rinni egallagan, hatto Turkmaniston fuqarolari ham o‘zbekistonliklardan ko‘proq viza olishgan.

“Men vizalar sonini qiyoslashdan tiyilaman, chunki boshqa davlat fuqarolariga berilgan vizalar statistikasidan bexabarman. Sizga shuni aytishim mumkinki, 2022 yilda koronavirus pandemiyasi kuzatilgan yillarga nisbatan ko‘proq viza talabgorlari bilan suhbat o‘tkazdik va 2019 yildagiga qaraganda 2022 yilda ancha ko‘p viza ajratdik.

Bilasizki, pandemiyadan keyin elchixonamiz ayni paytga kelib to‘liq ish rejimiga qaytgan va har qachongidan ko‘proq odamlarni suhbatdan o‘tkazmoqdamiz. Viza talabgorlari har qachongidan ham ko‘payib boryapti va bu har yili ko‘pdan ko‘p odamlar – ular talaba bo‘ladimi yoki tadbirkor, bundan qat’i nazar AQShga intilayotganining ijobiy belgisi hisoblanadi. Biz manfaatlarimiz yo‘lida imkon qadar ko‘proq aloqalar o‘rnatgan holda Qo‘shma Shtatlarga imkoniyatlarimiz darajasida ko‘proq sayohat qilishni rag‘batlantirishni istaymiz. Afsuski, viza talabgorlarining barchasiga viza berishning iloji yo‘q va doim kimlargadir rad javobi beriladi.

Kimgadir viza berilgan taqdirda ham biz ushbu shaxs haqiqatan ham Qo‘shma Shtatlarga qonuniy yo‘l bilan boradimi yoki, yo‘q, buni bilmaymiz. U o‘z vizasi muddatini uzaytirishni so‘rab murojaat qilishi ham mumkin. Agar AQShga borgan shaxs mamlakatda bo‘lish huquqini beruvchi viza muddatini uzaytirishni so‘rab murojaat qilgudek bo‘lsa, AQSh hukumatidan bu haqda bizga xabar kelib tushadi. Bu esa bizga kim Qo‘shma Shtatlarda qonuniy asosda sayohat qilayotganini, kimlar esa katta ehtimol bilan AQShga noqonuniy faoliyat uchun borayotganini yaxshiroq tushunish imkonini beradi”, deya ta’kidlagan elchi.

Jonatan Henik, shuningdek, AQShga noqonuniy borishga urinayotgan o‘zbekistonliklar masalasiga ham to‘xtalgan.

“So‘nggi oylarda O‘zbekistonning ko‘plab fuqarolari Meksika orqali AQShga noqonuniy kirib borishga urinayotgan holatlardan xabarimiz bor. Ular bu yo‘l orqali Disney Lendda aylanib kelish uchun borishyapti deb o‘ylamayman. Ular Qo‘shma shtatlardagi iqtisodiy imkoniyatlardan xabardor bo‘lgani, ammo qonuniy yo‘l bilan bu yerga kelisha olmagani uchun bunga qo‘l urishyapti va bu bugungi reallik.

Chunki bu yerda iqtisodiy ahvol juda murakkab. Millionlab o‘zbeklar oilalarini boqish uchun Rossiyada ishlayotganini bilamiz. Bunday vaziyatda O‘zbekiston fuqarolarining AQSh va boshqa davlatlardan iqtisodiy imkoniyatlar izlashi tabiiy hol. Ammo AQSh Kongressi tomonidan zimmamizga yuklatilgan majburiyatga ko‘ra, sayyohlik yoki talaba vizasi bilan Qo‘shma Shtatlarga bormoqchi bo‘lganlar qonuniy yo‘l bilan mamlakatimizga borib-kelishiga [ya’ni aynan sayohat qilish va o‘qish uchun borayotganiga – tahr.] ishonch hosil qilishimiz kerak. Shu sababli kimdir viza olish uchun murojaat qilsa, ammo AQShga sayyoh sifatida bormoqchi bo‘layotgan bu shaxsning asl niyati boshqacha ekani bizga ma’lum bo‘lsa, afsuski, qonun bo‘yicha unga viza berishni rad etishga majburmiz.

AQSh bilan chegaradosh mamlakatlar orqali mamlakatimiz chegarasini noqonuniy ravishda kesib o‘tishga uringan va qo‘lga tushgan o‘zbekistonliklarning aniq soni haqida ma’lumotga ega emasman. O‘ylashimcha, mingga yaqin holatlar aniqlangan. Ochig‘ini aytganda, bu juda xavfli yo‘l. Men shunday xayolda yurganlarni bu qarordan voz kechishga chaqirgan bo‘lardim. Chunki ular Meksika yoki boshqa davlat orqali AQSh hududiga olib o‘tib qo‘yishni va’da qiluvchi, ammo so‘zining ustidan chiqolmaydigan jinoyatchilar tuzog‘iga tushib qolishi mumkin, bu esa juda xavflidir. Qolaversa, katta xarajat evaziga sizni ortga qaytarib yubormasliklari uchun hech qanday kafolat yo‘q. Shu sababli odamlarga Qo‘shma Shtatlarga kelish uchun noqonuniy yo‘llarni izlamaslikni maslahat bergan bo‘lardim”, deydi AQShning mamlakatdagi favqulodda va muxtor elchisi.

Diplomat grin-kartada g‘olib bo‘lish, mahalliy biznes egasining homiyligi yoki AQShdagi universitet talabasi bo‘lish orqali ham ushbu mamlakatda ishlash huquqini qo‘lga kiritish mumkinligini eslatgan.

“Ko‘plab o‘zbeklar bilishadiki, so‘nggi yillarda grin-karta yutgan fuqarolarining soni bo‘yicha O‘zbekiston so‘nggi yillarda TOP to‘rtta yoki beshta mamlakatdan biri bo‘lib qolmoqda. Bu AQShga borish va imkoniyatlarini yuzaga chiqarishning qonuniy yo‘li hisoblanadi. Buning yana boshqa yo‘llari ham bor. Masalan, Qo‘shma Shtatlardagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan talabalar ham vizasida ko‘rsatilgan muddat oxirigacha ma’lum vaqt davomida ishlash huquqiga ega. AQSh sub’yekti hisoblangan tadbirkor yoki kompaniya siz uchun homiylikni zimmasiga olishi orqali ham mamlakatimizda qonuniy ishlashingiz mumkin bo‘ladi”, deya ta’kidlagan Jonatan Xenik.

Avvalroq Kun.uz’ga murojaat qilgan o‘zbekistonliklar DV-2023 dasturida g‘olib bo‘lishgani, biroq AQShning Toshkentdagi elchixonasi g‘oliblarni intervyuga chaqirish masalasiga sustkashlik bilan yondashayotgani, faqat dushanba kuniga belgilanayotgan suhbatlar ko‘p marta bayram sanalariga to‘g‘ri kelgani ortidan kuyib ketgani, O‘zbekistonga kelib AQSh elchixonasiga viza olish uchun murojaat qilganlarni deb suhbatga kira olmayotganidan shikoyat qilishgandi.

Suhbatdoshlar iyun oyiga atigi 90 ta, iyulga esa 99 ta keys bo‘yicha suhbat belgilangani, boz ustiga, negadir asosan kichik raqamli keyslar suhbatga chaqirilayotgani, hozirgacha g‘oliblarning atigi 44 foizi suhbatga chaqirilgani, dedlayn (30 sentabr)gacha katta keyslarga navbat yetib ham kelmasligidan xavotirlarini bildirishgandi.

Vatandoshlar elchixona suhbat o‘tkaziladigan kunlarni ko‘paytirishi, dushanba kunlari o‘tkazilmay qolgan intervyu kunlarini kompensatsiya qilib berishi hamda suhbatga chaqiriluvchilar limitini oshirishi shart degan fikrda.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi Konsullik bo‘limi o‘zbekistonliklarning shikoyatlariga munosabat bildirib, ko‘rib chiqilayotgan DV keyslarning soni oydan oyga farq qilishi, yoz oylarida o‘zbekistonlik talabalarga ko‘proq viza rasmiylashtirishga ustuvorlik berilishini ma’lum qilgandi

Mavzuga oid